Xitoy Xalq Respublikasi mamlakatimizga navbatdagi insonparvarlik yordamini jo‘natdi. Xitoy harbiy aviatsiyasi tomonidan Islom Karimov nomidagi Toshkent xalqaro aeroportiga olib kelingan tibbiyot vositalari O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi mutasaddilari tomonidan qabul qilib olindi.

Koronavirus pandemiyasi sharoitida dunyo hamjamiyatida do‘stona aloqalar, xayrixohlik munosabatlari yanada chuqurroq ildiz otmoqda. Xitoy Xalq Respublikasi tomonidan O‘zbekis­ton Mudofaa vazirligiga taqdim etilgan beg‘araz yordam ham ana shu fikrning yana bir isbotidir. Xitoy harbiy samolyoti bortida jami 2,5 tonnaga yaqin 13 turdagi tibbiyot vositasi olib kelindi. Ular asosan yuqumli kasalliklardan himoyalovchi tibbiyot niqoblari, ko‘zoynaklar, maxsus kiyimlar, masofadan turib tana haroratini o‘lchovchi termometr, dezinfektsiyalovchi apparat kabi eng zarur buyum va vositalardan tashkil topgan. Mazkur insonparvarlik yordamining umumiy miqdori 2 million Xitoy yuaniga, ya’ni 2 milliard 870 million so‘mga yaqin.

Islom Karimov nomidagi Toshkent xalqaro aeroportida mazkur insonparvarlik yordamini topshirish marosimida Xitoy Xalq Respublikasining O‘zbekistondagi favqulodda va muxtor elchisi Tszyan Yan, Xitoy Xalq Respublikasining O‘zbekistondagi harbiy attashesi katta polkovnik Syuy Chanchji yildan yilga rivoj­lanib borayotgan O‘zbekiston – Xitoy aloqalari birinchi navbatda ikki davlat rahbarlarining oliy darajadagi uchrashuvlarining samarasi ekanini ta’kidladi.

– Xitoy va O‘zbekiston o‘rtasidagi xalqaro hamkorlik hozirgi epidemiya davrida ikki xalqning bir-biriga o‘zaro ko‘mak berishga doim tayyorligini ko‘rsatdi, – deydi Xitoy Xalq ­Respublikasining mamlakatimizdagi favqulodda va muxtor elchisi Tszyan Yan. – Xitoy xalqi karantin qoidalarini hisobga olgan holda, qiyin va sinovli damlarda ham epidemiyaga qarshi kurashda maxsus samol­yot orqali o‘zbek xalqiga o‘z vaqtida zarur insonparvarlik yordamini etkazgani bunga yaqqol misoldir. Ulug‘ mutafakkir Alisher Navoiy aytganidek, do‘sting uzoqda bo‘lsa ham, ko‘ngli yaqin bo‘ladi. Ta’kidlash kerakki, ikki mamlakat o‘rtasida barcha jabhalarda har tomonlama mustahkam, do‘stona aloqalar yo‘lga qo‘yilgan. Prezident Shavkat ­Mirziyoev rahnamoligida amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar, Xitoy Xalq Respublikasi Qurolli Kuchlari tomonidan keltirilgan mazkur ko‘mak o‘zbek xalqining pandemiyadan tezda qutulib, odatdagidek faol hayot tarziga qaytishi va dadil oyoqqa turishiga muayyan darajada xizmat qiladi. Biz birgalikda, albatta, bu virus ustidan g‘alaba qozonamiz.

Muxtasar aytganda, Xitoy tomonidan jo‘natilgan ushbu insonparvarlik yordami ikki mamlakat o‘rtasida asrlar osha rivojlanib kelgan do‘stlik aloqalarining bugun ham jadal sur’atlarda davom etayotganining ifodasidir.

Dilshod RO‘ZIQULOV