Bugungi pandemiya sharoiti butun dunyoga o‘z ta’sirini o‘tkazib kelmoqda.  Bu ta’sir nafaqat iqtisodiy,  ijtimoiy tarmoqlarda,  balki dunyo Qurolli Kuchlarida ham sezilayotir.

Rejalashtirilgan o‘quv mashg‘ulotlari ortga surilyapti yoki bekor qilinyapti,  harbiy sanoatdan katta daromad ko‘radigan davlatlar byudjetidagi raqamlar sonida qisqarish,  shaxsiy tarkibning kattagina qismi koronavirusga qarshi kurashga jalb etilgan. . .  Xullas,  bugungi dunyo armiyasi manzarasi shu va shunga yaqin ranglar orqali tasvirlanyapti.  Markaziy harbiy okrug shaxsiy tarkibining bir guruh vakillari ham bugungi kunda Sardoba tumanida xalqqa madad bo‘lmoqda.

Ayonki,  jangovar saflarda xizmat olib borayotgan yurt o‘g‘lonlarining vazifasi – har qanday sharoitda ham ona Vatanni himoya qilish.  Chu ma’noda bugungi murakkab vaziyatda ham Qurolli Kuchlar tizimidagi jangovar tayyorgarlik ishlari sanitariya-gigiena talablariga qat’iy rioya qilingan holda reja asosida olib borilayotir.  

O‘zbekistondagi eng katta poligon – Markaziy harbiy okrugga qarashli «Kattaqo‘rg‘on» dala-o‘quv maydonida ilk bor D-30 artilleriya stvoli ichiga o‘rnatilgan 14. 2 mm. li qurol sinovdan o‘tkazildi.

Odatda D-30 artilleriya qurolidan 122 mm. li snaryad otiladi.  Kattaqo‘rg‘on garnizoni harbiy xizmatchilari tomonidan bu galgi tungi va kunduzgi otish mashg‘ulotlarida 14. 2 mm. li qurol ham sinab ko‘rildi.  Natija kutilganidek bo‘ldi:  ketma-ketlikda otilgan yonuvchi va zirhteshar o‘qlar nishonlarga to‘liq talafot etkazdi.

Ushbu quroldan artilleriyachilar bo‘linmasiga yangi qabul qilingan yosh harbiy xizmatchilar foydalanishi ko‘zda tutilgan.  Yosh artilleriyachilar qisqa muddat ichida yangi qurolda malaka oshirgach,  122 mm. li quroldan otishga o‘tadi.

Islomjon QO‘ChQOROV,

«Vatanparvar»