Ikkinchi jahon urushidan keyin Turkiya jiddiy va juda murakkab geosiyosiy tanlovga ro‘baro‘ keldi. Germaniya uzil-kesil tor-mor etilgan, jahon va Evropa sinfiy-mafkuraviy qadriyatlarga ko‘ra ikkita qarama-qarshi lagerga bo‘linib ketgan bir sharoitda, aytish mumkinki, nihoyatda muhim geostrategik makonda joylashgan Turkiya endi «betaraf» bo‘lib qolishi mumkin emasdi.
Urushning o‘rtalaridan boshlab, Stalinning Turkiya bilan bog‘liq ziddiyatli va muayyan ma’noda aksilturk siyosati Turkiyaning hududiy yaxlitligiga tahdid sola boshlagandan keyin Anqarani urush oxirida o‘z «evroosiyochilik» doktrinasidan voz kechish, Evroatlantika blokiga qo‘shilishini va AQSh bilan strategik munosabatlar o‘rnatishini shart qilib qo‘ydi.

NATOga intilish

Turkiyaning NATO bilan hamkorlik qilishi va bu tashkilotga a’zo bo‘lishga intilishi o‘sha vaqtda yagona to‘g‘ri geosiyosiy qaror edi. Bu shu bilan bog‘liq ediki, mazkur davrda Turkiyaning geosiyosiy xavfsizligini ishonchli ravishda ta’minlaydigan shunga o‘xshash boshqa tuzilma yoki mamlakat bo‘lmagan. NATOga a’zo bo‘lib kirganidan keyin Turkiyaning geosiyosiy mavqei ham, harbiy-iqtisodiy vaziyati ham ancha yaxshilandi. Avvalo, turk hukumati NATOning ba’zi infrastrukturalarining joylashtirilishi, qo‘shinlarning ta’minoti, harbiy tashuvlar va shu kabi ta’minot dasturlari doirasida G‘arb mamlakatlaridan xususiy yordam olishga muvaffaq bo‘ldi, boshqa tomondan, Turkiya Yaqin va O‘rta Sharqda geosiyosiy mavqeini mustahkamlash uchun AQShning istagi bilan yaratilishi ko‘zda tutilgan NATOning «O‘rta Sharq Qo‘mondonligi» nomli harbiy ittifoqida etakchi o‘rin tutishga erishdi. Mazkur davrda Adnan Menderes hukumatining bu yo‘lda ko‘rsatgan faolligi AQSh tomonidan javobsiz qolmadi va AQSh Davlat Departamenti Turkiyaning 1952 yilda yangi harbiy paktni yaratish rejasiga qo‘shilishini «ozod dunyoning mudofaa sistemasida strategik pozitsiya» deb baholadi. Bu rejaga ko‘ra, AQSh SSSRning janubiy chegaralarida joylashgan barcha davlatlarning birgalikdagi mudofaa sistemasini yaratishni ko‘zda tutgan edi. Bu sistemaning Bosh qarorgohi Turkiyada joylashishi rejalashtirildi. Shu davrda AQShning hukmron doiralari Turkiya va Isroil Yaqin Sharqda AQSh to‘la ishonishi mumkin bo‘lgan yagona mamlakatlardir, deya qat’iy ishonch bildirgan edi.

«Mafkuraviy rang»siz «Evroosiyo»

AQSh va Evroatlantika blokiga qarshi kurashda SSSR va jahon sotsialistik sistemasining 1991 yilda mag‘lubiyatga uchrashi jahon geosiyosiy vaziyatida muhim o‘zgarishlar sodir bo‘lishiga olib keldi. Endi «sovuq urush» davrining asosiy o‘yinchilari ham, ularning funktsiyalari ham o‘zgardi. Oldinlari «G‘arb» atamasi bilan atalgan atlantchilar tarkibida ham muayyan tabaqalashuv yuz berdi. Sharqiy Evropa mamlakatlarining NATOga qabul qilinishi bilan uning tarkibida AQSh, G‘arbiy va Sharqiy Evropa, ayricha Turkiyaning xulq-atvori va geosiyosiy manfaatlaridagi tafovutlar oshkora namoyon bo‘la boshladi. Cobiq CCCR hududi, sovetlardan keyingi mamlakatlar va Turkiyaning o‘zi joylashgan Evropa va Osiyo qit’alari orasidagi ulkan makon endi hech qanday «mafkuraviy rang» berilmagan holda «Evroosiyo» deb atala boshlandi.
O‘zini SSSRning vorisi deb e’lon qilgan Rossiya Federatsiyasi endi Evroosiyo submintaqasida yangi geosiyosiy vazifa va maqsadlar (evroosiyochilik) bilan o‘rtaga chiqdi va bu mintaqada «etakchi davlat»ga aylanishga da’vogarlik qilib, o‘z geosiyosatini amalga oshirishga kirishdi. Evroosiyoning yirik va kuchli davlatlaridan biri bo‘lgan Turkiya mafkuraviy qarama-qarshilik tugaganidan, Rossiya va oldingi sotsialistik davlatlar bilan hamkorlik qilish borasidagi taqiqlar olib tashlanganidan foydalanib, yangi sharoitda o‘z geosiyosiy vaziyatini yana qayta ko‘rib chiqa boshladi. Bu davrda turk siyosatchilari va geosiyosati namoyandalarining bir guruhi «yangi dunyo tartiboti» deb atalgan bir qutbli jahon siyosatida mamlakatning o‘rni, roli va statusini belgilashga harakat qilgan bir paytda, boshqa guruhi yuzaga kelgan qulay vaziyatdan foydalanib, Turkiyani yana aksilsovet faoliyati va mafkuraviy qarshilik davridan oldingi geosiyosiy holatiga qaytarish, o‘z geosiyosiy vaziyatini qayta ko‘rib chiqish, G‘arb va Rossiya o‘rtasida muvozanatlashgan pozitsiyani topish asosida siyosat yuritishga da’vat qildilar, mamlakat faoliyatini evroosiyochilar va atlantizm tarafdorlarining geosiyosiy manfaatlarini uyg‘unlashtirish yo‘nalishida olib borish zaruriyatini asoslab berdilar.
1991 yildan keyin o‘tgan davr mobaynida Turkiyaning rasmiy geosiyosiy faoliyatida ham, hokimiyat tepasiga kelgan kuchlarning va hokimiyat uchun kurashayotgan muxolifatning bayonotlarida ham, ilmiy va ijtimoiy fikr vakillarida ham mamlakatning kelgusidagi geosiyosiy faoliyatiga yondashuvlar ancha rang-barang ekani ko‘zga tashlanadi. Ularning ba’zilari Turkiyaning G‘arb dunyosi bilan munosabatlarni yaxshilash va Evropaga qo‘shilish yo‘lini yana davom ettirishni qat’iy turib talab qilmoqda, boshqa guruhlar bo‘lsa, Turkiyaga Evropa va G‘arbdan Evroosiyo tomonga yuz o‘girib, Rossiya, Xitoy, Markaziy Osiyo, Eron, Hindiston va boshqa katta davlatlar bilan jahonning yangi kuchini barpo etishni, integratsiya­ning Evropa Ittifoqining o‘rnini bosadigan modelini, masalan, Shanxay hamkorlik tashkiloti bilan aloqalarni rivojlantirishni taklif etmoqda. Turk jamiyatining anchagina qismini tashkil qiladigan millatchi kuchlar «Turkiyaning Adriatika dengizidan Xitoyga qadar bo‘lgan barcha turkiy erlarni, turkiy-musulmon xalqlarni o‘z atrofida birlashtirishini, shu asosda mamlakatni XXI asrning dunyo kuchiga aylantirishini» tavsiya etyapti.

«Adriatikadan
Xitoygacha Turkiyadir»

Turkiyaning sobiq tashqi ishlar va sobiq bosh vaziri Ahmad Dovuto‘g‘lining fikricha, XX asrning 90-yillaridan to 2000 yillarning boshiga qadar Turkiyaning, odatda, partiyaviy manfaatlarga suyangan koalitsion hukumatlarining tashqi siyosat taktikasi va manyovrlari yagona va uzoq muddatli strategik tashqi siyosat kontseptsiyasiga emas, balki ko‘proq an’anaviy, tavakkaldan xoli faoliyat amaliyotiga asoslangan. Hokimiyat faoliyatida hamma narsa, eng avvalo, mamlakatning Evropa Ittifoqiga a’zo bo‘lishiga qaratilgan edi. Siyosiy doiralarning aksariyati Turkiya ertami, kechmi, bu tuzilmaga a’zo bo‘ladi, deya qat’iy ishonch bildirar, ayni chog‘da «Adriatikadan Xitoygacha Turkiyadir» shiori ostidagi da’vodan alьternativa sifatida foydalanar edilar.
Keyingi 20 yil ichida Turkiya davlat, jumladan tashqi siyosatida muayyan geosiyosiy o‘zgarishlar kuzatilmoqda. Xususan, AKP (Adolat va Taraqqiyot partiyasi) hokimiyat tepasiga kelganidan keyin Turkiya jahon va mintaqada oldingidan biroz farqli, ancha mustaqil geo­siyosiy yo‘lni o‘tkazishga harakat qilmoqda, o‘z milliy manfaatlarini ta’minlashga, chet davlatlar, xalqaro geosiyosiy «aktyorlar» bilan o‘zaro munosabatlarini, o‘zining u yoki bu siyosiy maqsadlarini avvalgi yillarda bo‘lgani kabi «NATO va AQShning intizomli va itoatkor hamkori» sifatida emas, balki yangi sifatda – «mus­taqil dunyo davlati» maqomida amalga oshirishga intilmoqda. Turkiyaning NATO qoidalariga zid ravishda Rossiyadan S-400 havo hujumidan mudofaa raketalarini sotib olishi va harbiy-texnikaviy hamkorligini rivojlantirayotgani buning isbotidir. Asosida «jahon va mintaqa mamlakatlari bilan hech qanday muammo bo‘lmasligi, aksincha, iloji boricha ko‘proq integratsiyalashish», «Turkiyaning Evropa Ittifoqiga ehtiyoji – uning Turkiyaga bo‘lgan ehtiyojidan katta emas», «Qaerda bir turk bor bo‘lsa, u erda Turkiyaning milliy manfaatlari bordir», «Turkiyaning NATO va AQSh bilan birga umumiy manfaatlari bo‘lgani kabi boshqa mamlakatlar bilan ham umumiy manfaatlari bordir», «Turkiya jahon musulmon xalqlari va davlatlarining himoyachisidir» singari strategik yondashuvlar turgan bu geosiyosiy yo‘lning muayyan natijalari ko‘zga tashlana boshladi. Agar bu yangi yo‘l jahondagi barcha turklarning milliy irodasiga aylansa hamda to‘g‘ri va izchil amalga oshirilsa, u holda Turkiyani AQShni istisno etganda, jahonning 10 buyuk davlati (Angliya, Frantsiya, Germaniya, Yaponiya, Rossiya, Xitoy) qatoriga olib chiqishi mumkin. Umuman, turk geosiyosatida, xususan, uning nazariya markazlarida mamlakatning g‘arbchi geosiyosiy yo‘lini qo‘llab-quvvatlaydiganlar bilan bir qatorda yangi evroosiyo­chilik yo‘li tarafdorlari ham ko‘payib bormoqda.
Turkiya Respublikasi Prezidenti matbuot kotibi Ibrohim Kalin ta’kidlaganidek, «G‘arb bilan yaqin aloqalar mamlakat tashqi siyo­satini sharqiy ufqlarda kengayishiga xalaqit qilmaydi». U «Daily Sabah» nashriga bergan intervyusida Turkiya so‘nggi 20 yil ichida birinchi marta G‘arb bilan tashqi siyosiy aloqalardagi iliqligini yo‘qotmay, boshqa mintaqadagi hamkorlar bilan ham munosabatlarni mustahkamlash haqida o‘ylayotganini bayon qilgan edi.

Abduvali SOYIBNAZAROV,
siyosiy sharhlovchi