yoxud matonat sabog‘i

Tushunmasa-da, o‘qiyverardi. Yillar o‘tib uylar ham, kitob javonlari ham yangilandi. Ammo u bolaligidagi o‘sha ertaknamo ijodxonani qo‘msayveradi. «Bolalikning, ilmning hidi bor edi unda», deydi suhbatdoshimiz Javlonbek Abdullaev.
U bugungi kun yoshlarining eng faol qatlamiga mansub: suzish bo‘­yicha ikki karra O‘zbekiston chempio­ni, Paralimpiya o‘yinlari g‘olibi, Namangan davlat universiteti talabasi, Kosonsoy tumani deputati. Ehtimol, nima qilibdi, chaqqon ekan-da, dersiz. Biroq Javlonbekning qo‘ltiqtayoqda o‘tayotgan 18 yillik hayotidan xabar topib, bu marralarga erishish uning uchun oson bo‘lmaganini his qilasiz.
– Hayotda o‘z iqrorlaringiz bor. Hamma narsani tan olavermaysiz. Xususan, imkoniyatingiz cheklangan bo‘lsa-da, maqsadingizni cheklamay, baland marralarga erishyapsiz. Garchi og‘ir bo‘lsa-da, aytib berolasizmi, oyog‘ingizdan ayrilishingizga nima sabab bo‘lgan edi?
– Bu voqea 2003 yil 14 avgust­da sodir bo‘ldi. O‘shanda olti yoshda edim. Otam bilan onam bozor qilgani ketishgandi. Opam esa uy ishlari bilan band edi. O‘ynagani ko‘chaga chiqdim. Chanqab ketib ariqdan suv ichgani borayotsam, uzoqdan nimadir kelayotganini payqadim-u, ammo qochishga, devor tagiga o‘tishga ulgurmadim. Soniyalar ichida men «KamAZ» g‘ildiragi yonida yotganimni ko‘rdim: hammayog‘im qon, qo‘llarim, ust-boshim chang edi. Qayta hushimni yo‘qotdim…
Ko‘zimni ochsam, shifoxonadaman. O‘rnimdan turay deb choyshabni ko‘tarib hammasini tushundim. «Oyog‘im qani?» deb baqirdim. Boya­dan buyon tinmay labini tishlayotgan onam ho‘ngrab yig‘ladi, otam esa palatadan chiqib ketdi…
O‘sha baxtsiz hodisa sabab oyog‘imdan ayrilganman.
– Haqiqiy vatanparvarlikni harakatlaringiz orqali isbotlayapsiz. Iqtisodchi, sportchi, vaqti kelsa, jurnalist bo‘lish… Bularning har biri katta kuch va bilim talab qiladi. Tushkunlikka tushib qolgan vaqtlaringizda motivatsiyani qaerdan olasiz?
– Hayotning eng og‘ir zarbalarini totishga ulgurdik: avtohalokat, qayta-qayta operatsiya, bir muddat hayotga begonalik hissi, odamlarning munosabatlaridagi achinish ohangi, avval otamning, keyinchalik onam­ning vafot etishlari, yolg‘izlik… Xullas, juda ko‘p musibatlar yigirma uch yoshimgacha boshimga tushib ulgurdi. Xotiralar tushkunlikka tushiradi. Biroq hayotda xamma narsaning o‘z vazifasi bor… Motivatsiyani aynan tushkunlikning o‘zidan olaman. U yordam berolmasa, ota-­onamning elas-elas qulog‘im ostida jaranglaydigan hikmatli so‘zlari dasturilamalimdir. Ortga yo‘l yo‘q! Ortiq yiqilish, chekinish, hissiyotlarga berilish nojoiz. Oldimda eng buyuk vazifa – Alloh bergan umrni samarali o‘tkazib, ota-onamning ishonchini oqlashdek muqaddas burch bor.
– Deputat bo‘ldingiz, bu og‘ir vazifa elkangizni zirqiratmayaptimi?
– Savolingizni eshitib, hazrat Navoiyning bir bayti yodimga tushdi. «Naf’ing agar xalqqa beshakdurur, Bilki, bu naf’ o‘zingga ko‘prakdurur», deyiladi «Xamsa»da. Maqsadim – xalqqa xizmat qilib, jamiyatimizda «nogiron» degan tushunchani odamlar ongidan yo‘qotish. Nogiron ham odam. U ham maqsadi yo‘lida harakat qilishga haqli. Orzulari sari intilishi kerak. Bunda xalq ishonchi katta mas’uliyat yuklaydi.
2019 yil Kosonsoy tumani Kengashiga deputat bo‘lib saylandim. Xalqimizning dardu tashvishlarini birgalikda bartaraf etish menga qanoat bag‘ishlaydi.
– Kitoblar bilan oshno bo‘lib o‘sgan yigitning shaxsiy kutubxonasidan qanday kitoblar o‘rin olgani bizga qiziq…
– Avtofalokat sababli to‘shakda yotgan paytlarimda kitoblar menga eng yaqin do‘st bo‘ldi. Hayotimda ular bilan bog‘liq yaxshi xotiralar talaygina. Uyimizda dadam rahmatlining ijodxonalari bo‘lardi. Shiftga qadar o‘rnatilgan kitob javonlari liq to‘la va yuksak did bilan joylashtirilgan. Bir tarafda lug‘at, entsiklopediyalar turkumi bo‘lsa, bir tarafda o‘zbek va jahon adabiyoti durdonalari… Mashrab, Bobur, Pushkin… ro‘yxatni uzoq davom ettirish mumkin…
Dadam iqtisodchi bo‘lganligi uchun noyob sohaga oid asarlarni alohida tortmada saqlardi. Men o‘sha kitob­larga ko‘proq qiziqardim. Ularni tushunmasam-da, o‘qiyverardim. Jildlari sarg‘aygan, kitobning «shitir»lashidan zavqlanardim. Yillar o‘tib, uylar ham, kitob javonlari ham yangilandi. Ammo o‘sha bolaligimdagi ertaknamo ijodxonani qo‘msayveraman. Bolalikning, ilmning hidi bor edi unda…
Hozir o‘zimning kutubxonam va muhrim bor. Oldiga katta maqsad qo‘ygan inson borki, shaxsiy kutubxonasiga ega bo‘lishi kerak, deb o‘ylayman. Shaxsiy kutubxonamdan otamdan qolgan eski va aziz kitob­lardan tortib o‘zbek, rus, ingliz tilidagi badiiy va ilmiy adabiyotlar o‘rin olgan. Yanada boyitish harakatidaman. Ha, aytgancha, ulg‘a­yibman. Hozirda siyosiy asarlar bilan birgalikda romantik asarlarga qiziqishim baland (kuladi).
– Tinmay harakat qildingiz, suzish bo‘yicha ikki karra O‘zbekiston chempioni, nihoyat, Paralimpiya o‘yinlari g‘olibi bo‘ldingiz. Ko‘ng­lingizdan nimalar kechdi o‘shanda?
– «Chopilgan oyog‘im bilan chop­dim men…» deb yozgan edi Rauf Parfi… Qo‘ltiqtayoqda yurgan bolaning kun kelib chempion bo‘lishi kimning ham xayolida bor, deysiz. Yozda o‘rtoqlarim bilan soyda tengma-teng suzaverib, sportchi bo‘lganimni payqamay qolibman. Ilk bor musobaqada qatnashib, g‘alaba qozonganimda hammasi tushdek ko‘ringan menga. Onamning quvonch­ini, og‘iz to‘ldirib qo‘shnilarga maqtanganlarini aytmaysizmi! Keyin sportga (hayotga ham) qiziqishim ortdi. G‘alabalar bir-biriga ulanib ketdi. Paralimpiya g‘olibi bo‘lganimdagi quvonchlarni so‘z bilan ta’riflab bo‘lmaydi. Yurtimizga shoda-shoda medallar olib kelayotgan sportchilar qatorida ekanligimdan judayam baxtiyorman. Darhaqiqat, shoir aytganidek, men ham «chopilgan oyog‘im bilan chopdim» va agar ona Vatanimizning obro‘si uchun nafaqat sport maydonlarida, balki tumandoshlarimning farovon turmush tarzi uchun siyosat maydonida ham qancha kerak bo‘lsa, shuncha «chopish»ga tayyorman.
– Bolalikdan hayot va maktab ta’limini teng oldingiz. Hayot bergan saboqlar haqida nimalar deya olasiz?
– Bir kuni ko‘mirchi kondan marvarid topib olib: «Oq ko‘mir bo‘lmaydi» , deb chiqitga chiqarib yuboribdi. Men ham sodda ko‘mirchi singari ko‘p narsaning farqiga bormaganman. Bemorlik davrimda Alloh bergan aziz ne’mat – vaqtning naqadar bebaholigini ang­ladim. Ijtimoiylashish to‘rt devor ichida qamalib o‘tirishdan afzalligini tan oldim. O‘zimni hayotga begonadek tutgan vaqtlarim – saboq. Umuman olganda, hayotning har lahzasidan quvonch va saboq oldim. Rahmatli Anvar Obidjon aytganidek, «Hayotning har lahzasi go‘zal, umrning har oni g‘animat» ekan.
– Farzand uchun asl qahramon, shubhasiz, ota bo‘ladi. Qahramoningiz haqida bilmoqchimiz…
– Otam bilan birga o‘tkazgan sarguzashtlarimni, u kishidan o‘rganganlarimni soatlab gapirishim mumkin. Menda qanday yaxshi xislat bo‘lsa otamdan, yomoni esa o‘zimniki. Bir voqeani so‘zlab beraqolay. Jarrohlik amaliyotidan keyin ikki oy deganda uyga qaytdik. Yuzimni tabassum tark etgan, ko‘zimga atrof-muhitdan tortib odamlargacha begonadek ko‘rindi. Shu zaylda kunlar o‘tib boraverdi. Tengdoshlarim maktabga chiqishdi. O‘quv qurollari va kitoblar bilan kechga yaqin dadam xonamga kirdi. «Dada, ertaga men ham maktabga boramanmi?» dedim quvonib. «Ha, yangi ochilgan maktabga. Bu maktab – uyimiz, o‘qituvchisi – men, o‘quvchisi – sen», dedi otam. Ertadan boshlab mashg‘ulotlarga kirishadigan bo‘ldik. Men bir vaqtda o‘zbek va rus tillarini o‘rgandim. Kunduzi kitob o‘qib, kechasi dadamga so‘zlab berardim. Ammo baribir maktabga bormaganim alam qilardi.
Bir kuni Ijtimoiy ta’minot markazidan nogironlar aravachasini olib kelishdi. Onam ikkimiz rosa quvondik. Bu bilan ko‘chaga chiqish ancha qulay edi. O‘zimcha rejalar tuzdim. Ammo bu dadamga yoqmadi. Ishdan qaytib avval onamga, keyin menga qarab: «Aravachaning keragi yo‘q, mening o‘g‘lim unda o‘tirmaydi», deb uni hovliga olib chiqib tashladi. Rejalarimning barchasi shamolda to‘zg‘igan changdek har yonga uchib ketdi. Dadamdan qattiq ranjidim. Keyin «Mana senga qo‘ltiqtayoq. To‘g‘ri, boshida undan foydalanishga qiynalasan, ammo tez orada uning qulayligini anglaysan», dedi. «Futbol o‘ynasam ham bo‘ladimi?» ko‘zlarimni katta-katta ochib, dadamga qaradim. «Ha, faqat yaxshilab yurishni o‘rganib ol!» dedi.
Shu kechadan boshlab, bir juft qo‘ltiqtayoqda yurishni mashq qila boshladim. Bir yiqildim, ikki yiqildim… Xullas, unda bemalol harakatlanishni o‘rgandim. Dadam bundan juda xursand bo‘ldi va menga bitta qo‘ltiqtayoqning o‘zi etarli ekanligini uqtirdi…
– Chet tillarini yaxshi bilasiz. Sakkiz balli «IELTS» sertifikatingiz ham bor. Sizdagi salohiyatning yarmiga ega bo‘lgan yoshlar «chetga ketaman… ko‘proq pul topaman bu bilim bilan», deyishadi. Vatandan tashqari joy Vatan bo‘la oladimi?
– Vatan – ota-ona, yaqin qarindosh­lar taftiga burkangan mo‘’jizakor olam. Bugun aksar tengdosh­larimiz chet elga o‘qish uchun chiqmoqdalar. Zamon globallashdi. Axborot texnologiyalari rivoj­landi. Bu sharoitda til bilgan inson dunyoning manaman degan ta’lim dargohlaridan qolishmaydigan darajada bilim olib, yurtimizda qadr topishi mumkin. Birovning onasi bizga ona bo‘lolmaganidek, o‘zga yurt tuprog‘i hech qachon Vatan bo‘lolmaydi. Vatan bo‘lolganida Bobur Mirzo Hindistonda turib, Andijonni sog‘inmagan bo‘lardi.

Shohsanam NIShONOVA
suhbatlashdi.