Insoniyat boshidan kechirgan urush va janglarda dushmanni mahv etmoq uchun qo‘llaniladigan qurollar qanchalik rivojlangan bo‘lsa, jangchilarni turli qurollarning zararlaridan himoya qilish ham rivojlanib bordi. Masalan, kamon, yoy va nayzalarni yaratgan inson ulardan o‘zini himoya qiluvchi qalqonlarni ham o‘ylab topgan. Qalqonlar ham o‘sha zamon talabiga mos ravishda taxtadan yasalgan.
Keyinchalik esa oddiy temirni teshib o‘ta oladigan o‘tochar qurollar yaratildi va o‘z navbatida, mazkur qurollar etkazishi mumkin bo‘lgan zarardan himoyalanish uchun bronejiletlar ixtiro qilindi. U inson (asosan tananing yuqori qismi)ni o‘qotar va sovuq qurollar ta’siridan asrash uchun mo‘ljallangan individual himoya vositasi. U o‘q, tig‘li qurollar zarbi va portlovchi uskunalar parchalarini ushlab qoluvchi o‘ziga xos xususiyatga ega bo‘lgan turli materiallardan tayyorlanadi.

Askar hayotining
qadri sabab

Bugungi kunda bronejilet harbiy xizmatchi ekipirovkasining ajralmas qismi sanaladi. Lekin har doim ham unday bo‘lmagan. Uzoq vaqt askarlar jang maydonlarida o‘z tanasini faqat yupqa mato va ingichka tunikadan iborat mundirlar bilan himoya qilgan. Zamonamizda askar hayotining qadri bir necha barobar o‘sdi. Shuning uchun ham ko‘pchilik davlatlar ishonchli va mukammal bo‘lgan yangi turdagi bronejiletlarni yaratishga kirishgan. Bunday ishlanmalarga juda katta mablag‘lar ajratiladi.
Bronejiletlar turlicha bo‘lgani sabab ular sinflarga bo‘linadi. Engil bronejiletlar tanani pistolet o‘qlari, pichoq va mina parchalaridan himoya qilsa, og‘irlari Kalashnikov avtomatining o‘qini ham to‘xtatib qola oladi. AK-47 o‘qining tezligi soniyasiga 700 metr ekanini hisobga olsak, bu qanchalik jiddiy ko‘rsatkich ekanini anglash qiyin emas. Yashirin bronejiletlarni kiyim ostidan kiyish mumkin. Bu maxsus xizmat xodimlari va tansoqchilar uchun qulaylik tug‘diradi. Jang maydonida bronejilet qay darajada samara beradi, degan savol tug‘ilishi mumkin. Bir misol keltiramiz: AQSh armiyasi statistikasiga ko‘ra, bronejiletlardan foydalanish harbiy xizmatchilar zararlanishini 60 foizga kamaytirgan.
Taxminan XVI asrning o‘rtalarida o‘tochar qurollar rivojlanishi oqibatida o‘sha davrdagi zirh hamda sovutlar jangchini etarli darajada himoya qilolmay qoldi. Bundan tashqari, Evropa ommaviy tarzda yollanma armiyaga o‘ta boshladi va ularni sifatli zirhlar bilan kerakli darajada ta’minlash mushkullik tug‘dira boshladi. Sovutlar faqat sapyor va og‘ir kavaleriya bo‘linmasigagina etardi, xolos. O‘qotar qurollar va artilleriyaning mukammallashib borishi qo‘shinga jiddiy zarar etkaza boshladi. Shunda harbiylar kiras (tanani orqa va old qismini yopib turuvchi metall plita) haqida bosh qotira boshladi.
Kirasning paydo bo‘lishi XIX-XX asrlarga to‘g‘ri keladi. Masalan, Rossiyaning 1905 yilda Frantsiyaga 100 mingta kiras buyurtma qilgani haqida ma’lumotlar bor. Kirasning ko‘plab turlari Birinchi jahon urushida ishlab chiqilgan. Bu borada urush ishtirokchisi bo‘lgan deyarli barcha davlatlar izlanish olib borgan. Aksariyat hollarda sapyorlar va qo‘qqisdan hujum uyushtiruvchi shtorm bo‘linmalari askarlari kirasda bo‘lgan. Bir tomondan bu vosita o‘q va pichoq zarbalaridan himoya qilgan bo‘lsa, boshqa tomondan uning himoya qilish xususiyati metallning qalinligiga bog‘liq bo‘lgan.

Tub burilish

Birinchi jahon urushi davom etayotgan bir vaqtda inglizlar zamonaviy bronejiletlarga o‘xshash «nimadir» yaratishdi. Uni «Deyfild tana zirhi» deb nomlashdi. Zirh ko‘krakda alohida to‘rtta plitadan iborat bo‘lgan. U pistolet o‘qidan yaxshi himoya qilishi bilan birga, uni kiyib yurishga ham qulay edi. Lekin uni ishlab chiqarish juda qimmatga tushayotgan edi. Istovchilar o‘z puliga sotib olishi mumkin bo‘lgan. O‘sha davr ishbilarmonlari mazkur zirhlar ortidan katta daromad topishdi. Ko‘p hollarda frontdagi eri, otasi yoki o‘g‘lini himoya qilish uchun oila butun borini berib bo‘lsa ham «Deyfild tana zirhi»ni sotib olgan.
Bundan tashqari, shlem va kirasdan iborat «Bryuster tana qalqoni» (Brewster Body Shield) himoya vositasi haqida aytib o‘tish joiz. U jangchi tanasini samarali himoya qilgan, biroq og‘irligi 18 kilogrammni tashkil etgan. Butun dunyo mamlakatlari tomonidan bronejilet va kirasni ishlab chiqish ishlari Ikkinchi jahon urushi davrida ham davom etgan, biroq haqiqatan engil, qulay va ishonchli bronejilet yaratishning uddasidan chiqilmagan.
Zamonaviy ko‘rinishdagi bronejiletlar 1950-yillardan keyin yaratila boshlandi. Uni amerikaliklar ixtiro qilishdi va dastlab Koreyadagi janglarda qo‘lladi. Mazkur bronejiletlar bir necha qavat qilib o‘ralgan mustahkam mato – kapron yoki neylondan iborat bo‘lgan.
M-1951 bronejileti ko‘p miqdorda birinchi marta 31 ming dona ishlab chiqarilgan. U neylondan tayyorlangan va alyumin qo‘shimchalar bilan kuchaytirilishi mumkin bo‘lgan. Bu bronejiletning og‘irligi 3,51 kilogrammni tashkil etgan. Uning yaratuvchilari o‘qni ushlab qolishni o‘z oldilariga maqsad qilib qo‘ymagan, lekin bronejilet mina parchalaridan yaxshi himoya qilgan.
AQSh armiyasida bronejiletlar ommaviy tarzda Vetnamdagi janglarda tarqala boshladi. Neylon tolasidan tayyorlangan M-1969 bronejiletining og‘irligi 3,58 kilogramm bo‘lgan. Shu bilan birga, amerikaliklar samolyot va vertolyotlarning uchuvchilarini himoyalovchi individual ishlanmalar ustida ham bosh qotira boshladi. 1970-yillarga kelib AQSh huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimlari uchun «Barrier Vest» nomli bronejilet yaratildi.
Sovuq urush davrida nafaqat yangi qurollarni yaratish va armiyani qurollantirish, balki jangchilar himoyasini ta’minlash maqsadida ham sobiq Sovet Ittifoqida bronejiletlar yaratila boshlandi. Dastlab sobiq Sovet armiyasini 6B1 bronejiletlari bilan 1957 yilda ta’minlashga qaror qilingan, biroq ommaviy tarzda ishlab chiqarilmagan. Uni katta urush boshlansagina, ishlab chiqarishga kelishib olindi. Shuning bilan Afg‘onistondagi urush harakatlari boshlanishi bilan sobiq Sovet armiyasi 6B1 bronejiletlari bilan ta’minlandi. Lekin tog‘li hududlarda bu bronejilet og‘irlik qildi. Shundan so‘ng ba’zi kamchiliklar bilan 6B2 yaratildi. 1983 yildagina o‘qqa bardosh bera oladigan 6B3T, 1985 yili universal – 6B5 «Uley» bronejileti ishlab chiqildi. U tarkibiy qismlarga bo‘lingan bo‘lib, turlicha qo‘llash orqali himoyaning ham har xil darajalarini ta’minlashi mumkin bo‘lgan.

G‘arbda esa…

G‘arbda bronejiletlarning rivojlanish yo‘li biroz o‘zgacha kechdi. Vetnamdagi urushda o‘qdan emas, balki portlash parchalaridan jarohat olish­lar soni bir necha barobar ortib ketgan. Shuning uchun amerikaliklar o‘qqa qarshi tura oladigan bronejiletlarni yaratishga shoshilishmadi. Buning ustiga 1970-yillarning o‘rtalariga kelib sanoatda yumshoq bronejiletlar uchun istiqbolli mato – kevlar ishlab chiqarila boshlandi. 1980-yillarning boshida Amerika armiyasini ta’minlash uchun yumshoq kevlardan ishlangan bronejiletlar – PASGT tayyorlandi. Mazkur bronejiletlar amerikaliklar uchun asosiy himoya vositasi sifatida 2006 yilgacha xizmat qilgan. Afg‘oniston va Iroqdagi operatsiyalar portlashdan emas, balki o‘tochar qurol o‘qlaridan ham himoyalanish zaruratini o‘rtaga qo‘ydi. Bu turdagi birinchi bronejilet – RBA AQSh armiyasi tomonidan 90-yillar boshida qo‘llanila boshlandi. 1999 yilda Amerika askarlari portlash parchalaridan himoya qiluvchi OTV bronejiletlari bilan ta’minlandi. Qo‘shimcha himoya panellari o‘rnatilsa, mazkur bronejilet avtomat o‘qlariga ham qarshi tura oldi. 2007 yilda esa AQSh armiyasi yana bir zamonaviy bronejilet – MTVga ega bo‘ldi. MTV bronejiletlari ayni paytda AQSh askarlari uchun joriy qilingan ekipirovka tarkibiga kiritilgan.
Zamonaviy bronejiletlarni ishlab chiqarish uchun o‘ta mustahkam bo‘lgan turli materiallardan foydalaniladi. Ular asosan sintetik tolalar (ballistik tolalar ham deyiladi), metall (titan, po‘lat) yoki keramika (alyumin oksidi, bor karbidi yoki kremniy). Zamonaviy bronejiletlar modulli qurilishga ega, ya’ni maxsus qo‘shimchalar yordamida tananing u yoki bu joyi himoyasini kuchaytirishi mumkin.
Albatta, askar hayotini himoya qilish, uni har xil jarohatlardan asrash bugungi kunda har bir mamlakatning asosiy maqsadiga aylangan. Turli taktikalar, manyovrlar jangda g‘olib bo‘lish uchun ishlab chiqilsa, jangda mag‘lub bo‘lmaslik uchun askarlarni bronejilet bilan ta’minlash talab etiladi.

Muxtorbek ABDULLAYEV,
jurnalist