Xalqimizning ko‘p ming yillik o‘tmishiga doir tarixiy bilimlarning, ulug‘ ajdodlarimiz hayoti, madaniy va ma’naviy merosimiz, boqiy qadriyatlarimiz hamda ko‘hna tariximiz kechmish daftaridagi yorqin sahifalarni avlodlarga etkazib berishda muzeylarning hissasi beqiyos. Bugun yurtimizda juda ko‘p muzeylar faoliyat yuritmoqda. Garchi ular turli nom va yo‘nalishlarda bo‘lsa-da, barchasi tarixiy, moddiy va ma’naviy yodgorliklarni saqlash va targ‘ib qilish orqali yoshlarni ona zaminga sadoqat, ajdodlar merosiga hurmat hamda vatanparvarlik ruhida tarbiyalashdek ezgu maqsad uchun xizmat qilmoqda.
Qurolli Kuchlar davlat muzeyi ham shunday tarbiya o‘choqlaridan biri. 1965 yilda tashkil etilgan bu dargoh istiqlol yillarida yangicha qiyofa kasb etdi, yangi-yangi eksponatlar bilan boyidi, zaxirasi shakllantirildi. Shunday izchil rivojlanishlar samarasi o‘laroq, 2010 yilga kelib bu ma’naviyat maskaniga davlat muzeyi maqomi berildi.

Muzey ekspozitsiyasidan o‘rin olgan har bir eksponat qadimgi harbiy tarix, buyuk ajdodlarimiz hayoti, o‘sha davr madaniyati, ma’naviyati, bebaho san’at durdonalari, shuningdek, har qanday tajovuzga qaqshatqich zarba berishga qodir, mamlakatimiz milliy manfaatlari, davlatimiz suvereniteti, hududiy yaxlitligi, xalqimizning tinch hayoti qalqoni bo‘lgan Kurolli Kuchlarimizning shakllanish jarayonlaridan hikoya qiladi.

E’tibor berayotgan bo‘lsangiz, bugun O‘zbekistonda ulg‘ayib voyaga etayotgan yoshlarimizning har biri o‘z hayotini, kelajagini armiya bilan uyg‘un holda ko‘rmoqda. Ular osuda, xotirjam va saodatli hayotimizning qadriga etib, uni ko‘z qorachig‘idek asrashni majburiyat emas, balki ko‘ngildagi eng toza va pokiza niyat, muqaddas burch deb bilishyapti. Armiya haqida gap ketganda yuragi faxr va g‘urur tuyg‘ulariga limmo-lim bo‘lib hayajon ila so‘zlaydigan yoshlar bilan ko‘p bora suhbatlashganman va bundan cheksiz shod bo‘lganman. Chunki yoshlarda yurtga daxldorlik tuyg‘usi shaklanyapti. Shuning uchun ham sharafli kasbni ixtiyor etayotgan o‘g‘lonlar safi yildan yilga ortyapti. Men nima uchun bu haqda gapiryapman? Chunki yosh avlod qalbida muqaddas kasbga qiziqishning ortishida maktab, kollej va litseylarda harbiylar ishtirokida o‘tkazilayotgan ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar, davra suhbatlari bilan bir qatorda Qurolli Kuchlar davlat muzeyiga tez-tez uyushtirilayotgan ekskursiyalarning ham ahamiyati beqiyos bo‘lmoqda.

– Muzeyimizni ekskursiya qilish yoshlar uchun o‘ziga xos an’anaga aylangan, – deydi biz bilan suhbatda Qurolli Kuchlar davlat muzeyi direktori Musalim Nuriddinov. – Ha, bugun kelajagimiz egalari bo‘lgan yoshlarga ta’lim-tarbiya berish jarayonida turli usul va vositalardan keng foydalanilmoqda. Ayniqsa, yosh avlodda yurtimiz tarixi, madaniyati, halqimiz ma’naviyati, urf-odatlari, qad­riyatlari haqida kengroq tushuncha hosil qilish va ular qalbida vatanparvarlik, yurtga muhabbat hamda faxr-iftixor tuyg‘ularini shakllantirishda muzeylarga uyushtirilayotgan sayohatlar muhim o‘rin tutayotgani bizni xursand qilyapti. Shunday ezgu sa’y-harakat orqali ular Vatanning qadriga etishni, uning boyliklarini asrab-avaylashni, urf-odat va qadriyatlarning zamonlar silsilasida yo‘qolib ketishiga yo‘l qo‘ymay, kelajak avlodlarga ham etkazish mas’uliyatini chuqur his qilmoqda. Bu esa jamiyatning ham, davlatning ham eng katta yutug‘idir.

Orangizda kundalik yumushlar bilan bo‘lib har doim ham muzeylarni sayohat qilishga vaqt ajratolmaydiganlar ham talaygina. Ana shunday vaqtlarda ba’zan o‘zingizdan xafa bo‘lasiz. Yo‘q, xafa bo‘lishingiz o‘rinsiz. Unutmang, biz texnika asrida yashayapmiz. Bu asrning mo‘’jizalari, imkoniyatlari juda ko‘p. Agar siz Qurolli Kuchlar davlat muzeyi bo‘ylab sayohat qilishni istasangiz, bu borada sizga Mudofaa vazirligi rasmiy veb-sayti yordam beradi. Buning uchun siz «mudofaa.uz»saytiga kirib, «Qurolli Kuchlar davlat muzeyi» tugmasini bossangiz kifoya. Qarabsizki, muzey bo‘ylab virtual sayohat qilishingiz mumkin. Ha, o‘zgarishlar, yangilanishlar bo‘lgani yaxshi. Chunki islohotlar taraqqiyotdan dalolat beradi. O‘ylaymizki, Qurolli Kuchlar davlat muzeyi bundan buyon ham zamon bilan hamnafas odimlaydi.

Gulnora MURODOVA