«Juda boy, nihoyatda chiroyli tilimiz bor. Bu tilda ifoda etib bo‘lmaydigan fikr, tuyg‘u, holat yo‘q…

Nima uchun ko‘cha harakati qoidasini buzgan kishiga militsiya hushtak chaladi-yu, butun bir tilni buzayotgan odamlarga hech kim hushtak chalmaydi?»

Abdulla QAHHOR

 

«Davlat tili haqida»gi, «Ta’lim to‘g‘risida»gi qonunlari, qator farmon, qaror va boshqa juda ko‘plab hujjatlar o‘zbek tili davlat tili ekanligining huquqiy asosidir.

Xabaringiz bor, Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portalida (25 aprel – 10 may) Adliya vazirligi tomonidan «O‘zbekiston Res­publikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 42-moddasiga qo‘shimcha kiritish to‘g‘risida»gi qonun loyihasi katta muhokamalarga sabab bo‘ldi.

Adliya vazirligi tomonidan qonun loyihasi «Davlat organlari va tashkilotlarida ish yuritishda davlat tili haqidagi qonun hujjatlari talablariga rioya etmaslik, mansabdor shaxs­larga bazaviy hisoblash miqdorining ikki baravaridan besh baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi», degan norma bilan to‘ldirilishi taklif etildi.

Ijtimoiy tarmoqlarda katta munozara-yu bahslarga sabab bo‘lgan davlat hokimiyati va tashkilotlarida davlat tili to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga rioya qilmaganlik uchun ma’muriy javobgarlikni kuchaytirish masalasi aslida mustaqilligimizning ilk kunlaridanoq ko‘tarilishi va bugungi kunda O‘zbekis­tonda yashayotgan har bir millat vakili bunga allaqachon ko‘nikkan bo‘lishi, o‘zi istiqomat qilayotgan yurtdagi millatning hurmati uchun ham o‘zbek tilini xuddi o‘z ona tilidek mukammal bilishi kerak edi. Axir shu yurtda yashab, o‘qib, faoliyat yuritayotgan, yaratilayotgan cheksiz sharoit va imkoniyatlardan foydalanib kelayotgan fuqarolarning davlat tilini bilmasliklari yurt qonunlariga nisbatan hurmatsizlik yoki beparvolik emasmi?

Bu borada buyuk adibimiz O‘tkir Hoshimovning: «Bir yurtda yashab turib, o‘sha xalq tilini bilmaslik: birinchidan – o‘sha xalqqa nisbatan hurmatsizlik, ikkinchidan – o‘sha xalqdan o‘zini ustun qo‘yish, uchinchidan – g‘irt nodonlikdir!» degan so‘zlarini eslab o‘tish o‘rinli bo‘lardi.

O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 4-moddasida O‘zbekistonda davlat tili o‘zbek tili ekani, «Davlat tili haqida»gi Qonunning 9-moddasida esa davlat hokimiyati va boshqaruv organlarida ish davlat tilida yuritiladi va zaruriyatga qarab boshqa tillarga tarjima qilinadi, deb belgilab qo‘yilganiga qaramasdan, ayni kunlarda ba’zi davlat hokimiyati va idoralarida ish yuritish davlat tilida emas, balki boshqa tillarda olib borilyapti. Bu, o‘z navbatida, davlat tiliga bo‘lgan hurmat va e’tiborning, uning nufuzi va obro‘sining pasayishiga hamda uni qadrsizlantirishga qaratilgan intilish yoki sabab emasmikan?

Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 42-moddasi «Davlat tili to‘g‘risidagi qonun hujjatlarini buzish» deb nomlangan bo‘lsa-da, ushbu modda davlat organlari va tashkilotlarida ish yuritishda davlat tili haqidagi qonun hujjatlari talablariga rioya etmaslik bilan bog‘liq munosabatlarni qamrab olmagan hamda milliy qonunchiligimizda bu tartib va qoidalarga amal qilmaganlik uchun mansabdor shaxslarni ma’muriy javobgarlikka tortish masalasi belgilanmagan.

Bu hol ayrim davlat idoralarida davlat tili to‘g‘risidagi qonunchilikka rioya etilmasligiga va ish yuritish davlat tilida amalga oshirilmasligiga olib kelmoqda.

Muhokamalar jarayonida jamoatchilikning ma’lum bir qismi va ayrim toifadagi shaxslar loyiha mazmun-mohiya­tini to‘liq anglamay yo boshqa sababdan O‘zbekistonning ko‘p millatli mamlakat ekanligini aytib, loyihani totuvlik va tolerantlik (bag‘rikeng­lik) tamoyiliga zidlikda ayblashdi.

Avvalo, bir jihatga e’tibor qarataylik, yangi qonun loyihasi qaysidir tilni taqiqlash emas, balki davlat tilini himoya qilish maqsadida ishlab chiqilgan. Qolaversa, o‘zbek tilining davlat tili sifatida mustahkamlanishi boshqa tillar kamsitilishini anglatmaydi.

Mustaqil o‘rganish va tahlil natijalariga asoslanib ayta olamanki, loyiha matnidagi me’yorlar faqat davlat tashkiloti va idoralariga, jarimani qo‘llash esa tashkilotning mansabdor shaxslariga nisbatan qaratilmoqda. Shaxs yoki oddiy xalq to‘g‘risida loyihada bir og‘iz ham gap yo‘q, ya’ni O‘zbekiston fuqarolari o‘zlari istagan tillarida gaplashishlari, istalgan tilida davlat idoralariga murojaat yo‘llashlari, xohlagan tilida boshqa shaxslar bilan muloqot qilishlari mumkin. Bu ularning to‘liq konstitutsiya­viy huquqlari bo‘lib, bunga hech qanday to‘siq yoki jarimalar qo‘llanmaydi.

Bundan tashqari, davlat hokimiyati va boshqaruv organlarida ishlayotgan boshqa millatdagi va boshqa tilda so‘zlashuvchi xodimlarga ham qonun lo­yihasiga kiritilayotgan bu qo‘shimchalar taalluqli emas. Ular istagancha o‘ziga ma’qul tilda so‘zlashaveradilar, o‘z faoliyatlarini olib boraveradilar.

Shu bilan birga, loyiha matnida davlat tashkilotlarining rasmiy hujjatlari boshqa tillarda bo‘lishiga ham to‘sqinliklar yo‘q. Misol uchun, bitta tashkilot ham o‘zbek, ham rus tilida hujjat tayyorladi. Bunga hech qanday qarshilik­lar belgilanmaydi. Ammo mabodo o‘sha tashkilot qarorlarini faqat rus tilida qabul qilsa-yu, uning o‘zbek tilidagi tarjimasi bo‘lmasa, ana shundagina jarima kelib chiqishi mumkin.

U yoki bu tashkilot O‘zbekiston Respub­likasi hududida faoliyat olib bormoqdami, demak, u O‘zbekiston Respublikasida o‘rnatilgan tartib va qoidalarga qat’iy rioya qilishi zarur. Kimlardir ta’kidlayotganidek, tor ixtisoslikka ega bo‘lgan o‘ta malakali, tajribali mutaxassis, davlat idorasi rahbari o‘z fikrini davlat tilida bayon qila olmayaptimi, unday bo‘lsa, uning u fikrlay oladigan tilda fikrlashi, fikrlarini yozishiga hech kim to‘sqinlik qilmayapti, shunchaki uni ommaga ko‘rsatishda yoki boshqa biror tashkilotga yuborishda davlat tili qoidalariga rioya qilishi talab etilmoqda. Boshqa hech qanday ortiqcha yoki asossiz talab qo‘yilayotgani yo‘q.

Xo‘sh, O‘zbekiston hududida davlat organlari tomonidan ish yuritishda davlat tili haqidagi qonun hujjatlari talablariga rioya qilmaganlik uchun mansabdor shaxslarni ma’muriy javobgarlikka tortish masalasi endi-endi taklif etilayotgan ekan, boshqa mamlakatlarning davlat tilida ish yuritish tartibini va uni buzganlik uchun qay tarzda javobgarlikka tortish normalari belgilangan?

Quyida soha mutaxassislari tomonidan tayyorlangan ayrim mamlakatlarning bu yo‘nalishdagi tajribalarini ko‘rib chiqamiz:

Rossiya. Rossiya Federatsiyasining 2005 yildagi «Davlat tili to‘g‘risida»gi Federal Qonuni 3-moddasiga ko‘ra mulk­chilik shaklidan qat’i nazar Rossiya hududida faoliyat yurituvchi har qanday tashkilot davlat tili (rus tili)da ish yuritishi, tashkilotni nomlashda ham rus tilidan foydalanishi belgilab qo‘yilgan. Rossiyada 200 ga yaqin millat va elatlar istiqomat qiladi. Qonun talablariga rioya etmaslik tegishli javobgarlikka sabab bo‘ladi.

Ozarbayjon. Ozarbayjon Res­publikasi tomonidan 2002 yilda qabul qilingan «Davlat tili to‘g‘risida»gi Qonunning 1.4-bandiga ko‘ra davlat tilida ish yuritish ozarbayjon tilida olib boriladi. Qonun talablariga rioya qilmaslik tegishli javobgarlikka sabab bo‘ladi.

Ukraina. 2019 yildan boshlab Ukraina Respublikasida rasmiy ish yuritishda davlat tilidan foydalanmaganlik va ushbu sohadagi qonunchilikka rioya etmaganlik uchun 3 400 grivendan 5 100 grivengacha (110 – 170 evro) jarima solinadi.

Germaniya. «Ma’muriy amaliyotlar to‘g‘risida»gi Qonunga ko‘ra Germaniyada rasmiy til sifatida nemis tili belgilangan. Agar mas’ul idoraga murojaat nemis tilidan boshqa tilda qilinsa, idora darhol uning nemis tiliga tarjimasini talab qilishi kerak. Nemis tilidan boshqa tilda murojaatlar ko‘rib chiqilmaydi.

Frantsiya. Konstitutsiyada faqat frantsuz tili davlat tili deb belgilangan. Tubon qonuniga ko‘ra, davlat tashkilotlari tomonidan ish yuritish istisnosiz frantsuz tilida olib boriladi, terminlarning frantsuzcha muqobili turganda, inglizchasi yoki boshqa tildagidan foydalanish taqiqlanadi. Frantsiya aholisining 51 foizi frantsuz tilidan boshqa tilda gaplashadi. Tubon qonunini buzish jismoniy shaxsga 700 evro, yuridik shaxsga 3 750 evro jarima solinishiga sabab bo‘ladi. Hatto boshqa tilda peshlavhasi yoki yorlig‘i yozilgan mulk musodara qilinishi ham mumkin. 2006 yilda xuddi shu qonunni buzgani uchun Amerikaning «Gems» kompaniyasi 600 000 evro jarima to‘lagan.

Turkiya. Mamlakatda barcha xizmat hujjatlari, yozuv va hisob-kitoblar hech qanday istisnolarsiz turk tilida olib borilishi talab etiladi. Ushbu talabga rioya qilmaganlik mansabdor shaxslarning ma’muriy jarimaga tortilishiga sabab bo‘ladi. Turk yuridik shaxslari o‘rtasida tuzilgan turk tilida bo‘lmagan shartnomalar bekor qilinadi.

Qatar. Qatarda 2009 yilda qabul qilingan yangi qonunga ko‘ra, barcha davlat organlarida hujjatlar majburiy ravishda arab tilida tayyorlanadi. Qonun talablariga amal qilmaganlik uchun 50 000 Qatar riali (14 000 AQSh dollari) miqdorida jarima belgilangan.

Bizlarda-chi? Bundan o‘ttiz bir yil muqaddam, ya’ni 1989 yilda respublikamizda «Davlat tili to‘g‘risida»gi Qonun qabul qilingan bo‘lsa-da, uning tartib-qoidalarini buzganlik uchun javobgarlik va uni amalga oshirish mexanizmlari aniq ishlab chiqilmagan. Ushbu hujjat haqida gap ketganda, ko‘pchiligimiz yuzlab qonunlarning shunchaki, bittasiday tasavvur qilishimiz ham afsuski, haqiqat.

Tilning yashab qolishi, nasldan-nasl­ga, avloddan-avlodga etkazish masalasida yurtimizda istiqomat qilayotgan har bir fuqaro o‘zbek tilini hurmat va himoya qilishi kerak. Jamiyatimizning har bir a’zosi, har qanday mutaxassis, zamon bilan hamqadam, har qanday kadr, eng avvalo, o‘z ona tilini e’zozlamog‘i lozim.

Qadim-qadim zamonlardan beri har bir millat, har bir qavm o‘z tiliga buyuk hurmat bilan qaraydi. Zotan, til millat degan birlikning asosi, milliy ma’naviyati, ma’rifati va madaniyatidir. Jamiki ezgu fazilatlar inson qalbiga, avvalo, ona allasi, ona tilining betak­ror jozibasi bilan singadi. Ona tili bu millatning ruhidir. O‘z tilini yo‘qotgan har qanday millat o‘zligidan judo bo‘lishi muqarrar. Demakki, millatning borligi va birligining bosh belgisi tildir.

Shu ma’noda o‘zbek tili yurtimizda muloqot tili bo‘lishi lozim. O‘zbek tili o‘zbekistonlik har bir insonni ruhan bog‘lovchi ko‘prikka aylanishi uchun nima zarur bo‘lsa, davlatimiz ham, xalqimiz ham hamma choralarni ko‘rishi kerak, deb o‘ylayman. Buning uchun moliyaviy sarmoya va boshqa resurslarni ayamaslik lozim. Shak-shubha yo‘qki, bu yo‘lda o‘zbekning har bir ziyolisi va millat fidoyisi har qanday ezgu ishga tayyor.

Demak, Adliya vazirligi tomonidan taklif etilayotgan qonun loyihasi qabul qilingan taqdirda O‘zbekiston Respublikasida davlat hokimiyati va boshqaruv organlarida ish yuritishning to‘liq ravishda davlat tilida amalga oshirilishiga, ushbu sohada mansabdor shaxslarning mas’uliyati oshishiga, qolaversa, davlat tilining rivoj­lanishi hamda unga bo‘lgan e’tiboru e’zozning ortishiga sabab bo‘ladi.

 

Qahramon KAMOLOV,

Mudofaa sanoati bo‘yicha davlat

qo‘mitasi raisining maslahatchisi