Karantin sabab uyda o‘tirib zerikmadingizmi? Sabr qiling, o‘tib ketadi bu kunlar ham. Muhimi, vaqtdan unumli foydalaning. Kitob o‘qing, uy yumushlari bilan mashg‘ul bo‘ling, televizor tomosha qiling va … qallob yoki unday emasligingizni bilib oling. Voy-bo‘, namuncha jahlingiz burningizning uchida turmasa, mayli, mayli, siz emas, men qallobman. Ana, sarlavhada ham aytdim-ku!
Xullas, bunday o‘ta jiddiy xulosaga kelishimning o‘ziga yarasha sabablari bor men sizga aytsam. Gapni cho‘zmay, indalloga o‘tib qo‘yaqolay. Bir-biridan ajoyib reklamalar ketma-ketligidan kip­rik qoqishga ham xijolat bo‘lasan, kishi. Ko‘zlarimni baqraytirib o‘zimni o‘ta madaniyatli tomoshabinlardek tutib, zangori ekranga tikilgancha ushbuni ko‘rib o‘tiribman.
…Yigit hashamatli bir begona uyga kirib keldi. Atrofga alang-jalang boqib turgan edi, ikkinchi qavatda ko‘rinish bergan uy sohibi mehmondan tashrif muddaosini so‘rab qoldi. Shu o‘rinda aytib ketish joiz, yigit biroz shoshib turibdi yo xarakteri shunaqa: o‘taketgan dangal. Mezbonga yuzlandi-da, shartda muddaosini aytib yubordi:
– Qizingizga uylanmoqchiman!
Ha, mana endi masala kundek ravshanlashdi. Demak, yigit etim (bunday qo‘pol taxminimiz uchun ma’zur tutasiz. Lekin ota-onasi, qarindosh-urug‘i bor odam bunday shoshqaloqlik qilmaydi-da. Avval sovchi yuborsin, bordi-yu, rad javobi berilsa, mayli, ana undan keyin kelsin-da, «boy ota, qizingizga sovchi yuborgan men edim, nima uchun rad javobi berdingiz? Mana men, istaganingizcha sinab ko‘ring, o‘tin yordirasizmi, er choptirasizmi yo Asqar tog‘ning cho‘qqisini Alpomishning to‘qson botmonli kamoniga yoy tortib, qulat deysizmi, ixtiyoringizdaman», desin) yo bezbet. Ha, bezbet. Shunday bo‘lmasa, biz, o‘zbeklarda qachon ko‘rgansiz yigitlarning mana shunday betgachoparlik va andishasizlik qilganini? Axir men yigit kishiman, o‘zim g‘izillab boraman-da, masalani uzil-kesil hal qilib kelaveraman, deb o‘ylaydiganlar qizning otasi ham erkak kishi ekanligini unutmasligi kerak. Buni dangalchilikka yo‘yishdan oldin ma’naviy-axloqiy tomonlari taroziga qo‘yilsa, adolatli bo‘lgay.
Soniyaning nechadir ulushlarida xayoldan o‘tgan bu fikr «yigit, endi o‘lding!» degan xulosani berib turibdi. Lekin uning rizqi hali-beri qiyilmaydigan ko‘rinadi. Boy ota mehmonning muddaosini eshitgach, dedi:
– Senga so‘nggi imkoniyat beraman. Shunchaki bir qallob emasligingni isbotla!
Oh, endi nima deb javob berarkin bu bechora yigit? Og‘ir savol bo‘ldi-ku. O‘zining insoniy fazilatlarini bir-bir sanab bersa-yu, bu bo‘lg‘usi qaynotasiga yoqmasa-chi? Ko‘ngil qo‘ygan qizidan quruq qoladimi? Yo‘-o‘q, bunaqasi ketmaydi, uni boshqalarga berib bo‘pti! Yigit ham bu fikrlarni soniyaning ulushlarida xayolidan o‘tkazgan bo‘lsa kerak. Nihoyat, u chora topdi:
– Men «Special» tarifidaman!
«Eh, xumkalla! Shuyam javob bo‘ldimi? Hamma tomonni rasvo qilding-ku, qizdan umidingni uzaver endi. Kelishingning o‘zi bir xato edi, mana bunisi undan ham oshib tushdi», deb tursam, vaziyat butunlay boshqa tomonga qarab ketyapti. Bo‘lg‘usi qaynotaning quvonchi ichiga sig‘may, o‘rnidan turib kuyov bolaning yoniga borib qo‘ydi-ey!
– Men ham «Special»dan boshlaganman, o‘g‘lim! – deb hayajonini yashirolmasa bo‘ladimi? – Hozir «Special Unlim»daman!
Yigit qallob emasligini shu tariqa «isbotladi». Ota esa o‘z qizining bir umrlik taqdirini ko‘chadan qizingizga uylanaman, deb kelgan yigitning mobil aloqa operatori tarif rejasiga qarab, ishonib topshirib yubordi. Shoshib qoldim, qo‘l telefonimni olib, qaysi tarif rejasida ekanligimni qidiryapman. Ming attang, telefon monitorchasidagi yozuvni ko‘rib, ko‘zlarim katta-katta bo‘lib ketdi: men qallobman… Yo‘q, yupatishga urinmang meni, yaxshisi, o‘zingiz haqingizda qayg‘uring. Mana, mening tarif rejam kim ekanligimni ro‘yu rost aytib turibdi. O‘zga chora yo‘q. Qolaversa, mobil kompaniyam ham butunlay boshqa. Demak, men ikki karra qallobman. O‘ylagan sarim dahshatga tushib ketyapman. Bordi-yu, o‘sha yigit o‘rnida men bo‘lganimda bormi, ketimdan tepki eb, qizning oldida sharmanda bo‘lib ko‘chaga quvilardim.
Keyingi sahnada qiz yuzsizlarcha otasidan voqeaga munosabat so‘rayapti. Ota roziligini bildirdi. Va shu bilan o‘zbek xalqiga xos g‘urur va andisha, nomus, hamiyatning yuziga yana bir bor ikkovlashib «tuflab» yubordi.
Aytgancha, tarif rejangizni tekshirib ko‘ring-chi bir. Tag‘in siz ham menga o‘xshab qallob bo‘lib chiqmang. Bilib bo‘ladimi endi…
P/S. Aytib o‘tish joiz, yuqorida tilga olingan mobil tarif rejasi hech qanday reklama xarakteriga ega emas. Buni «ismini aytib so‘kish» ma’nosida tushunish mumkin.

Islomjon QO‘ChQOROV