Jangovar harakatlar vaqtida turli hayvonlar va qushlardan foydalanish an’anasi uzoq o‘tmishga borib taqaladi. Insoniyat tarixida bo‘lib o‘tgan ko‘plab urush va qonli to‘qnashuvlarda fillar, otlar, tuyalar, lochinlar, kabutarlar va boshqa jonzotlardan keng foydalanilgani borasidagi ma’lumotlar ko‘plab tarixiy qo‘lyozmalarda aks etgan. Ta’kidlash joizki, taniqli olim, suv osti minalari ixtirochisi Emmanuil Nobel XIX asrdayoq delfinlardan harbiy maqsadlarda foydalanishni taklif etgan. Ammo uning bu g‘oyasi deyarli bir asrga unutilgan. Keyinchalik bunday amaliyot dastlabki jangovar tyulenlar bo‘linmasi tuzilgan Rossiya imperiyasi davrida ilmiy asosga ega bo‘lgan.

 

Birinchi jangovar bo‘linma

Birinchi jahon urushi yillarida taniqli hayvon o‘rgatuvchi Vladimir Durov mamlakat harbiy floti rahbariyatiga dushmanga qarshi kurashda dengiz hayvonlaridan foydalanishni taklif qiladi. O‘sha davrda aksariyat insonlar V. Durovni faqat mashhur tsirk hayvon o‘rgatuvchilari sulolasiga asos solgan inson sifatida bilgan. Aslida esa u tsirkdagi faoliyatini boshlashdan ancha oldin hayvonlarni qo‘lga o‘rgatish bo‘yicha amaliy mashg‘ulotlar uslubiyatini ishlab chiqqan iste’dodli olim sifatida tanilgan. Ayniqsa, uning jonivorlarni qo‘lga o‘rgatishda gipnoz usulidan foydalanish bo‘yicha o‘tkazgan tajribalari ilmiy hamjamiyatda katta qiziqish uyg‘otgan.
1915 yilda Rossiya harbiy floti bosh shtabi rahbariyati V. Durovga dengizdagi mina to‘siqlarini aniqlash, shuningdek, dushmanning suv usti va suv osti kemalariga qarshi kurashda foydalanish maqsadida delfin va kosatkalar bilan ishlab ko‘rishni taklif qiladi. Durov esa bunday ishga tyulenlar ko‘proq mos kelishini aytadi. Shu bilan birgalikda, dressirovkachi ularni portlatuvchi emas, balki minalarni aniqlovchi va ular atrofiga signal beruvchi buy (qalqovich belgi)larni joylashtiruvchi sifatida qo‘llash tarafdori ekanligini bildiradi. Tez orada bu boradagi ishlar boshlanib, sinov poligoni sifatida Sevastopoldagi Balaklav ko‘rfazi tanlanadi. Durov uch oy mobaynida 20 ta tyulen bilan ish olib boradi. Natijalar esa kutilganidan ham ortiq bo‘lib chiqadi: tyulenlar suv ostiga yashirilgan minalarni bexato topish va signal buylarini joylashtirishni o‘rganadi. Ammo harbiylar bu tyulenlardan jangovar harakatlarda foydalanishga ulgurmaydilar. Chunki «g‘ayrioddiy bo‘linma» paydo bo‘lganidan xabar topgan nemis g‘avvoslari tyulenlar frontga jo‘natilishidan bir necha kun oldin tunda maxsus reyd uyushtirib, barcha «dengiz sapyorlari»ni zaharlab ketadi.

Tabiiy lokator yordamida

Tyulenlar harbiylarning birinchi jangovar yordamchisiga aylanganiga qaramay, organizmining o‘ziga xos tuzilishi va ularni dengizda yashovchi boshqa jonivorlardan ajratib turuvchi bir qator afzalliklarga ega bo‘lgan delfinlardan harbiy maqsadlarda foydalanish ko‘proq samara berishi ma’lum bo‘ldi. Bu turdagi sutemizuvchilarni qo‘lga o‘rgatish osonligi, janubiy dengizlardan tortib to shimoldagi sovuq dengizlargacha bo‘lgan turli sharoitlarda ham bemalol yashay olishi va eng muhimi, evolyutsiya natijasida delfinlarning nafas yo‘llari oldida linzaga o‘xshash «yog‘li tuguncha» – o‘ziga xos tabiiy lokatorning yuzaga kelgani ularning asosiy ustunligiga aylangan. Ushbu noyob «tabiiy metall qidirgich» yordamida delfin ultratovush to‘lqinlarini yuborish va ularning qaytishini qayd etish, shuningdek uch kilometrgacha bo‘lgan masofadagi turli predmetlarni oson topish imkoniga ega. Bundan tashqari, delfin o‘z exoloti yordamida muayyan predmet yoki tirik jonzotning o‘lchamlari, zichligi va hatto ichki tuzilishini mustaqil ravishda aniqlashga qodir. Shu bilan birgalikda, u o‘zining tabiiy ustunligidan qurol sifatida ham foydalanishi mumkin: ultratovush to‘lqinlarini chiqarish orqali delfin baliqlarni gangitadi, akulalarni cho‘chitib haydaydi, shuningdek jangovar suzuvchi yoki qo‘poruvchilarga halokatli zarba berishi mumkin.

Jiddiy raqobat ostida

Oradan deyarli yarim asr o‘tib, aniqrog‘i XX asrning 60-yillariga kelib, bu yo‘nalishdagi ishlar qayta jonlanadi va bu borada amerikalik harbiylar sezilarli muvaffaqiyatlarga erishadilar. Maxsus dastur asosida ish olib borgan harbiy dengiz floti mutaxassislari o‘rgatish uchun eng yaxshilarni aniqlash maqsadida 19 dan ortiq turdagi dengiz jonzotlari, shu jumladan akulalar va qushlarni sinovdan o‘tkazadilar. Nihoyat, afalinalar (qora delfinlar) va dengiz arsloni eng maqbul variant deb topiladi. Yuqori darajadagi exolokatsiya afalinalarga suvosti minalarini, suv ostida juda yaxshi ko‘rish qobiliyatiga egalik esa dengiz arsloniga dushmanning suv osti qo‘poruvchilarini osonlik bilan topishda yordam beradi. AQShning Vetnamdagi yirik harbiy bazasi – Kamranni qo‘riqlash ularning birinchi jangovar sinoviga aylanadi. 1971-72 yillarda amalga oshirilgan «Tezkor qidiruv» operatsiyasida oltita jangovar delfin 15 oy mobaynida qo‘poruvchilarga qarshi mudofaa ishlarida ishtirok etadi. Ma’lumotlarga ko‘ra, ular mazkur operatsiya doirasida dushmanning 50 dan ortiq suv osti razvedkachilari va diversantlarini yo‘q qiladi. Bu jarayonda delfinlar quyidagi algoritm bo‘yicha harakatlanadi: qo‘poruvchini aniqlagan jonivor o‘z «murabbiyi»ga signal yuboradi. «Hujum qilish» buyrug‘ini olganidan so‘ng, u oldinga tashlanadi va burniga o‘rnatilgan maxsus igna-shpritsni dushman tanasiga tiqadi. Shu tarzda suzuvchining tanasiga asab tizimi faoliyatini ishdan chiqaruvchi (shol qiluvchi) zahar yoki ichki a’zolarni parchalovchi karbonat angidrid gazi yuboriladi. E’tiborli jihati shundaki, inson o‘limiga olib keluvchi bunday hujumlardan so‘ng delfinlar aksariyat holatlarda kuchli ruhiy hayajonga tushgan va keyinchalik bunday buyruqlarni bajarishdan bosh tortgan. Bu bilan bu turdagi jonzotlarning insonlarga nisbatan xayrixoh munosabatda bo‘lishi yana o‘z isbotini topgan. Ammo dengiz arslonlari va tyulenlar buning aksi bo‘lib, ular har qanday qotillikni hech bir ikkilanishsiz amalga oshirishga qodirligi bilan ajralib turgan. Tanasiga magnitli bomba o‘rnatilgan dengiz hayvonlari suv osti kemalarini izlash va ularni kamikadze usulida portlatishga ham o‘rgatilgan.
Iroqda olib borilgan jangovar harakatlar davrida Umm-Kasr portini minalardan tozalashda delfinlardan faol foydalanilgan. 2003 yilda bu erga olib kelingan 9 ta delfin yordamida 100 dan ortiq mina topilgan. Hatto bu ishda ko‘rsatgan katta xizmatlari uchun Taffi laqabli delfinga AQSh Harbiy dengiz kuchlari serjanti unvoni ham berilgan.
Asosiy raqobatchilarining bu yo‘nalishda qo‘lga kiritgan muvaffaqiyatlari sobiq ittifoq harbiy rahbariyatini ham bu ishga jiddiy e’tibor qaratishga majbur etadi. Natijada, 1967 yilda Sevastopol shahrida birinchi harbiy okeanarium ishga tushiriladi va u erga 50 ta afalina delfini olib kelinadi. Ular bu ishga jalb etilgan bir necha o‘nlab ilmiy-tadqiqot ins­titutlari mutaxassislari tomonidan tayyorlangan maxsus uslubiyat asosida davlatning suv chegaralarini qo‘riqlash, suv osti qo‘poruvchilarini aniqlash va yo‘q qilish, dengiz minalari va boshqa portlovchi predmetlarni izlash hamda ularni radiomayak yoki buylar yordamida belgilash, chuqur suv ostida o‘tkaziladigan operatsiyalarda ishtirok etish, dengiz tubidan turli predmetlarni ko‘tarishda akvalangchilarga yordam ko‘rsatish, suv usti va suv ostidagi nishonlar yoki texnik inshootlarni portlatish yo‘nalishlari bo‘yicha o‘rgatiladi.
Afalinalar o‘zlarining ajoyib tabiiy radarlari yordamida hatto voler (qafas) ichida bo‘lganlarida ham, yarim kilometrgacha bo‘lgan masofadagi har qanday suv osti ob’ektini sezishga qodir. Shu tarzda, biron xavfni sezgan delfin maxsus pedalni bosgan. Natijada trevoga signali chalinib, havoga raketa ko‘tarilgan. Delfinning o‘zi esa boshqa pedalni bosib, voler eshigini ochgan va dushman tomon harakatlanib, uning niqobi hamda suv osti anjomlarini yulib olgan tarzda, uni zararsizlantirgan. Ma’lumotlarga ko‘ra, afalinalar 80% holatlarda qo‘poruvchilarni aniq topgan.

Iztopar jonivorlar

Shuningdek, delfinlar cho‘kib ketgan jangovar torpedalarni izlashga o‘rgatilgan. Shu tarzda Qora dengiz flotida izlovchi delfinlar bo‘linmasi paydo bo‘lgan va ular qisqa vaqt ichida flotga katta foyda keltirgan. Zero, bitta o‘quv torpedasining narxi 200 000 sovet rubliga teng bo‘lgan, jonivorlar esa yuzlab bunday torpedalarni topib bergan. Hatto maxsus mashqlar vaqtida delfinlardan biri 10 yil oldin yo‘qotilgan avtomatik mini suv osti kemasini ham topishga muvaffaq bo‘lgan.
Afalinalar hatto suv ostida suratga olishni ham o‘zlashtirgan. Ular uchun 100 metrdan ortiq chuqurliklarda ishlash imkoniyatiga ega bo‘lgan maxsus fotoapparatlar yaratilgan. Delfinlar ob’ektivni ob’ekt­ga to‘g‘ri yo‘naltirish, o‘z joyida to‘xtash va shu zahoti apparat zatvorini ishga tushirishga o‘rgatilgan.
Qizig‘i shundaki, ba’zida fuqaro idoralari ham harbiylarga yordam so‘rab murojaat qilgan. Masalan, arxeologlarning iltimosiga ko‘ra, delfinlar qadimiy kemalar qoldiqlarini izlagan va topgan, ularning yordamida qadimgi yunon amforalari (ko‘zasimon sopol idishlar), qimmatbaho zargarlik buyumlari va boshqa ko‘plab qadimiy osori-atiqalar suv ostidan ko‘tarilgan.

Tinchlik yo‘lida

Bu yo‘nalishdagi ishlar hozirda ham qizg‘in davom etmoqda. Hindiston, Eron, Isroil va boshqa bir qator davlatlar ham jangovar delfinlarga katta qiziqish bildirmoqda. Shu bilan birgalikda, Ekologiya va evolyutsiya instituti xodimlarining fikriga ko‘ra, delfinlardan harbiy emas, balki tinchlik maqsadlarida foydalanish yanada katta samara beradi. Misol uchun, ular suv ostidan o‘tgan inshootlar, shu jumladan gaz va neft quvurlarini tekshirishda yaxshi natijalar berishi mumkin. O‘ta sezuvchan delfin quvurdagi mexanik shikastlanish yoki tizillab chiqayotgan gazni sezish, ularni suratga tushirish, suv ostiga zaruriy asbob-uskunalarni tushirish uchun mo‘ljallangan troslarni mahkamlashga qodir. Institut mutaxassislari Boltiq dengizi tubidan o‘tgan Evropa gaz quvuri holatini nazorat qilish va unga texnik xizmat ko‘rsatish imkoniga ega bo‘lgan dunyodagi birinchi delfinlar bo‘linmasini tayyorlashni taklif etmoqda. Demakki, ulardan tinchlik maqsadida foydalanish ilm-fanga katta foyda keltirishi va sayyoramizdagi eng aqlli ikki biologik turga to‘laqonli hamkorlik qilish uchun yangi imkoniyatlar yaratib berishi mumkin. Bu esa, ishoning, urushga qaraganda ancha maqbul, qiziqarli va samaraliroqdir!

Po‘lat SAYDIVALIYEV tayyorladi.