Ikkinchi jahon urushida fashizm ustidan qozonilgan G‘alabaning 75 yilligi munosabati bilan qad rostlagan «G‘alaba bog‘i»ning barpo etilishidagi tashkiliy ishlarni yoritish maqsadida Toshkent axborot texnologiyalari universiteti Maxsus fakultetining eski binosida qish o‘rtalarida bo‘lgan edik. Mamlakatimizning turli chekkalaridan yuborilgan tarixiy eksponatlar dastavval shu erda to‘plangan edi.

Men bu erda ilgari ham bir necha marta bo‘lganman. Turli ilmiy-ma’rifiy anjumanlar bo‘lib o‘tgan. Biroq o‘sha qish kuni ko‘rganlarim ko‘z o‘ngimda muhrlanib qolishini kutmagan edim.
Ikkinchi jahon urushiga oid eksponatlar ilmiy anjumanlar o‘tadigan ulkan zal qiyofasini ham butunlay o‘zgartirib yuborgan edi. Unda kishini o‘yga toldiradigan allaqanday og‘ir sukunat, og‘ir ruh bor edi. Yana juda ko‘p uchburchak xatlar… Yillar o‘z hukmini o‘tkazib, xiralashtirgan frontdan mujdalar… U egalariga taskin-tasalli bo‘lib kelgan, umid bo‘lib kelgan, tiriklik mujdasi bo‘lib kelgan. Aynan shu sarg‘aygan maktublar ko‘z o‘ngimda qoldi.
«Qaytmayman, burchimni
o‘tab…» vo darig‘,
Qog‘ozning qolgani ketgan
titilib.
Qirq yilki bu ko‘m-ko‘k
olam sap-sariq,
Yashayman, qog‘ozday bag‘rim sitilib.
Bu o‘zbekning ulug‘ shoiri Halima Xudoyberdieva qalamiga mansub «Qaytmayman…» she’ridan parcha. Sevimli shoirimiz urush odamlari, urush ko‘rgan odamlar orasida ulg‘aygan edi. Shuning uchun uning yozganlarida teran dard, ayol nafasi, armonlar aks etib turadi:
Qaytmayman… ha, men ham qayt­madim faqat
Umr o‘tdi hijronning
tutunin yutib.
Ketyapman, ko‘ksimga
muhrlangan xat
Sarg‘aygan shu qog‘oz
qo‘limdan tutib.
Qaytmadim… mard turib
tugayotir jon,
Qaytib, Senga yum-yum yosh
quysam, qani?!
Mo‘’jiza bo‘lsa-yu, tirilsang
bir on
Qaytib ko‘kragingga bosh
qo‘ysam, qani?
Qaytmayman, burchimni
o‘tab o‘laman.
Uchburchak maktublar, urushdan mujdalar… Ayollargina bunday cho‘ng armon va g‘amni satrlarga joylay oladi. «Istadim, shu qog‘oz menga er bo‘ldi… Istagim er bo‘ldi, ko‘nglim er bo‘ldi».
Aziz o‘quvchi, bugun sizga O‘zbekis­ton xalq shoiri Halima Xudoyberdieva she’riyatini tavsiya qilmoqchiman. Bugun she’riyatga qiziqish kamaygan, degan gaplarga ishonmayman. Uning muxlislari har doim bo‘lgan va bundan keyin ham bo‘laveradi.
Men otashnafas shoir ijodini tahlil qilish fikridan yiroqman va bunga ma’naviy haqli emasman. Faqat o‘zim sevgan, shaydosi bo‘lgan asllikdan, xazinadan sizni ham bahramand qilgim keldi. Uning ijodida urush mavzusi, to‘g‘rirog‘i, urushning fojialari musavvirning tasvirlaridek aks etgan.
Shoir «Qo‘l haqida»ni urushdan qo‘lsiz qaytgan Temir akaning she’ri deydi. O‘qiymiz:
Odamlarga suqlanmay pastdan
Kirmoq baxt o‘z eshiging ochib.
Jangdan qaytgach, qo‘lim ­
tegmasdan
Oq qor bo‘ldi kampirim sochi.
Qo‘lsiz qaytgan jangchi… Uch-to‘rt yil avval Andijon viloyatining Oyim qishlog‘ida urush faxriylari bilan suhbatimizda otaxonlardan biri shunday degan edi: «Urushdan bir qo‘lim yaroqsiz qaytdim. Buni ko‘rib, onam suyunib ketgan, Allohga shukur, yaxshi bo‘libdi, endi seni yana qaytib urushga olishmaydi…» Onaning quvonchini his qila olasizmi? Eng muhimi, uning o‘g‘li jahannam ichidan tirik qaytib kelgani edi.
Yana o‘qiymiz:
Kerak payti berganman borin –
Yo‘qligimdan qilma kinoya.
Saqlamoq yurt, onamning orin
Shu bo‘lgandi mendagi g‘oya.
Avvallari e’tibor bermagan ekanman, shoirning ijodida bu mavzu anchagina salmoqli ekan. Avvallari… Avvallari uning har bir dunyo yuzini ko‘rgan kitobi adabiyot olamida bir voqea edi. Kitoblarini topish ham mahol edi. «Tug‘ilish bir, o‘lim mingdir…» she’rida shunday misralar bor:
Ahmad urushga ketgandi,
ayni guldek yoshida,
O‘n etti yosh ko‘zlarida
ko‘rganmisiz hech hadik.
Hadik tortmay so‘ldi, ona
botdi qayg‘u yoshiga,
Yashayotir hali-hanuz
ko‘tarolmay ko‘ksin tik.
Hali-hanuz topilmaydir bu
armonning chorasi,
Yillar o‘tar yuragini
o‘tmishga bo‘ylantirib.
Tushlarida faryod chekar
ko‘rib o‘g‘lin yarasin,
Tushlarida shodlanadi
yolg‘izin uylantirib…
Halima Xudoyberdieva
«May alyori»da shunday yozadi:
Qaytmagan turnalarni ro‘zi
mahshargacha to,
Ko‘zimiz qarog‘ida olib
ketayotibmiz.
O‘zi noma’lum qolib, ma’lum
baxt qilmish ato,
Balki shu ruhlar haqqi
g‘olib ketayotibmiz.
Mayni oylar zebosi, kamalak
yoyi derman –
Shahidlar esga tushar, ziyorat
oyi derman.
Bu she’r xuddi bugungi kunlarimizga atab yozilgandek. «G‘alaba bog‘i»ga ko‘rk bo‘lib tushadigan misralar. Bu bog‘ sharofati bilan noma’lumlar ham ma’lum bo‘la bosh­ladi, tarixiy adolat tiklandi.
«Turnalar»dan o‘qiymiz:
Qay yurtda makon topdi qay
birining tuprog‘i,
Kim bilar qay dengizda
qay biri cho‘kib ketdi.
***
Qaytganlar, qaytganlar ham
siyraklashar kundan-kun,
Huv qorda oqsoqlangan
uch-to‘rt turnani qarang…
Aziz o‘quvchi, bu mavzudagi she’r­larning har biriga to‘xtalish imkoni yo‘q. Har biri tugal bir dostondek. Ammo ayrimlari haqida gapirmaslik mumkin emas-da. Shulardan biri «Urush bu bir qora so‘zdir…» O‘qiymiz:
«Bobo, nega qo‘lingiz yo‘q,
oyog‘ingiz yog‘ochdan?»
Vo darig‘o! O‘yga tolar, umr
qayta yashalar,
Bargday titrab o‘tmishini
qayta o‘tarkan bosib,
Kechagiday ko‘rib turar:
«Vokzal, jigargo‘shalar –
Xotinining «ko‘rishmaymiz!»
deb ko‘targan uvvosi,
Ular qayta ko‘rishmadi,
to‘g‘ri chiqdi mudhish fol..
***
Urush – etim chaqaloq u,
poymol odam, poymol sha’n,
Men bu qaro dardni
qandoq oq qog‘ozga quyaman?..
Bu she’rlar orasida yana biri bor. Uni har o‘qiganimda yuragim larzaga tushadi va shunday o‘y kechadi: bu satrlar qog‘ozga tushayotganida shoi­r­ning qalbi qanday bardosh berdi ekan?!
Yigirma million bayroq,
go‘rli-go‘rsiz qo‘zg‘olsa,
Sovib qolgan o‘choqlar
qo‘rli-qo‘rsiz qo‘zg‘olsa,
Munkaygan kelinchaklar
erli, ersiz qo‘zg‘olsa,
Bugungi urishqoqlar,
Siz ne dersiz qo‘zg‘olsa,
Qirchillama qirq yigit
uyga qaytmagan kunlar.
Ha, bunday she’rlar haqida so‘zlash emas, o‘qish kerak. Halima Xudoyberdievaning «Tanlangan asarlar» to‘plami «Sharq» nashriyot-matbaa aktsionerlik kompaniyasida 2019 yilda chop etilgan. Juda go‘zal kitob. O‘qing, do‘stlar orasida, oila davrasida o‘qib, farzandlaringizni inja tuyg‘ularga oshno eting, asl asar bilan javondagi javohirlaringizni yana bittaga boyiting. Javoningizda bor bo‘lsa, yana bir marta qo‘lga olib varaqlang, pichirlab o‘qisangiz-da qalbim buni sevinch-la his etadi.

Inobat IBROHIMOVA
«Vatanparvar»