«Sardoba» suv omborining o‘pirilib ketishi natijasida Sirdaryo viloyatining ayrim aholi punktlariga zarar etgandi, ayni vaqtda talafot oqibatlari jadallik bilan bartaraf etilmoqda.

Ushbu noxush voqeani eshitgan har bir yurtdoshimiz borki, imkoniyat darajasida sirdaryoliklarga yordamga shoshildilar, og‘ir damlarda ularning dardiga sherik bo‘lishdi. Ayniqsa, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoevning voqea joyida boshpanasiz qolgan yuzlab oilalarning holidan bir necha marta xabar olishi talafotdan zarar ko‘rgan Sardoba, Mirzaobod va Oqoltin tumanlari aholisiga o‘z vaqtida ko‘rsatilgan ruhiy hamda amaliy ko‘mak bo‘ldi.
Voqeaning dastlabki kunlaridanoq respub­likamizning boshqa viloyatlarida istiqomat qilayotgan hamyurtlarimiz Sirdaryo xalqiga saxovat va madad ko‘magini jo‘natishni bosh­lab yuborishdi. Birin-ketin o‘nlab saxovat karvonlari turli hududlardan belgilangan manzilga etib keldi. Hukumat miqyosida zudlik bilan ko‘rilgan chora-tadbirlar, Bosh vazirning talafot oqibatlarini bartaraf qilish komissiyasi rahbari etib tayinlanishi ham tushkun qalblarga malham bo‘ldi.
Mudofaa, Favqulodda vaziyatlar, Ichki ishlar, Qurilish vazirliklari, Milliy gvardiya xodimlari hamda mamlakatimizning barcha viloyat, shaharlaridan kelgan minglab ko‘ngillilarning bir yoqadan bosh chiqarib amalga oshirayotgan sa’y-harakatlari tufayli talafot ko‘rgan tumanlar aholisi qalbida ertangi nurli kunlarga ishonch paydo bo‘ldi.
Ayniqsa, Vatan himoyachilari bo‘lgan harbiy xizmatchilarning joylarda amalga oshirayotgan ishlaridan aholi va quruvchilar mamnun ekanligi kuzatilmoqda. Barcha harbiy okruglardan kelgan harbiylar tozalash ishlarini tartibli va tezkorlik bilan olib borishi natijasida qurilish jamoalarining qurilish hamda ta’mirlash jarayoniga kirishishi uchun imkoniyat yaratilmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri, mudofaa vaziri hamda boshqa tegishli mutasaddi tashkilotlarning mas’ul rahbarlari talafotdan jiddiy zarar ko‘rgan Sardoba tumanining «Qo‘rg‘ontepa» mahalla fuqarolar yig‘inida bo‘lib, u erda olib borilayotgan ta’mirlash va tiklash ishlarini bevosita kuzatishdi. Ma’lumki, «Qo‘rg‘ontepa» mahalla fuqarolar yig‘inida 166 ta xonadon turarjoylarini ta’mirlash ishlari tashkil qilingan. Mazkur ta’mirlash ishlariga Markaziy harbiy okrug harbiy xizmatchilari, Navoiy hamda Xorazm viloyatlaridan kelgan quruvchilar va ko‘ngillilar jamoalari jalb etilgan. O‘z navbatida harbiy xizmatchilar, qurilish va ko‘ngillilar jamoalari «Qo‘rg‘ontepa» mahalla fuqarolar yig‘ini aholisining o‘z yashash joylariga tezroq qaytishi uchun tunu kun mehnat qilish­lari ta’kidlandi.
E’tiborli tomoni shundaki, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev ham Qo‘rg‘ontepaga tashrif buyurib, ta’mirdan chiqqan dastlabki uylarni ko‘zdan kechirgandi. Davlatimiz rahbari uy-joylarni xatlovdan o‘tkazish, tozalash, ta’mirlash, tom yopish, pardozlash, bo‘yoqlash, jihozlash, hovlilarni tartibga keltirish, obodonlashtirish, pol ishlari, devor va qo‘shimcha binolar qurilishi, isitish tizimi, elektr, ichimlik suvi ta’minoti bo‘yicha loyi­halar yuzasidan kerakli maslahatlar berdi. Talafotdan keyin olib borilgan ishlardan so‘ng o‘z uylariga qaytgan fuqarolarga yaratib berilgan sharoitlar bilan yaqindan tanishdi.
Qisqa qilib aytganda, Sardoba, Mirzaobod va Oqoltin tumanlarida toshqindan zarar ko‘rgan yo‘llar, ko‘priklar, aholi turarjoylari qaytadan ta’mirlanmoqda, bunyod etilmoqda. O‘z navbatida bu kabi e’tibor bosh­panasidan ajralgan fuqarolarda sinovli kunlarni tezroq unutib, kelajakka ishonch bilan qarashga undayapti.
Tez fursat ichida Sardoba, Mirzaobod va Oqoltin tumanlari nafaqat Sirdaryoda, balki butun O‘zbekiston miqyosida yangicha ko‘rinishda bo‘y ko‘rsatishiga ishonib qolamiz. Negaki, viloyatning bu tumanlarida bunyod etiladigan binolarda poytaxtning salaboti-yu, Farg‘ona vodiysi shaharlarining go‘zalligi, Samarqand, Buxoro, Xorazmning tarixiy an’analarga uyg‘unlashgan timsoli va boshqa viloyat hamda shaharlarning tarovati aks etishi, shuhbasiz.

Asror RO‘ZIBOYEV,
«Vatanparvar»