Prezidentimiz Xotira va Qadrlash kuniga bag‘ishlangan tantanali marosimdagi nutqida «Urush qahramonlari haqida gapirar ekanmiz, tabarruk Ona siymosi ko‘z o‘ngimizda namoyon bo‘ladi. Chunki el-yurt himoyasini or-nomus ishi deb biladigan mard va botir o‘g‘lonlarni voyaga etkazgan ulug‘ zotdir.
Urushning barcha azob-uqubatlarini eng ko‘p tortgan insonlar ham mushtipar onalarimizdir. Bamisoli sabr-bardoshdan yaralgan, urush yillarida muqaddas Vatan timsoliga aylangan bunday metin irodali onalar yurtimizda ko‘plab topiladi», degan edi. Qoraqalpog‘istonlik Nigarxan Mambetkarimova ham xalqimizning ana shunday bardoshli ayollaridan biri edi.
Urush minglab insonlarni ota-onasidan, yoridan, jigarporasi bo‘lgan farzandidan ayirgan zahri qotildir. Bu urush oqibatida ko‘plar aziyat chekkan bo‘lsa-da, ammo farzandidan ayrilib, qon yutgan onaning dardini eshitish, his qilish hammasidan og‘ir.

«Bolam toshning orasidan yorib chiqadigan azamat yigit»

Orol dengizi ayni suvga to‘lib, tirikchilik manbaiga aylangan yillarda voyaga etgan Nigarxan qish­loqning suluv qizlaridan biri edi. Oshiqlari ko‘p bo‘lgani uchun qalin pulini ko‘proq bermoqchi bo‘lganlar bo‘lsa-da, ammo Nigarxanning otasi qizini Allamuratga uzatdi. Yosh oilani ocharchilik yillarining qiyinchiliklari chetlab o‘tmadi. Ular bir-biriga elkadosh bo‘lib, ikki o‘g‘il, uch qizni tarbiya­ladi. Farzandlariga kurmakni maydalab, qaynatib bergan kunlari ham bo‘ldi.
1939 yil Allamurat Mo‘ynoqda ishlab yurganida Orol dengizidan suv toshishi oqibatida halok bo‘ldi. Oila yuki Nigarxanning gardaniga tushdi. U qizi Suluvxanni turmushga uzatib, o‘g‘illari Xojamurat va Auesni ustaga shogirdlikka berdi. Endi halovat topdim, deganida sovuq urush xabari keladi, 1941 yil katta o‘g‘li Xojamurat armiya safiga chaqirilib, jang maydoniga ketadi. 1942 yil 3 sentyabrda esa frontdan «Oddiy askar Xojamurat Allamuratov fashizmga qarshi jangda mardonavor qatnashgani va Smolensk viloyatining Karmanov tumani, Tverdunova qishlog‘i yaqinidagi o‘rmonda vazifasini bajarish chog‘ida safdoshlari bilan bog‘lanish imkoni bo‘lmagani uchun izsiz yo‘qolgani» haqidagi xabar va ko‘rsatgan jasorati uchun medalь keldi. Onaizor bu xabarga ishonmadi, «Bolam toshning orasidan yorib chiqadigan azamat yigit», deb unga hamdard bo‘lib kelganlarni ortiga qaytarardi. Ammo oradan uch kun o‘tib, kichik o‘g‘li Auesni ham frontga olib ketishadi. Ayol ikki qanotidan ayrilgan burgutdek azob cheksa-da, ammo dardini ichiga yutadi.
Nigarxan ovulning xotin-qizlariga bosh bo‘lib, ularni matonatli bo‘lishga undaydi. O‘g‘lidan «qoraxat» kelgan onalarga dardkash, jigarporasi o‘lim o‘chog‘ida yurganlarga esa suyanchiq bo‘ladi. Uning metindek irodasi haqida «Orol baliqchisi» gazetasida «O‘limga engilmagan Ona!» sarlavhali maqola chop etiladi. «Nigarxan Mambetkarimova nag‘iz qahraman hayal. Sebebi ol eki balasi urista ekenligine qaramay miynet frontinda jemisli xizmet etpekte. Qizi Suluxan bolsa frontqa samolyot ham aziq auqat jiberiu ushin, konililern topar duzip teatrda xizmet qilmaqta», deb yozilgan gazetada.
Ayol katta o‘g‘lini yigirma besh yil kutadi, shu og‘riqli yillar ichida u o‘zidan o‘tganini o‘zi bildi. Oxiri taqdirga tan berib, 1967 yil Xojamurat Allamuratovga yodgorlik o‘rnatdi.

«Ernazarning «urpag‘iman»

Aues Allamuratov safdoshlariga nisbatan ancha matonatli va jasur edi. U 1942 yil 2-Belorussiya fronti, 36-gvardiya alohida 32-o‘qchi diviziyasida razvedka polkida o‘qchi vazifasida xizmat qiladi. U qisqa muddat ichida jasorat ko‘rsatib, malakali va ishonchli razvedkachilar safiga qo‘shiladi hamda gvardiya komandirlarining nazariga tushadi. Urushda harbiy harakatlanishning o‘z qoidalari bor. Qahramonimiz dushmanning maxsus ob’ektlarini kunduzi va kechqurun razvedka qilishni boshlaydi. Kunduzi razvedka ishlarini olib borish bu o‘limga tik boqish bilan barobar edi.
1943 yilning kuz faslidan Bryansk polkida fashist qo‘shinlariga qarshi jang­ni davom ettiradi. Jangovar harakatlar davomida o‘qchi qo‘shinlari zaxirasi va dushman qo‘shinlarini olib chiqish hamda uzoq masofali harbiy hiylalardan foydalanish bo‘yicha 73 marta missiyada qatnashadi. Kishi hech qaerda qo‘llanilmagan harbiy hiyla ishlatish uchun ancha zakovatli bo‘lishi kerak. Aues Allamuratov esa dushmanning mudofaa chiziqlarini shu qadar chapdastlik bilan kesib o‘tar va sovuqqonlik bilan vazifani bajarardi. Safdoshlariga «Qoraqalpoq xalqining mard o‘g‘loni Ernazarning «urpag‘iman», deb aytardi. Chindan ham Aues Ernazardek jasur, onasi Nigarxan esa Qumar ona singari matonatli ayol edi.
1944 yil 5 aprel… Bu vaqtga kelib, Aues Belorussiya frontining eng oldi razvedkachilari safida edi. Kunduzi o‘tkazilayotgan razvedka jarayonida dushman qo‘shinlari ularni zenit o‘qlari bilan kutib oldi. Guruh vahimaga tushmay, mohirlik bilan vaziyatni qo‘lga oladi. Dushman ancha tajribali va imkoniyati ko‘proq bo‘lsa-da, ammo Aues va uning safdoshlari ulardan ko‘ra epchil edi. Allamuratov dushman askarlariga tuzoq qo‘yishga erishadi va ularni chalg‘itadi. Shuningdek, fashist qo‘shinining eng katta maxfiy bazasi haqida ma’lumot oladi va bu ke­yingi g‘alaba uchun poydevor bo‘lib xizmat qildi. Bu jangda ko‘rsatgan jasorati uchun u «Qizil Yulduz» ordeni bilan taqdirlangan.
Berlinni bosib olishga bo‘lgan jangovar tayyorgarliklarda razvedkachilarning ishi ko‘paydi. 1945 yil 25 aprelda to‘rtinchi marta fashistlar poytaxtiga qarab yurish qilindi. Vazifa o‘ta og‘ir. Sovet armiyasining eng tajribali komandirlarigina bu operatsiyaga jalb etilgan. Guruh a’zolari bu oddiy topshiriq emasligini yaxshi bilishardi. Allamuratov belgilangan manzilga etib bordi. Uning guruhi boshqalardan ancha oldinda ketardi. Kutilmaganda fashist askarlari pistirmadan hujumga o‘tishdi. Bu jangda Aues o‘ng oyog‘idan yaralandi va Saratovdagi gospitalga tushadi.

Yorug‘ kunlar ilinji

Nigarxan ona kenja o‘g‘lini ikki ko‘zi to‘rt bo‘lib kutardi. Ona yorug‘ kunlar ilinjida edi. Va nihoyat, Aues Allamuratov 1947 yilgacha armiyada xizmat qilib, bir shoda orden va medallar bilan uyiga qaytadi. Mana, Xojamuratdan boshqa barcha farzandi yonida. Aues urush qahramoni, qizi Suluvxan esa Qoraqalpog‘iston xalq artisti, el sevgan san’atkor.
Nigarxan onani bejiz Qumar onaga o‘xshatmadim. Qumar onaning yolg‘iz farzandi Ernazar Xiva xoniga qarshi kurashgani uchun qatl etiladi, ammo jasoratiga tan bergan xon uning uzilgan boshini oltin meshda darvozaga ilib qo‘yadi. Buni ko‘rgan Qumar ona metindek iroda bilan «Bolam o‘lmagan, qarang, uning tabarruk boshi hurmatga sazovor bo‘lganini! Xon esa saroyida yashirinib, dimiqib o‘tiribdi!» degan gapi hamon el ichida tildan tilga ko‘chib yuradi…

Ayjamal JOLDASBAYEVA