Kishi xarakteri haqida uning yurish-turishi, xatti-harakatlari, yozuvi va hatto imzosidan kelib chiqqan holda xulosa chiqarish mumkin. Darvoqe, grafologiya aynan dastxat va xarakter o‘rtasidagi bog‘liqlik qonuniyatlarini o‘rganuvchi fandir. Ma’lum bo‘lishicha, muayyan imzoni o‘rganib, uning sohibi to‘g‘risida ba’zi ma’lumotlarga ega bo‘lish mumkin. Buning uchun esa quyidagi omillardan xabardor bo‘lish lozim.

Yo‘nalishi

Xarakterida optimistlik, qo‘yilgan maqsadga intiluvchanlik kuchli bo‘lgan kishilar imzosining oxiri yuqoriga yo‘naltirilgan bo‘lib, ular qiyinchiliklarni engib o‘tishda sabrli va matonatlidirlar hamda muvaffaqiyatsizlikka uchraganda, aslo umidsizlik tomon yuz tutmaydilar. Bunday imzo ijodiy faoliyat bilan shug‘ullanuvchi yoki ijodga moyillar orasida ko‘proq uchraydi.
Oxiri to‘g‘ri yo‘nalishli imzo optimistik va pessimistik kayfiyatlarning me’yorini saqlovchi kishilarda kuzatiladi. Albatta, ularning xarakteri shakllanuvida atrof-muhit muhim ahamiyat kasb etadi.
Agar imzoning oxiri pastga yo‘nalsa, demak, uning sohibi xarakterida tezda tushkunlikka tushish, irodasizlikni kuzatish mumkin.

Uzunligi

Uzun imzo odatda shoshma-shosharlikka yo‘l qo‘ymaydigan, masalaning mohiyatiga etishga intiluvchan, qat’iyatli, shu bilan birga biroz qaysar, mijg‘ov va injiq kishilarda uchraydi.
Agar imzo qisqa bo‘lsa, bu tezkorlik belgisidir. Bunday kishilarning voqea-hodisa haqidagi fikr-mulohazalari, xulosalari biroz yuzaki tusga ega. Sababi, batafsil va chuqur tahlilni talab etuvchi ishlarda sabr-bardoshlari etmaydi.
(Ta’kidlash joizki, ba’zi kasb egalarining ikkita imzosi bor. Biri rasmiy bo‘lsa, ikkinchisidan, ya’ni uzunligi bo‘yicha qisqasidan kundalik ishi davomida turli hujjatlarga vaqt va joyni tejash maqsadida foydalanadilar).
Shuningdek, imzoning yozuvidagi bosimga ham ahamiyat bering. Masalan, o‘ziga ishonchi baland, qat’iyatli kishilarning imzosidagi harflar nisbatan qalin bo‘ladi.

Balandligi

Agar imzodagi bosh harf o‘lchamlari bo‘yicha qolganlaridan farq qilsa, bu – injiqlik, o‘ziga va atrofdagilarga nisbatan o‘ta talabchanlikdan dalolat.
Aksincha, bosh harfning kattaligi bilinar-bilinmas bo‘lsa, uning sohibi kamtarin, umuman olganda, hayotidan ko‘ngli to‘qligini bildiradi.
Kichik harflar aql-idrokka tayanib ish ko‘ruvchi, tejamkor va dangalchi, shuningdek, osongina fikrini, diqqat-e’tiborini bir joyga yig‘a oladigan kishilar imzosida uchraydi. Ammo juda mayda harflar ziqnalik va xudbinlikka moyillik belgisi sanaladi.
Katta harflar esa xayolparastlik, ancha ishonuvchanlik, soddalik, keragidan ortiqcha mehribonlik va notejamkorlikdan xabar beradi. Shuningdek, ularning har ishda mustaqillikka intilishlarini anglatadi.

Shakli va
tushunarli yozilishi

Yumshoq tabiatli va bosiq, rahmdil kishilar imzosidagi harflar ko‘proq dumaloq shaklga ega. Qirrali harflar jahli tez, sabrsiz, izzattalab, qaysar insonlarga xos.
Tushunarli yozilgan harflar xatti-harakatlari yon-atrofdagilar uchun jumboq bo‘lishidan saqlanuvchi va aslida ko‘pchilikka ochiq munosabatda bo‘lishga intiluvchi kishilar imzolarida uchraydi. O‘qib bo‘lmas harflarga ko‘zingiz tushdimi? Bilingki, bunday imzo sohibi nisbatan xudbin bo‘lib, u uchun o‘zgalar fikri deyarli ahamiyatga ega emas.

Qiyaligi

Tikka harflar aql bilan ish ko‘ruvchi, bosiq va ba’zan qaysar kishilarga xos.
O‘ng tomonga og‘uvchi (haddan ziyod «yotib» qolish holati bundan mustasno) harflar sohibi odatda o‘zgalarni tushunishga intilishidan dalolat.
Chapga og‘gan harflar o‘jarlik, talabchanlik, yon-atrofdagilarga ishonchsizlik, ba’zan esa nosamimiylik belgisidir.
Bir imzoning o‘zida turli tomonga og‘gan harflar uchrasa-chi? Bunday kishilar bilan jiddiy munosabatga kirishishda biroz ehtiyotkor bo‘ling. Sababi, maqsadlardagi beqarorlik, injiqlik, o‘zini qo‘lga ololmaslik ularga xos bo‘lib, odatda nima istayotganini o‘zlari aniq bilmaydilar.

O‘zaro bog‘lanishi

Imzodagi barcha harflar o‘zaro bog‘langan bo‘lsa, bu – mantiqiy fikrlay olish qobiliyatidan dalolat. Biroq bu holatda mushohada yuritishda biroz chegaralanish mavjud bo‘lib, yangi narsalarni qiyinchilik bilan qabul qilish kuzatiladi.
Harflar orasida oz miqdordagi uzilishlar yangi shart-sharoitga oson moslashuvchanlikni, real voqelikni ko‘ra bilish qobiliyatini ang­latadi.
Harflar haddan ziyod uzuq-yuluq bo‘lsa, xayolparastlik, yon-atrofdagilarni kutilmagan xatti-harakatlar bilan lol qoldirishga, bosh­qalarning e’tiborini tortishga bo‘lgan kuchli ishtiyoqdan darak beradi.

Oraliq masofasi va tizilishi

Mazkur omilga tayangan holda kishining qay darajada saxiyligi va qo‘li ochiqligini bilish mumkin. Agar harflar oraliq masofasi katta bo‘lsa, bunday imzo sohibi o‘ta saxiy bo‘lib, ba’zan isrofgarchilikka ham yo‘l qo‘yishi ehtimoldan xoli emas.
Qisman yoki butunlay bir-birining ustiga chiqqan harflar tejamkorlik, hatto ziqnalik belgisi hamdir.
Harflarning bir chiziqqa tizilgandek tekis joylashuvi his-tuyg‘ularni jilovlay olish va bosiqlikdan, mulohaza bilan fikrlay olish qobiliyatidan dalolat. Aksincha, harflari «o‘ynaydigan» imzo sohibi ta’sirchan va hissiyotlarga beriluvchanligi bilan ajralib turadi.

Bezaklar

Imzosining ostidan chizuvchilar boshqalarning o‘zi haqidagi fikri bilan juda qiziqadilar, tez va uzoq vaqtgacha kek saqlaydilar.
Ustki tomondan chizilgan imzo mag‘rurlik va yuqori cho‘qqilarni ko‘zlashdan darak beradi.
Imzo oxiridagi «dumcha»ning uzun bo‘lishi ehtiyotkorlik, tanqid va buyruqlarni ko‘tara olmaslikdan nishona.
Imzoning o‘zini chizuvchi insonda ko‘p ikkilanish va shubhalanish, o‘zidan qoniqish hosil qilmaslik va o‘ziga nisbatan tanqidiy ko‘z bilan qarash ustunlik qiladi.

Turli halqalar

Odatda, o‘ylarini oshkor qilmaydigan va mus­taqillikni xush ko‘ruvchi, ba’zan «ichimdagini top, deydiganlar» tipidagi kishilar imzoni halqaga oladilar. Halqaning katta-kichikligi esa yuqoridagi xususiyatlarning qay darajada kuchli yoki kuchsizligini anglatadi.
Shuningdek, halqa qaysarlik va o‘jarlik, ehtiyotkorlik, biror g‘oya va muammolarga haddan ziyod beriluvchanlik belgisi hamdir.

Nuqta

Umuman olganda, nuqtaning mavjudligi ijobiy holat hisoblanadi. U imzo boshida bo‘lsa, bunday kishi har ishga obdan tayyorgarlik ko‘rib, etarli ma’lumotlarni to‘plagandan keyingina kirishadi. Imzo oxiridagi nuqta esa boshlagan ishni yakuniga etkazishga kuchli intilish va mas’uliyatlilikdan dalolat beradi.

Farqlanish

Tinch holatda, biroq turli vaziyatlarda imzoni har xil tarzda qo‘yadigan insonlarning yon-atrof­dagilarga nisbatan munosabati bir xil emas. Ya’ni o‘zi uchun muhim kishilar oldida o‘zining ijobiy xislatlarini ko‘rsatsa-da, kundalik hayotda bosh­qalar uchun loqayd va beparvodir.
Shuningdek, kishi dunyoqarashining kengayishi, xarakteri shakllanuvi vaqt o‘tishi bilan imzodagi o‘zgarishlarda o‘z aksini topishi mumkin.

Imzo amplitudasi

Agar imzo o‘lchamlari boshidan oxiri tomon kichrayib borsa yoki chiziq bilan yakunlansa, uning sohibidagi ishchanlik, kuch-quvvat va qiziqish faoliyatning yakuniga qarab so‘nib boradi va unda asabiylashish, charchoq alomatlari seziladi. Shuningdek, bu nozik did va ustamonlik belgisi hamdir.
Imzodagi o‘sish oxiridan bosh tomon bo‘lsa, uning sohibi ishi davomida faollikni oshirib boradi. Darvoqe, bunday kishilar sir saqlay olmaydilar.
Imzoning bir tekis bo‘lishi barqaror ishchanlik qobiliyatidan, mehnat va shaxsiy hayotda muvozanatni saqlay olishidan dalolat.

Kamoliddin XUDOYNAZAROV
tayyorladi.