Gruzin kino ijodkori, rejissyor Rezo Chxeidze tomonidan 1964 yili suratga olingan «Soldat otasi» filmi ko‘plab kino muxlislari ko‘nglidan joy olgan. Jangda yaralangan o‘g‘lini ko‘rishga otlangan Georgiy Maxarashvili keksa bo‘lishiga qaramasdan, harakatdagi armiya safiga qo‘shilib, fashistlarga qarshi janglarda ishtirok etadi. U Ukraina, Belorussiya va Evropani ozod qilishda qatnashib, Germaniyaga kirib bordi, ammo o‘g‘lini tirik ko‘rish unga nasib etmaydi. Ko‘plab kino ixlosmandlarining sevimli qahramoni Georgiy Maxarashvili obrazining hayotdagi o‘zbek prototipi bo‘lganligini hamma ham bilmasa kerak.

Toshkentlik Hasan ota Islomov. Shahar ahli orasida «Hasan domla» nomi bilan ma’lum edi. U 1896 yili Toshkentning Obinazar mahallasida yangi usuldagi maktab ochib, muallimlik qilgan. Keyinchalik bu maktab «18-sharq maktabi» deb atala boshlangan. Hasan ota o‘zi ziyoli inson bo‘lgani bois farzandlari Sirojiddin, Zuhuriddin, Qamariddinlar ham ota kasbini davom ettiruvchilar bo‘lib etishadi.
Hasan otaning to‘ng‘ich o‘g‘li Sirojiddin 1939 yili Sovet armiyasida muddatli harbiy xizmatni o‘tash uchun ketadi. 1941 yilning 22 iyunida Ikkinchi jahon urushi girdobiga sovet davlatining tortilishi musibatlarning boshlanishi edi. Hasan ota urushning keyingi oyi, aniqrog‘i, 1941 yilning 24 iyulida Sirojiddinning halok bo‘lgani haqida «qoraxat» oladi. Bunday musibat har qanday insonni gangitib qo‘yishi aniq. Ammo Hasan ota yurtga kelgan baloni, fashizm butun insoniyatni Er yuzidan supurib tashlashi mumkinligini tushunib turardi. «El boshiga tushgan musibat oldida bu shaxsiy musibat hech qancha emas», deb bilgan Hasan ota Andijonda ota kasbini davom ettirayotgan o‘g‘li Zuhuriddinni zudlik bilan Toshkentga chaqirib oladi va harbiy komissarlikka olib borib, frontga jo‘natishlarini so‘raydi.
Ikkinchi o‘g‘lini o‘z qo‘li bilan urushga jo‘natmoqchi bo‘lgan Hasan ota haqidagi xabar Respublika rahbari Usmon Yusupovga etib boradi. O‘sha yili 6 dekabrda Toshkent shahar mehnatkashlari vakillarining umumxalq yig‘ilishida so‘z olgan Hasan ota shunday deydi: «Birodarlar, agar bugun fashistlar rus, ukrain, belarus, moldavan shahar va qishloqlarini yondirayotgan ekan, indamay qo‘l qovushtirib o‘tiraversak, ertaga bizning ayollarimiz va qizlarimiz, otalarimiz va onalarimizni vahshiylarcha azob­lashlari, muqaddas ona tuprog‘imizni oyoq osti qilishlari mumkin… Hammamiz Vatan himoyasiga otlanmog‘imiz lozim!» Bu so‘zlar majlisda yig‘ilganlar qalbini junbishga keltiradi. Shundan so‘ng Hasan domla o‘g‘li Zuhuriddinga yig‘ilganlar oldida qadimiy o‘zbek qilichini topshiradi va keyingi o‘g‘li Qamariddin ham frontga ketishga shay turganini aytadi. Bu so‘zlardan ta’sirlangan Respublika rahbari Usmon Yusupov Hasan otani bag‘riga bosib, Vatan va xalq nomidan unga tashakkur aytadi.
Ikkinchi jahon urushida qozonilgan G‘alabaning 50 yilligiga bag‘ishlab 1995 yili nashr etilgan «Xotira» kitobining majmua jildida Hasan ota Islomovga alohida mavzu ajratilgan. Ushbu kitobni varaqlar ekansiz, quyidagi tarixiy voqeaning guvohiga aylanganday bo‘lasiz. 1941 yil dekabr oyida fashistlar qo‘shini Moskva ostonalariga etib kelgan, «Bir qadam ham orqaga chekinmang!» da’vati bilan sovet qo‘shinlari shiddatli jang olib bormoqda. Shu damda qo‘shinning ruhiyatini ko‘tarish maqsadida Yo‘ldosh Oxunboboev boshliq O‘zbekis­ton xalqining vakillari Moskva ostonalaridagi mudofaachilarga Yangi yil sovg‘alari ulashish uchun yo‘lga chiqadi. Ular orasida Hasan ota Islomov ham bor edi. Hasan ota Islomov boshchiligidagi guruh mashhur sarkarda armiya qo‘mondoni general-leytenant Konstantin Rokossovskiy qo‘mondonligidagi qismlarga yo‘l olishdi. Shu tariqa Moskva mudofaachilariga o‘zbek xalqi yuborgan sovg‘a-salomlar topshirildi.
O‘zbek delegatsiyasining eng keksa a’zosi Hasan ota Islomov general-leytenant Konstantin Rokossovskiyni hayratga soladi. Shunday qaltis vaziyatda front chizig‘ida keksa otaxonni uchratish qo‘mondonni ajablantirgan, albatta. Shundan so‘ng Rokossovskiy otaxonni suhbatga tortadi. Suhbatga guvoh bo‘lgan Yo‘ldosh Oxunboboevning keyinchalik xotirlashicha, Hasan ota Moskva mudofaasida tinka-madori qurigan jangchilarga juda katta ruh bera olgan. Ayniqsa, bu suhbatdan qo‘mondon va mudofaadagi o‘zbek jangchilari juda katta motivatsiya oladi. Hasan ota o‘zining zukko va donoligi bilan general-leytenant Konstantin Rokossovskiyning butun umr xotirasida qoladi.
O‘zbekiston delegatsiyasining Moskva ostonalaridagi front chizig‘ida bo‘lishi jangchilarni yangi-yangi jasoratlarga ilhomlantiradi. Balki shu voqea sabab 1 753 nafar o‘zbekistonlik jangchi Moskva ostonasidagi janglarda mardlik va jasorat namunalarini ko‘rsatganligi uchun «Moskva mudofaasi uchun» medali bilan taqdirlangan.
Hasan ota Islomov Ikkinchi jahon urushi yillarida farzandlarini urushga jo‘natib, o‘zi front ortida mardonavor mehnat qilgan oddiy keksa yurtdoshlarimizdan biridir. Urush yillari bunday mard insonlarni mamlakatimizning har bir burchagidan, har bir qishloq va shaharlaridan topish mumkin edi. Ikkinchi jahon urushida xalqimiz ko‘rsatgan mislsiz jasorat, matonat ramzi sifatida barpo etilgan «Shon-sharaf» muzeyining dastlabki ekspozitsiyalari ichida Hasan ota Islomovning rasmi alohida ajralib turibdi. Unga nazaringiz tushishi bilan mazkur voqealar ko‘z o‘ngingizda gavdalanadi. «Shon-sharaf» muzeyi Hasan ota Islomov kabi insonlarni bugungi avlodga namuna sifatida ko‘rsatish, ularga munosib voris bo‘lib etishishga chorlovchi vatanparvarlik maktabi bo‘lib xizmat qiladi.

Habibulla XOLMATOV,
Chirchiq oliy tank qo‘mondonlik-muhandislik
bilim yurti Gumanitar fanlar kafedrasi dotsenti