Tikuvchi ayollar haqida so‘z ketganda ularga nisbatan «qo‘li gul chevar», degan ta’rif beriladi. Bu so‘z ayol yaratuvchanligi, uning tikish borasidagi mahorati, iste’dodiga berilgan eng yuksak baho, eng yaxshi e’tirof, aslida.
Har xil matodan go‘zal va bejirim buyum va liboslar yaratayotgan tikuvchining chaqqon harakatlarini kuzatganmisiz? Go‘yo u sizning nazaringizda ertakdagi sehrgarga o‘xshaydi. Chunki oddiygina matolar tikuvchining mehnati bilan chiroyli kiyim-kechak­larga, ust-boshlarga aylanadi. Ana shunda matodan go‘zallik yaratishga qodir chevarlarimizning mehnatiga tan berasiz. Sirdaryo viloyatining Shirin shahridagi harbiy shaharchada tashkil qilingan tikuv tsexida ham ana shunday qo‘li gul chevarlar ishlaydi.
Biz tikuv tsexida hunar o‘rganish bilan birga uni amaliyotga tat­biq qilayotgan ayollarni ish ustida uchratdik. E’tiborli jihati, ularning barchasi harbiy oila bekalari. Ayollarning aytishicha, ular tsexda ish boshlagunga qadar tikish-bichish bo‘yicha etarli malakaga ega bo‘lmagan ekanlar. Nilufar Dadajonova va Matluba Mo‘minovadan qisqa vaqt mobaynida tikish sirlarini mukammal o‘rganishibdi. Bugun bu ayollar tikayotgan kiyim-kechak­lar, trikotaj buyum­lari, ko‘rpa-to‘shak jildlari har qanday chet el mahsulotidan qolishmaydi. Shuning uchun ham tashkil qilinganiga hali ko‘p vaqt bo‘lmagan tsexda tikilayotgan kiyim-kechaklarga talab kuchli, buyurtma beruvchilarning keti uzilmaydi.
Tikuv tsexi bosh tikuvchisi Nilufar Dadajonova andijonlik. Bolaligidan tikuvchilikka mehri tushgan Nilufar maktabning yuqori sinfida o‘qib yurganida mahalladagi nomdor tikuvchiga shogird tushadi. U juda zehnli qiz edi. Shu sababli ustozidan tikish-bichishning siru sinoatini juda tez o‘zlashtirishga erishdi. Ustozidan oq fotiha olib, mustaqil faoliyat boshlagan yosh tikuvchining tikkan ko‘ylaklari birpasda ko‘pchilikning tiliga tushadi.
– O‘sha vaqtlarda baribir tajribasiz edim. Chunki tikilishi va bichilishi qiyin ki­yim-kechaklarni tikishni bilmasdim-da. Shuning uchun keyinchalik «Mashhura» o‘quv markazida malaka oshirdim, zamonaviy kiyim-kechaklarning tikilish uslubini, erkaklar ust-boshlarini, bolalar kiyim-kechaklarini tikishni mukammal o‘rgandim, – deydi u. – Ustozim har doim: «Chevarlik ham igna bilan quduq qazishdek gap. Shu boisdan ham tikuvchi birinchi navbatda sabr-toqatli, chinakam ijodkor bo‘lishi, shu bilan birga, go‘zallikni tezda ilg‘ay olishi ham kerak bo‘ladi. U libos tikilayotgan matoning sifati, rangiga qarab, andoza ola bilishi kerak. Bunda esa eng avvalo, kiyim tiktirayotgan mijozning rangi ro‘yi, qaddi-qomati ham e’tibordan chetda qolmasligi zarur. Ana shunda unga qanday bichim mos kelishini darhol ko‘z oldingga keltirasan. Yodingda tutgin, chevarga birinchi baho u tikkan choklarga qarab beriladi. Shunday ekan, hech bir ishni qo‘l uchida qilmagin», derdi. Bu o‘gitlarga, ko‘rsatilgan yo‘l-yo‘riqlarga shu kungacha amal qilib kelyapman.
Yillar o‘tdi. Nilufarning tajribasi oshdi. U urf bo‘lgan liboslar bichimidan mutlaqo yangi, o‘ziga xos bichimlar yaratishga erishdi. Hatto, harbiy liboslar tikishni o‘rgandi. Vaqt o‘tib, u va shaharchaning yana bir mohir chevari – Matluba opaning qalbida egallagan hunarlarini mahalladagi boshqa ayollarga, qizlarga ham o‘rgatish istagi paydo bo‘ldi. Bu tashabbusni mahalladoshlari hamda mahalla faollari ham qo‘llab-quvvatlashdi, harbiy qism qo‘mondonligi tomonidan tsex uchun alohida joy ajratildi.
– Ayni vaqtda tikuv tseximizda olti nafar ayolni ish bilan ta’minlaganmiz, – deydi Matluba Mo‘minova. – Yana o‘nga yaqin ayollar shogird tushgan. Buyurtmalarimiz ko‘p. Hatto, ba’zida ulgurolmay qolamiz. Men ayollarning tikuvchilikka qiziqishidan ruhlanaman. Ularning hunarli bo‘lishi uchun oz bo‘lsa-da hissamni qo‘shayotganimdan ko‘nglim tog‘ qadar yuksaladi…
Ha, tikuvchi uchun amaliyot katta maktab vazifasini o‘taydi. Ya’ni tikuv mashinasi qarshisida qancha ko‘p o‘tirsangiz, shuncha mahoratingiz sayqallanadi. Eng asosiysi, etuk chevar darajasiga etishasiz. Tahsinga sazovor jihati, mazkur tsexda faoliyat yuritayotgan bekalarimiz amaliyot davomida nafaqat ayollar, balki bolalar va erkaklar ust-boshlarini tikishni ham astoydil o‘zlashtirishyapti, bilmaganlarini o‘rganishyapti. Keling, shu o‘rinda tsexda faoliyat yuritayotgan ayollarning fikrlariga quloq tutsak.
– Oliy ma’lumotliman. Mutaxassisligim defektolog, – deydi Guljahon Qodirova. – Ayni vaqtda farzand tarbiyasi bilan mashg‘ulman. Tikuvchilikka qiziqishim baland. Shuning uchun ishga chiqqunimcha uyda bo‘sh o‘tirmay, bichish-tikishni o‘rganmoqchiman. Bu fikrimni turmush o‘rtog‘im ham ma’qulladi. Hali o‘zim mus­taqil kiyim tikmadim. Hozircha bichishni o‘rgandim. Ishonasizmi, borgan sari tikuvchilikka mehrim ortyapti. Tikuvchilarni bejiz mo‘’jiza yaratuvchilari, deyishmas ekan…
– Oilali ayol tikishni bilishi kerak. Axir qozontutqich, peshband, yostiqjild va hokazolarni tikishni bilsangiz, oilaviy byudjetingizga ham foyda-da, – deydi yana bir suhbatdoshimiz Gulnoza Zoilova. – Shaharchamizda tikuv tsexi ochilayotganini eshitganimda juda xursand bo‘ldim. Keyin tsexga birinchilardan bo‘lib ishga kirdim. Hozir tikishga binoyidek qo‘lim kelishib qoldi. Yaqin orada o‘zim mustaqil kiyim tiksam kerak.
– O‘rgangan hunarimni hayotdagi yutug‘im, deb o‘ylayman. Eng asosiysi, men ham mehnat qil­yapman, oilamga foydam tegyapti. Bundan judayam baxtiyorman, – dey­di Tabassum Bozorova. – Tsexdagi ayollar bilan juda ahilmiz. Xuddi opa-singillardek. Shuning uchun har kuni ish joyimga shoshaman. Hayotim yanayam mazmunli bo‘lyapti. Keyinchalik vaqti kelsa men ham mustaqil faoliyat yuritib, tadbirkorlik bilan shug‘ullanarman. Axir buning uchun mustaqil yurtimizda barcha shart-sharoitlar etarli. Eng muhimi, kelajakdagi rejalar uchun bugundan zamin hozirlashga harakat qilyapman…
Xayrli ishning yo‘li hamisha ochiq bo‘ladi, deb bejiz aytishmaydi. Aslida bir insonga hunar o‘rgatish eng savobli amaldir. Istagimiz, yaxshilikni umrining mazmuni deb bilgan, ezgu ishga bosh qo‘shayotgan ayollarimiz safi kengayaversin.

Mayor Gulnora
HOJIMURODOVA