Ikkinchi jahon urushiga safarbar etilganida Ubaydulla Musaev 27 yoshda edi. Zangiota tumani Zangiota qishlog‘idan urushga ketgan ko‘plab yigitlar qatori u ham urush davrida tinchlik, ozodlik uchun qahramonlarcha jasorat ko‘rsatdi. Buni uning kostyumiga qadalgan Ikkinchi jahon urushi davridagi I (12.06.1945) va II (14.02.1945) darajali «Shuhrat», «Mehnat qahramoni», «Mehnat jasorati uchun» singari qator jangovar orden va medallar tasdiqlaydi.

Sovuq urush daragi kelguncha qahramonimiz Zomin tumanida paxta qabul qilish punkti direktori, Samarqandda o‘rta maktab o‘qituvchisi lavozimlarida mehnat qildi. Qarog‘ida bolalik o‘ti porlagan o‘g‘il-qizlarga saboq bergan Ubaydulla muallim dushmanga qarshi kurashda ham o‘zini burchli, deb bildi. Dastlabki janglarda halok bo‘lgan vatandosh­larimizning uyiga «qoraxat» kelib, oilalar motamda qolganiga uning otash yuragi aslo chidab turolmasdi. 1941 yili frontga jo‘natilganidan keyin qurolli askarlar safiga qo‘shildi.
Shiddatkor va ayovsiz janglarning oldingi saflarida g‘animga qarshi kurashgan leytenant Ubaydulla Musaev og‘ir va mashaqqatli damlarda ham qahramonlik, fidoyilik ko‘rsatdi. Jumladan, Sharqiy Prussiyani ozod etish yo‘lidagi janglarda jonini ayamay, chinakam mardlik namunasini ko‘rsatgani uchun ikki marta jangovar ordenlar bilan taqdirlanadi. Mohir mergan sifatida u nishonni aniq olgani uchun 1944 yili 216-o‘qchi diviziyasi 589-o‘qchi polkining o‘qchilar vzvodiga komandir etib tayinlandi.
Keskin va olovli urush yillarida u ko‘k­rak qafasidan yaralandi. O‘q chap ko‘ksiga tegib o‘tgan edi. Ne mo‘’jizaki, joni omon qolib, shahar gospitalida davolangach, yana quroldoshlari safiga qaytdi. G‘anim hujumiga ko‘ksini qalqon qilgan merganning qo‘rqmas yuragi uncha-muncha o‘qni pisand etmaganiga shifokorlar ham tahsin aytadi. Unga tegishli hujjatlar hozir Moskvaning harbiy arxivida saqlanib qolgan.
1945 yili ko‘plab mard o‘g‘lonlar turli tan jarohati olib, uyiga qaytdi. Afsuski, kimlargadir bu imkoniyat nasib etmadi. Xatarli o‘qlar «yomg‘iri»dan omon qolgan o‘qchi tarixiy g‘alabadan so‘ng o‘zi tug‘ilib o‘sgan ota qishlog‘i – Zangiotaga qaytib, ko‘p yillar fidokorona mehnat qildi. Umrining oxirigacha mamlakat taraqqiyoti va kelajagi uchun o‘z hissasini qo‘shdi.
Ikkinchi jahon urushi tugaganidan ke­yingi davrda hayot kechirish juda og‘ir edi. Yangi­yo‘l tumanidagi Sverdlov jamoa xo‘jaligiga rais­lik qilgan U. Musaev turmush qiyinchilik­lariga qaramasdan, jamoa xo‘jaligiga yangi idora, aholiga qulay va zarur sharoit yaratish maqsadida qishloq farzandlari uchun maktab, uning yonida bolalar shifoxonasi, katta hammom, pochta, telefon, telegraf xonasi qurib bitkazilishida ezgu tashabbus ko‘rsatdi. Qishloqdagi og‘ir ahvolda qolgan xonadonlarga tomorqa berish va undan foydalanish, uy, hovli-joy solishga etarlicha yordam qo‘lini cho‘zdi.
– 1959 – 1961 yillarda Ubaydulla Musaev ko‘plab yoshlarni qishloq xo‘jaligi mexanizatorlarini tayyorlash o‘quv kursida, qiz-juvonlarni olti oylik paxta terish mashinasi bo‘yicha o‘qitdi. Izlagan imkon topar, deganlaridek, bir yil mobaynida qunt bilan o‘qigan o‘spirin yoshlar mexanizator ixtisosligi bo‘yicha yo‘llanma olib, o‘z ish o‘rinlarga ega bo‘ldilar. Men ana shu kurs­larda o‘qish davomida Ubaydulla akani yaqindan taniganman, – deya eslaydi o‘z xotiralarida mehnat faxriysi To‘laganxo‘ja Azamatov. – 1967 yildan mudofaa ishlari bo‘limi tomonidan kolxoz, sovxoz va avtokorxonalardagi harbiy ro‘yxatda turgan texnikalarning zaxira qismlarini ko‘rikdan o‘tkazish uchun xizmat safariga jalb etildim. Ish yuzasidan Ubaydulla Musaev bilan juda ko‘p suhbatlashib, o‘gitlarini oldim, hayotiy tajriba orttirdim. U hech bir qishloqdoshi hayotiga befarq bo‘lmagan, o‘z yurtiga sodiq inson edi. 1963 yili yuksak xizmatlari inobatga olinib, «Mehnat qahramoni» unvoni bilan taqdirlandi. 1965-1966 yillarda «Nov» nomli respublika sog‘lomlashtirish maskaniga asos soldi va uni qurib bitkazishda o‘zi bosh-qosh bo‘ldi. Tabiiy mineral suv chiqib turgan ushbu sanatoriya asosan ko‘zi ojizlar uchun xizmat ko‘rsatgan. Ubaydulla aka umrining oxirgi yillariga qadar mazkur dam olish sihatgohining direktori sifatida faoliyat yuritdi.
O‘z umrini halol va samarali mehnati bilan bezagan qahramonimiz 1972 yil 16 mart kuni vafot etdi. Hamqishloqlari bu insonni hanuzgacha bag‘rikeng, o‘z ishini sidqidildan bajargan fidokor, xalqparvar edi, deb esga oladi. Shunday qahramonlarimiz orasida Muhammad Zangirov, Abdulla Qurbonovni ham eslash o‘rinlidir. Bu kabi ota-bobolarimiz xotirasi tarixda abadiy qoladi va ularni eslash insoniy burchimiz hisoblanadi.
Fidoyi va tashab­buskorligi bilan Zangiota tumanini obod qilishga beminnat hissa qo‘shgan Ubaydulla Musaevning yodi va yorqin xotirasini abadiylashtirish maqsadida Zangiota qishlog‘idagi ko‘cha, Tinchlik qish­log‘idagi mahallalarning biri uning sharafiga nomlangan.
– Buvamning bir o‘g‘il, bir qizi bo‘lgan, – deydi biz bilan suhbatda boboning eng kichik nabirasi Zilola Abdualimova. – Ularning ikkovi ham bobomning izidan borib, maktabda o‘qituvchilik qildi. Dadamning etti, ammamning olti farzandi bor. O‘ttizdan ortiq nabiralari bobomning hayot yo‘llari, odamlarga qilgan yaxshiliklari to‘g‘risida ham ko‘p eshitgan. Ayniqsa, ijodkorlikka ishtiyoqi baland bo‘lganidan bir kitobga etgulik, mag‘zi to‘q, salmoqli she’rlar yozgani bizga bebaho meros bo‘lib qolgan. Uning ushbu ijod namunalarini jiyani alohida kitob holida to‘plab, «Ubaynoma» nomi ostida chop ettirdi. Uni mutolaa qilib, beixtiyor o‘sha davr muhiti, iztirob­larini his etasiz. Biz shunday bobomiz bilan haqli ravishda faxrlanamiz.

Dilshod RO‘ZIQULOV,
«Vatanparvar»