Bugungi dunyoning uchdan ikki qismini Evroosiyo va Afrika qit’alari tashkil etadi. Bu hududlarda taxminan besh milliard kishi yashaydi. Shuning uchun mazkur mintaqalar o‘z vaqtida geosiyosat klassiklarining «jahon oroli» deya tavsiflangan. Makon nuqtai nazaridan bu hudud bugun ham ahamiyatini yo‘qotgani yo‘q. To‘g‘ri, hozir quruqlik makonlari ustidan nazorat klassik geosiyosatda bo‘lgani singari, katta jiddiy geosiyosiy ahamiyatga molik emas. Biroq bu makonlardagi tabiiy resurslarni o‘zlashtirishi, mehnat zaxiralariga ega bo‘lishi va geoiqtisodiy boyishning boshqa vositalaridan foydalanishiga qarab, jahon davlatlarining iqtisodiy va siyosiy roli tegishli ravishda aniqlanadi.

Hozirgi zamonda jahon makoni ustidan nazorat ko‘p jihatdan davlatlarning o‘z hududi va chegaralari doirasida aholiga virtual ta’siri, xalqlarning ijtimoiy tuzilmasi, xulq-atvor madaniyati va dunyoqarashiga ta’sir o‘tkazish imkoniyatlari bilan aniqlanadi. Ammo shu bilan birga geosiyosiy makonlar ustidan nazorat borgan sari ular ustidan axborot nazorati o‘rnatishga almashmoqda.
Dunyoni boshqaraman, degan siyosiy markazlar jahon aeroportlari, milliy va xalqaro havo makonlari ustidan nazorat o‘rnatish uchun ham kurash olib borayotganini nazardan qochirmaslik kerak. Davlat milliy havo makonining xavfsizligi uning harbiy-kosmik, iqtisodiy va madaniy-axborot makoni xavfsizligi bilan bevosita bog‘liqdir. Hozirgi vaqtda jahonda taxminan 5 ming xalqaro va mahalliy aeroport mavjud. Ular orqali yo‘lovchi va yuk tashuvlari olib borilmoqda. Butun milliy havo makoni, shu jumladan aeroportlarning, chegara elektron axborot, signal va mudofaa tizimining xavfsizligini ta’minlash davlatning suveren huquqlarining asosiy elementlaridan biri va qudratining timsoli hisoblanadi. AQSh, Buyuk Britaniya, Rossiya, Yaponiya, Frantsiya, Kanada, Xitoy, Germaniya o‘z mamlakati va jahon havo makoni ustidan nazoratni amalga oshiradigan eng muhim davlatlar sirasiga kiradi. Shuni ham aytib o‘tish kerakki, AQSh, Evropa Ittifoqi, Rossiya – zamonaviy yo‘lovchi, yuk va harbiy samolyotlar, AQSh, Frantsiya, Kanada va Rossiya – vertolyot ishlab chiqaruvchi asosiy mamlakatlardir. Havo makonlarini himoya etish harbiy dengiz kuchlari bilan birgalikda amalga oshirilishini hisobga olsak, qudratli 3-4 davlatning triada salohiyatini rivojlantirishga, ham quruqlik, ham havo, ham dengiz qurollarini birgalikda takomillashtirayotgani sababi ayon bo‘ladi.

Jahon kosmik makoni va Er atrofidagi orbitani egallash va uning ustidan nazoratni o‘z qo‘lida ushlab turish masalasida ham yirik davlatlarning raqobati tingani yo‘q. Bu xususiyat elektron va raketa texnikasi keng qo‘llanilayotgan keyingi 30 yil ichida jahon geosiyosiy tuzilmasining muhim mezonlaridan biriga aylanib, kosmik makonni o‘zlashtirish va undan foydalanish vaziyatini belgilay boshladi. Bu sohada AQSh, Rossiya va Xitoy eng ilg‘or davlatlardan hisob­lanadi. Keyingi vaqtlarda Frantsiya, Britaniya, Yaponiya, Evropa Ittifoqining qator davlatlari o‘zlarining kosmik makonni egallashga va ayrim maqsadlari yo‘lida ko‘pdan-ko‘p strategik dasturlarini amalga oshirishda undan foydalanishga qodir ekanliklarini namoyon etdilar. Bugun atmosferani va Er atrofidagi orbitani egallash, kosmik makonni nazorat qilishning strategik dasturlari asosan AQSh va uning NATOdagi ittifoqchilari tomonidan ko‘proq amalga oshirilmoqda. Bu dasturlar AQShning kosmosda harbiy-strategik nazorat olib borish funktsiyasini amalga oshirishga xizmat qiladi va raqibning NATO mamlakatlarini nishonga olgan raketalaridan mudofaa sistemasini yaratish maqsadini ko‘zlaydi. Xalqaro huquq kosmosni militarizatsiya qilish imkonini bermasligiga qaramay, AQSh, Rossiya va Xitoyning har biri ayrim-ayrim ravishda kosmosdan harbiy maqsadlarda foydalanish yo‘nalishida jiddiy ish olib borayotir. Tadqiqotchilar kosmosdan harbiy va strategik maqsadlarda foydalanish tobora tezlashadi va yaqin 50 yil ichida eng muhim geostrategik vositaga aylanadi, deb hisoblamoqdalar.
Er yuzasida mavjud kosmodromlar, kosmik raketalar va planetalararo ballistik raketalarni uchirish infratuzilmasi jahon kosmik makonini nazorat etishda alohida geosiyosiy rol o‘ynaydi. Ba’zi manbalarning ma’lumotlariga qaraganda, hozir jahonda 21 kosmodrom bor. Ulardan 4 tasi Rossiyada (ulardan biri Qozog‘iston hududida bo‘lib, Rossiyaga ijaraga berilgan), 4 tasi AQShda, 3 tasi Xitoyda joylashgan, Frantsiya, Yaponiya, Hindiston, Isroil, Braziliyaning har birida – bittadan kosmodrom ishlab turibdi. Ekvatorning boshqa hududlarida ham kosmodromlar bor. Bu kosmodromlarning asosiy geostrategik ahamiyati Er atrofidagi orbita va kosmosga raketalarni – hozircha kosmik fazoga olib chiqadigan yagona tashish vositalarini uchirishdan iborat. Kosmodromlarning ahamiyati va iqtisodiy samarasi ularning ekvatorga yaqin joylashgani bilan o‘lchanadi. Ular ekvatorga nechog‘li yaqin joylashgan bo‘lsa, raketalarni va ular tashiydigan ob’ektlarni Er atrofi orbitasiga chiqarish shunchalik oson va iqtisodiy ma’noda foydaliroq bo‘ladi.

Fazoda ham hukmronlik qilish uchun kurash qizg‘in borayotgan ekan, qudratli davlatlar butun insoniyatga tegishli bo‘lgan Oyni ham o‘ziniki deb e’lon qilishdan tap tortmayapti. Xususan, Qo‘shma Shtatlar Oyda foydali qazilmalarni qazib olish bo‘yicha shartnoma lo­yihasini tayyorlamoqda. «Artemida bitimi» deb nomlanadigan hujjat yaqin kunlarda AQShning hamkorlariga taqdim etilishi kutilmoqda. Shartnoma Kanada, Yaponiya, Birlashgan Arab Amirliklari va qator Evropa davlatlariga muhokama uchun taklif etiladi. Shartnomaga AQShning koinot dasturlari bo‘­yicha asosiy hamkori bo‘lgan Rossiya kiritilmagan. Chunki shu kunlarda AQSh Rossiya sun’iy yo‘ldosh­larining koinotdagi manyovrlaridan tashvishlanib, Moskvaning koinotdagi amaliyotlarini «dushmanlik harakati» sifatida baholayotir. Shartnoma loyihasida Oydan qazib olinadigan foydali qazilmalar zaxiralariga egalik qilishning huquqiy asoslari belgilab berilgan.
AQSh koinot agentligi – NASA 2024 yilda Oyga AQSh astronavt­lari qo‘ndirilishini ma’lum qildi. AQSh Prezidenti Donald Tramp esa 6 aprel kuni tijoriy maqsadlarda Oy, Mars va boshqa sayyoralarni o‘zlashtirish Qo‘shma Shtatlar vakolatidagi huquq ekani ta’kidlangan farmonni imzolagan edi. Farmonda AQSh koinotni umumjahon mulki deb bilmasligi, balki koinotni «yuridik va jismoniy jihatdan inson faoliyat yuritishi uchun o‘ziga xos ob’ekt» deb tan olishi belgilangan. «Roskosmos» rahbari Sergey Savelev 7 aprel kuni Trampning bu farmonini keskin qoralagan. «Koinotni ekspropriatsiya qilish va o‘zga sayyoralarni bosib olish yuzasidan agressiv rejalarning borligi Rossiya va AQSh hamkorligiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi», de­yiladi «Roskosmos» bayonotida.

Aslida Oyning umumjahon mulki ekanini AQSh va Rossiya tan olmaydi. Oyning umumjahon mulki sifatidagi maqomi BMT Bosh Assambleyasi 1979 yilda qabul qilgan «Davlatlarning Oydagi va bosh­qa fazoviy jismlardagi faoliyati to‘g‘risida»gi shartnomada qayd etilgan. Hujjatni 18 davlat imzolagan. Rossiya va AQSh mazkur shartnomaga qo‘shilmagan. Bugunga qadar faqat Rossiya, AQSh hamda Xitoy Erdan 384 ming km masofada joylashgan Oyga kosmik kema qo‘ndirishga muvaffaq bo‘lgan. Ammo faqat AQSh astronavtlarigina Oyga qadam qo‘ygan. Shunga qaramay, 1972 yildan beri AQSh Oyga o‘z missiyasini yubormagan. Oyga egalik qilish huquqi uchun AQSh va Rossiyadan tashqari Xitoy ham katta miqdorda mablag‘ sarflamoqda. 2019 yilning 27 aprelida Xitoy taxminan 10 yil ichida Oyda ilmiy tadqiqot stantsiyasini qurish rejasini ochiqlagan edi. Xitoy milliy fazo boshqarmasi raisi Chjan Ketszyan e’lon qilgan bildiruvga ko‘ra, stantsiya Oyning janubiy qutbiga yaqin hududda quriladi. Xitoyning Oy bo‘yicha uzoq yillik rejasi hali to‘liq ishlab chiqilgani yo‘q. Ammo Xitoy milliy fazo boshqarmasi Er yo‘ldoshini o‘rganish yo‘lida katta yutuqlarga erishdi. 2019 yilning bosh­larida Xitoyning Chang’e 4 (Chan’e – 4) stantsiyasi tarixda birinchi marta oyning orqa tomoniga qo‘ndirildi. Hozirgi kunda Xitoy AQShdan keyin fazo missiyalariga eng ko‘p mablag‘ sarflayotgan ikkinchi davlatdir. Isroil ham harakat qildi, biroq Oyga kema qo‘ndira olmadi. Bu orada Hindiston ham Oyga kema yuborish ustida ishlamoqda. Yaponiya esa 2020-2021 yillarda Oyning vulqonli hududini o‘rganish uchun SLIM kemasini yuborishni rejalashtirmoqda.
Xullas, insoniyat bugun Er sayyorasi qolib, fazoni ham egallash, mabodo foydali qazilmalar bo‘lsa, uni ham talon-toroj qilish niyatidan tonmaydigan ko‘rinadi. Hammadan ham oshiqlarga qiyin bo‘ladiganga o‘xshaydi. Chunki ular «Istasang bu falakdan Oyni olib beraman…» deb qo‘shiq aytolmay qolishi mumkin. Albatta, bu hazil. Lekin o‘n sakkiz ming olamni yaratgan Parvardigor uning barchasi ustidan nazorat va humkronlik qilishni yolg‘iz insoniyatga bermagan bo‘lsa kerak. Nima bo‘lgan taqdirda ham nafs etaklagan yo‘lning xatarli ekanligini unutmaslik lozim.

Abduvali SOYIBNAZAROV,
siyosiy sharhlovchi