Havo hujumidan mudofaa qo‘shinlari va Harbiy havo kuchlari qo‘mondonligi tomonidan Xalqaro oila kuni munosabati bilan amalga oshirilgan onlayn tanlov o‘z g‘oliblarini kashf etdi. Ya’ni qo‘mondonlik tarkibidagi harbiy oilalar o‘rtasida o‘tkazilgan bellashuv yakunlandi va ular tayyorlagan oila mavzusiga bag‘ishlangan videoroliklar hay’at a’zolari tomonidan munosib baholandi.

Kurrai zaminni egallagan koronavirus pandemiyasi hamon o‘z «hukmi»ni o‘tkazib turgani sir emas. Dunyo ahli qatorida bizning mamlakatimiz aholisi ham karantin sabab, uyda qolgan holda ko‘rinmas yovga qarshi choralar ko‘rishmoqda. Tadbirkor, yaratuvchan insonlar borki, har bir vaziyatdan unumli foydalana oladi. Bo‘sh vaqtini sermazmun o‘tkazish choralarini izlaydi. Bu borada qo‘mondonlik tomonidan harbiy oilalar uchun joriy etilgan onlayn tanlov ayni muddao bo‘ldi, desak arziydi.
– Joriy yil boshidan buyon harbiy oilalar va bekalar o‘rtasida bir qator bellashuvlar o‘tkazdik. Albatta, bularning barchasi bekalarimizning bilimdonligi, yaratuvchanligi va intellektual salohiyatiga munosib ulush qo‘shadi, – deydi Qurolli Kuchlar xizmatchisi Dilbarxon Husanova. – Xalqaro oila kuni munosabati bilan o‘tkazilgan bu galgi tanlovni mavjud sabablarga ko‘ra onlayn tarzda o‘tkazishga to‘g‘ri keldi. Bellashuv shartlariga ko‘ra, harbiy oila bekalari oilaviy sulolaning an’ana va qadriyatlari, oila a’zolarining qiziqishi va orzu-istaklari, erishgan yutuqlari hamda kelgusidagi maqsadlarini videorolik orqali ko‘rsatib berishlari nazarda tutilgan. Umuman olganda, xonadon boshqalarda yoqimli taassurot qoldirishi lozim. Uni baholashda esa syujetning o‘ziga xosligi, yangicha yondashuv va g‘oyalar e’tiborga olindi. Bu borada bekalarimizga tasanno, desak arziydi. Ular ayni damdagi karantin holatida ham iqtidorlarini yuzaga chiqarishga, farzandlari bilan shug‘ullanishga, yaratuvchan bo‘lishga va buni video­rolik orqali etkazishga harakat qilishgan. Shuning uchun tanlovda ishtirok etgan barcha oilalarga qo‘mondonlik tomonidan o‘z minnatdorchiligimni bildiraman.
Oilani kichik bir Vatan, deya ta’riflaymiz. Chunki har bir oilaning o‘ziga xos udum va an’anasi, o‘z tartib-qoidasi, reja va maqsadi bor. Shu bois tanlovga taqdim etilgan videoroliklar xilma-xil va qiziqarli bo‘lishi tabiiy hol. Ammo bellashuv albatta o‘z qahramonlarini aniqlashi lozim. Shunga ko‘ra uch nafar harbiy oila g‘oliblar safida e’tirof etildi.
Samarqand garnizonidan kichik serjantlar Aleksey Kovalenko va Nargiza Isakovalar oilasi, Toshkent garnizonidan kichik serjant Rustam Sadinov va Nilufar Eshmurodovalar oilasi, Sirdaryo garnizonidan kichik serjant Vohidjon va Mohichehra Umarovalar oilasi g‘olib, deb topildi.
Ularga qo‘mondonlik tomonidan faxriy yorliqlar taqdim etildi.

Zulfiya YUNUSOVA,
Shuhrat GANJIEV