Xotira va Qadrlash kuni munosabati bilan deyarli barcha telekanallarimiz orqali o‘zbek xalqining Ikkinchi jahon urushida ko‘rsatgan qahramonliklariga bag‘ishlangan filmlar namoyish etildi. Albatta, ular ichida ilk bor ekran yuzini ko‘rgan «Ilhaq» filmi alohida ajralib turadi. Filmning eng ta’sirli sahnalaridan biri Ahmadjonning «Qarg‘alar uchsa qaraylik» qo‘shig‘ini aytib, o‘zini qurbon qilgani bo‘ldi, deyish mumkin.

Shu-shu, avvaldan tanish bo‘lgan ohang yana quloqqa o‘rnashdi. Bu ijtimoiy tarmoqlarda ham o‘sha qo‘shiqning yaratilish tarixiga oid qiziqish va muhokamalarni qayta uyg‘otdi. Yaxshi eslasangiz kerak, yoshligimizda ham, hozir ham to‘ylarda mana shu qo‘shiq ijro etilsa, ko‘kni chang tutib ketadi. Yoshu qari baravariga o‘ynaydi. Lekin uning yaratilish tarixi bilan qiziqsangiz, bu ishingizdan uyalib ketasiz. Chunki qo‘shiq aslo o‘yinbop emas. U millatning dardi.
Bu qo‘shiqning yaratilish tarixi haqida turli xil qarashlar mavjud. Ular ichida eng asoslisi, albatta, matnda tilga olinganidek Marg‘ilon bilan bog‘liqlikdir. Yana shu narsa aniqki, qo‘shiqdagi voqealar ona Vatanimizning chor Rossiyasi tomonidan bosib olinishiga aloqador. Birinchi jahon urushi paytida, 1916 yillarda, front ortida ishlash uchun deyarli barcha o‘zbek erkaklari mardikorlikka olinadi va ular sovuq o‘lkalarga, xususan, Sibirga yuboriladi. «Qarg‘alar» qo‘shig‘i ayni shu davrda Rossiyaning sovuqlarida ishlab yurgan o‘zbek erkaklari tomonidan yaratilgan, degan mulohazalar bor. Qo‘shiqning matni ham ayni shu voqelikka bog‘liq holatda talqin qilinadi:

Qarg‘alar uchsa qaraylik
Marg‘ilonning yo‘liga.
Hidi kelsa mast bo‘laylik
Handalakning bo‘yiga.

Ma’lumki, qarg‘alar issiq tushishi bilan sovuq o‘lkalarga uchib ketadi. O‘z Vatanidan uzoqda, yaqinlari hijronida qiynalgan lirik qahramonning murojaatidan ko‘rinadiki, qarg‘alar uning yurti bo‘lgan Marg‘ilondan uchib kelmoqda. U yor-birodarlari, yaqinlari sog‘inchida hatto qarg‘alarning kelishini intizorlik bilan kutadi. Sababi qarg‘alar uning yurtidan, yoridan, yaqinlaridan xabar olib keladi.
Qo‘shiqning mazmuni bilan uning ritmi o‘rtasida er bilan osmoncha farq borligi uchun qo‘shiq ijrosi kishini o‘z-o‘zidan raqsga chorlab turadi. Bu qo‘shiq «Yalla» guruhi tomonidan 1970-yillarda ijro etilishi bilan butun Markaziy Osiëga tezlik bilan yoyilib ketadi. To‘y-bazmlar bu qo‘shiqsiz o‘tmay qoladi. O‘sha paytdagi tsenzura «qarg‘alar» kalimasini «turnalar»ga almashtirgan edi. Farrux Zokirov qo‘shiqni andijonlik hofizlardan o‘rganganini aytgan.
Aniq manbalarda yaratilish tarixi saqlanib qolmagan bu qo‘shiqning turlicha talqinlari ham bor. Uni Farrux Zokirov ilk bor zamonaviy talqinda ijro etganidan so‘ng qo‘shiq ko‘plab san’atkorlar tomonidan qayta aytildi. Ammo ular ichida Sevara Nazarxonning harakatlanayotgan poezd ovozlari fonida aytilgan variantini mohiyatan eng to‘g‘ri, deyish mumkin. Quyida o‘sha ijro matni hukmingizga havola etilmoqda:
Qarg‘alar

Men qushimni g‘ozga solsam,
Kim solibdi qarg‘aga?
To‘nka ushlab o‘yga tolsam,
Olti qarg‘a archada.

Qarg‘alar uchsa qaraylik
Marg‘ilonning yo‘liga.
Hidi kelsa mast bo‘laylik,
Handalakning bo‘yiga.

Handalak bo‘ylikkinam,
Siz unda zor, biz bunda zor.
To‘ti qushning bolasiday
Ikkalamiz intizor.

Intizorlik torta-torta
Tanda toqat qolmadi.
Yo‘lchilikning holidan
Yurarga holat qolmadi.

Yo‘lchilikning holini
Yo‘lda yo‘lovchidan so‘rang.
Biz g‘arib bechorani
Aqli raso yordan so‘rang.

Mardikor ovorani
Aqli raso yor bilmasa,
Ko‘z yoshi daryo bo‘lib
Oqqan baliqlardan so‘rang.

Qarg‘alar, bedarg‘alar,
Kunni to‘solmas pardalar,
Harjinib nonga to‘ymagan
Tomoq ostida zardalar.

Men g‘azalni kuyga solsam,
Ne yumushim qarg‘adir.
Olti qarg‘a bir sababki,
Xudoydi ko‘r bedarg‘ada.

Qarg‘alar tunaymas,
Parvozidan qishlar kelur.
Biz g‘arib surgun chekib,
Barmog‘iga nishlar kelur.

Qarg‘alar uchsa qaraylik
Marg‘ilonning yo‘liga,
Iskobilu Garchakop,
Andijonning yo‘liga.

Men qushimni g‘ozga solsam,
Kim solibdi qarg‘aga,
Kim solibdi qarg‘aga…

Islomjon QO‘ChQOROV,
«Vatanparvar»