(birinchi maqola)

Bir balosi bo‘lmasa,
shudgorda quyruq na qilur?

Hodisa

Miloddan oldingi ko‘hna davrlardagi Turon davlatining so‘nggi ulug‘ xoqoni Alp Er To‘nga (Afrasiyob) yo mashhur jahongir Iskandar Maqdunliga uning hech aloqasi yo‘q. Kushonu eftallar, Turk xoqonligi zamoni yo arablarning O‘kuz ortiga uyushtirgan bosqiniga ham taalluqli emas. Na somonli, na g‘aznali Mahmud, na qoraxonli saltanati, na Sulton Sanjar va Gurxonning Qatavandizadagi qonli to‘qnashuvida ham u hali sodir bo‘lmagandi. Balki shu tobda birdan Chingizxonning etgan joyini ulkan alangadek kunpayakun qilib, kulga aylantiruvchi engilmas qo‘shini ko‘z oldingizga kelgandir. Ammo o‘sha olovli qo‘shin bu hodisa dunyoga kelmasdan ancha ilgari so‘nib, o‘zi olis o‘tmishning cheksiz kengliklariga sochilib ketgan kulga aylangandi.
Bu voqea bizga Turon kutubxonalari haqida xabar beradi. O‘tmishi o‘nlab asrlarga cho‘zilib ketgan bu dargohlarning sonini hozircha hech kim bilmaydi. Bir zamonlar Misr kohinlari qadimgi grek muarrixlari oqsoqoli Salanga: «Eh, siz yunonlar xuddi yosh bolaga o‘xshaysiz, dunyodan bexabarsizlar», deb aytgan chog‘larda muqaddas O‘kuz va Yaksart daryolari atrofida yashovchi Tur millati anchagina keksaygan qavm edi. Ha, bu Hikoyada butun insoniyatga o‘zligini topish uchun ko‘maklashuvchi, uning bugunini yog‘duga to‘ldiruvchi va istiqboli sari yo‘l to‘g‘ri ko‘rsatuvchi qutlug‘ dargoh – kutubxonalar to‘g‘risidagi So‘zlar xizmat qiladi.

Tomchilar

Turkiston qadimdan Er yuzidagi kutubxonalarga eng boy mamlakatlardan biri edi. Kitobat ishlari to‘liq qo‘lda bajarilgan. Uni tayyorlash jarayonida muallif, buyurtmachi, xattot (kotib), qog‘ozchi, muqovachi, naqqosh, musavvir, buyoqchi, yozuv qurollari ustalari ishtirok etgan. Ish qo‘lda bajarilganiga qaramay, yurtda ming-minglab kitoblar jamlangan bir necha yuzlab kutubxonalar bor edi. XIX asrning ikkinchi yarmi o‘rtalaridagina o‘lkada kitoblar chop qilinadigan ilk bosmaxonalar, nashriyotlar paydo bo‘ladi va bu soha sanoatlashadi.
Sho‘rolar davri va hatto, bugungi kunda ham gurunglar mazkur mavzuga taqalganda albatta, so‘z avval Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasidan boshlanadi. Keling, biz ham gurungni barchaga tanish va suhbatdoshlar odatlangan uslubda boshlaymiz va davom ettirishga urinib ko‘ramiz. Ehtimol, bu gal shu suhbat orqali kutubxonalar ortida shu paytgacha pinhon turgan ba’zi qiziqarli tarix, g‘aroyib voqealarni ko‘rishga muvaffaq bo‘larmiz.
Mutaxassis yozadi: «O‘zbekiston hududida miloddan avvalgi 1-ming yillikning so‘nggi asrlarida dastlabki kutubxonalar paydo bo‘lgan. Ular hukmdorlar saroylari va ibodatxonalarda tashkil etila boshlangan. Turon xalqlari Misr, Eron, Yunon va ularga qo‘shni bo‘lgan xalqlar bilan yaqin aloqalar o‘rnatgan, o‘sha davrlardagi mavjud qo‘lyozmalar bilan ham tanish bo‘lgan. O‘zbekiston xalqlarining qadimgi yozma yodgorliklari saqlanmagan. Beruniy xabar berishicha, kutubxonalar va ularni saqlovchilar turli istilolar davrida (VII – IX) yo‘q qilib yuborilgan. IX – X aslarda O‘rta Osiyoda fan va madaniyat rivojlandi. Buxoro, Samarqand, Marv, Urganch va boshqa yirik shaharlar hukmdorlari saroylarida kutubxonalar barpo etildi»25.
Respublikadagi Bosh kutubxona haqida: «Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Respublikasi davlat milliy kutubxonasi – O‘zbekistondagi eng yirik kutubxona. Kutubxonashunoslik va bibliografiya bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasining ilmiy-uslubiy markazi. Respublikaning ma’naviy-madaniy markazi sifatida jamiyatning ma’naviy va axborot ehtiyojlarini qondirish, fan, maorif, milliy madaniyatni boyitishga xizmat qiladi. Mamlakatdagi barcha kutubxonalar uchun kutubxonachilik, bibliografiya, metodika va axborot ishlarini amalga oshiradi. O‘zbekiston Milliy kutubxonasi Xalqaro kutubxonalar assotsiatsiyasiga a’zo.
Toshkent shahrida 1870 yilda «Toshkent ommaviy kutubxonasi» nomi bilan asos solingan. 1886 yildan «Turkiston ommaviy kutubxonasi», 1919 yildan «Turkiston xalq kutubxonasi» deb atalgan. 1925 yildan «O‘zbekiston davlat kutubxonasi», 1929 yildan «O‘rta Osiyo davlat ommaviy kutubxonasi», 1934 yildan «O‘zbek davlat ommaviy kutubxonasi». 2002 yildan hozirgi nomda, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tasarrufida»26.
Bu axborotlar… og‘ir xasta labiga tomizilayotgan tomchilar kabidir. Mazkur dargoh mamlakatimiz tarixidagi eng yosh kutubxonalardan biri hisoblanadi. Imkonimiz darajasida uning bunyod etilish tarixiga nazar tashlaymiz. U juda qiziqarli.

Yarim podshoh

Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Respublikasi davlat milliy kutubxonasi tashkil qilinishiga daxldor birinchi shaxs Rusiya saltanatining Turkistondagi cheksiz vakolatli noibi Konstantin Petrovich fon Kaufman edi. U 1818 yili 19 fevralda tug‘ilgan. Harbiy muhandislik sohasida mukammal ta’lim oladi. 1843 – 1852 yillari Checheniston va Dog‘istonda milliy ozodlik harakati kurashchilariga qarshi qonli yurishlarda qatnashadi. Tiflis, Kaspiy bo‘ylari va Dog‘istondagi jazo otryadlarida harbiy harakatlar olib boradi. 1854-1855 yillarda Turkiyaga qarshi bosqinchilik urushlarida faol ishtirok etadi. U 1867 yili iyul oyida istilo qilingan erlarni kengaytirishga urinayotgan harakatdagi Turkiston harbiy okrugiga qo‘mondon etib yuboriladi.
O‘lkaga ko‘plab zamonaviy bosqinchilik janglarida katta harbiy tajriba to‘plagan, shafqatsiz va o‘ta makkor jangchi yuborilgan edi. U Turkistonda jiddiy harbiy harakatlar boshlab yuboradi. Buxoro, Xiva va Qo‘qon xonliklari uning etkachiligida to‘liq istilo qilinadi. U Turkistonda yakka hukmdor bo‘lib oladi. Mahalliy aholi arznomalarida uni «yarim pdshoh», deya atashardi.

Yomg‘ir va kitoblar

General Kaufman Turkiston general gubernatorligi lavozimiga tayinlangach, Peterburgdan jo‘namasdan burun Turkiston ommaviy kutubxonasini tashkil qilishga kirishib ketgandi. U Imperator fanlar akademiyasi, Imperator rus jug‘roflari jamiyati, Xalq ta’limi vazirligi qoshidagi olimlar ishlari bo‘yicha Departamentga xat bilan murojaat qiladi. Maktubida Turkistonning bosh shahri Toshkent ma’muriy boshqaruv, savdo-sanoat va ma’rifiy hayotda muhim o‘rin tutishi, «bu erga keluvchilar va xizmat qiluvchilarning aqliy ehtiyojini qondirish» uchun kutubxona tashkil etish zarurligini tushuntiradi. Ushbu tashkilotlar kutubxonalaridan kitob ajratishlarini so‘raydi. Uning iltimosi qondiriladi, 1867 yil oxirida poytaxt hamda boshqa shaharlar universitetlari kutubxonalaridan rus va xorijiy tillarda yozilgan kitoblar Toshkentga jo‘natila boshlaydi. Bu kitoblar bo‘lajak Toshkent ommaviy kutubxonasi o‘zagini shakllantirishga xizmat qilishi kerak edi27. Biroq kitoblar jo‘natishdagi birinchi urinish unchalik muvaffaqiyatli bo‘lmaydi. Orenburg – Toshkent aloqa yo‘li bo‘ylab dastlabki yuborilgan kitoblarning salmoqli qismi uzluksiz yoqqan kuz yomg‘iri tagida qolib, butkul yaroqsiz holga keladi.

Kitoblar va harbiylar

Oradan bir necha fursat o‘tib, general Kaufman tashabbusini qo‘llab-quvvatlaganlar qatoriga harbiy vazirlikning Bosh Qarorgohi ham qo‘shiladi va harbiy sohaga oid 1 500 jild qimmatli kitoblarini sovg‘a (suyurg‘ol) qiladi. Bu tashabbusni Harbiy tibbiyot bosh boshqarmasi ham qo‘llaydi va ushbu sohaga taalluqli ko‘plab kitoblar tuhfa qiladi.
Tashabbuskor generalning o‘zi ham oliy mavqeidan foydalanib, turli nashriyotlar va olimlar jamiyatlaridan to‘plagan kitoblarini ushbu kutubxonaga topshiradi. Bu harakatga boshqa shaxslar ham qo‘shiladi.

Turkiston to‘plami

Ayrim mualliflar Kaufman ayniqsa, «Turkiston to‘plami» (Turkestanskiy sbornik) bilan kutubxonachilik tarixida o‘chmas iz qoldirganini alohida ta’kidlaydi28. U ixtiyoridagi barcha imkoniyatlarini ishga solib, olimlar va mutaxassislarni Turkiston tabiati, unda yashovchi qavmlar, urf-odatlar, tarix kabi hayotning barcha sohalarini tadqiq etishga rag‘batlantiradi. Mahalliy aholi orasidan bu ishga bosh qo‘shganlarni ham e’tibordan chetda qoldirmaydi. «Turkiston to‘plami»ni shakllantirishni o‘z ishining ustasi mashhur bibliograf V.I. Mejov zimmasiga yuklaydi. 1868 yili boshlangan ushbu sa’y-harakat natijasida Turkiston haqida XVIII-XIX asrlarda rus, ingliz, nemis, frantsuz, ispan, ital va lotin tillarida yozilgan 4 600 nomdagi kitob, risola, jurnal va gazetalarda chop qilingan maqolalar 416 jildga to‘planadi 29. Yig‘ilgan axborotlar siyosiy va harbiy tarix (ular bog‘langan sohalar bilan birgalikda), jismoniy tarbiya, matematika va siyosiy jug‘rofiya, qavmshunoslik (etnografiya), huquqshunoslik ilmlari, siyosiy iqtisod, tarixiy aniq fanlar, tibbiyot, matematika, statistika (axborotnoma), qishloq xo‘jaligi, ishlab chiqarish usullari (texnologiya), adabiyot va tilshunoslik, san’at, bibliografiya bo‘limlariga ajratiladi.
Turkiston ommaviy kutubxonasining bunyod etilishi general fon Kaufmanni barcha harbiy ishlaridan ham ko‘ra ko‘proq mashhur qildi. U kutubxonasi ayni shakllanib, faoliyati yo‘lga qo‘yilgan paytda 1882 yili 4 may kuni Toshkentda vafot etadi. General leytenant N.G. Chernyaev Turkiston gubernatori etib tayinlanadi.

Shudgordagi quyruq

Rossiya va Turkiston qo‘shinlari o‘rtasida qariyb 23 yil­ davom etgan qonli urush (Oq machit 1853 yil 28 iyul – Qo‘qon 1876 yil 19 fevral) bosqinchilar g‘alabasi bilan yakunlandi. Davralarda Turkiston xalqi mutlaqo savodsiz va madaniyatsiz bo‘lgani bu o‘lkaga Rossiya madaniyat, ma’rifat olib kelgani to‘g‘risida hozir ham qizg‘in bahs-munozaralar bo‘lib turadi. Ammo: «Ha, ular ma’rifat va madaniyat olib keldi» yoki «Yo‘q, aslo bunday emas», deya bildirilgan keskin xulosalarning ikkisi ham bugungi o‘quvchining ma’naviy talabini sira qoniqtirmaydi. Bunday bahslar biz tariximizni hozir ham deyarli bilmasligimiz oqibatidir.
Janob fon Kaufman Toshkentda barpo qilgan Turkiston ommaviy kutubxonasini tashkil etayotganda mahalliy aholiga ma’rifat ulashishni maqsad qilmagan edi. Aksincha, uni mukammal qullik zanjiri bilan chirmab, abadiy tutqunlikda ushlab turishni o‘ylab, bu ishni amalga oshirgandi. U uzoqni ko‘ra biladigan bosqinchining maxfiy eng qudratli quroli edi.
O‘sha davrda bu kutubxona – shudgorga qo‘yilgan quyruqning aynan o‘zginasi edi. Quyruq qaerdan va nega shudgorda paydo bo‘lib qolgan? Uning ortida qanday ovchi turibdi? Keyingi satrlarda bu manzara aniq-tiniq ko‘rina boshlaydi.

Holi «voy»

Kutubxona hikoyasi davom etayotir… Keksa shayx dedi: «Hamisha ilm va ma’rifatdan ajrab qolgan millatning holi voy bo‘lgan».

Abdusattor JUMANAZAR,
O‘zR FA Abu Rayhon Beruniy nomidagi
Sharqshunoslik instituti katta ilmiy xodimi

«Vatanparvar» gazetasi, 2019 yil 2 avgust, 31-son