Amerika Qo‘shma Shtatlari harbiy akademiyasi mamlakatning eng qadimiy federal oliy harbiy ta’lim muassasasi hisoblanadi. 1802 yilda tashkil etilgan ushbu ta’lim maskanining asosiy xususiyati mustaqil ravishda bajariladigan uy vazifalari auditoriya mashg‘ulotlaridan ko‘pligi bilan ajralib turadi va ushbu o‘quv tizimi hanuzgacha saqlanib kelinmoqda.
Harbiy akademiyada jismoniy tarbiya va sportga katta e’tibor berilib, «Har bir kursant sportchi bo‘lishi kerak» degan shior ilgari surilgan. Akademiya kursantlari «Kursantlar maqomi» kodeksiga qat’iy rioya qilishlari shart. «Kursant yolg‘on gapirmaydi, firibgarlik qilmaydi, o‘g‘irlamaydi va boshqalarning bunday qilishiga toqat qilmaydi» degan qoida shular jumlasidandir.
Ayni paytda AQSh harbiy akademiyasining 60-boshlig‘i general-leytenant Darril Uilьyams 2018 yil iyun oyidan beri ushbu lavozimda faoliyat yuritmoqda. Akademiya bitta brigada (4 000 kursant), 4 polk (1 000 kursant), 2 batalon (500 kursant), 4 ta rota (120 kursant), 4 ta vzvod (30 kursant) va 4 ta kafedradan tarkib topgan.
Hozirgi vaqtda akademiyaga umumiy qabul kvotasidan beshta o‘ringa AQSh vitse-prezidenti va kongressmenlar tavsiyanomasiga ega va o‘qishga loyiq deb topilgan abiturientlar to‘g‘ridan-to‘g‘ri imtihonlarsiz qabul qilinadi. Bordi-yu, kongressmenlar bu joy uchun ko‘proq kishiga tavsiya bergan bo‘lsa yoxud beshtalik kvota asosida o‘qiyotgan biror kursant o‘qishdan chetlatilsa, bu o‘ringa nomzodlar o‘rtasida tanlov o‘tkaziladi. Bu, avvalo, ariza topshirish, bir yoki bir nechta insho yozish va boshqa imtihonlarni o‘z ichiga oladi.
Bundan tashqari, har yili namunali ofitserlarning farzandlari uchun 100, faol askarlar uchun 170, zaxiradagi zobitlar uchun 20, jangda halok bo‘lgan, og‘ir yarador bo‘lgan va nogiron yoki bedarak yo‘qolganlarning bolalari uchun 65 o‘rin ajratiladi. Shuningdek, har yili 20 ga yaqin xorijiy kursantlar o‘qishga qabul qilinadi. Nomzodlar turmush qurmagan va 17 yoshdan 22 yoshgacha bo‘lishi shart.
O‘qitish 4 yil davom etadi. Har yili akademiyani 1 000 ga yaqin kursantlar bitiradi. Kursantlar harbiy akademiyani bitirganidan so‘ng kichik ofitser maqomiga erishadi. Ya’ni akademiya bitiruvchisi bakalavr darajasi va kichik leytenant harbiy unvoniga ega bo‘lib, armiyada 5 yil xizmat qilish majburiyatini oladi.
Ma’lumot o‘rnida aytish kerakki, ushbu o‘quv dargohidan tashqari, mazkur mamlakatda AQSh Harbiy havo kuchlari akademiyasi, AQSh Harbiy dengiz kuchlari akademiyasi va AQSh Sohil(ni qo‘riqlash) xavfsizligi harbiy akademiyasi ham professional harbiy kadrlar tayyorlash bilan shug‘ullanadi.
Turin harbiy akademiyasi Italiyadagi oliy harbiy ta’lim muassasasi bo‘lib, unda quruqlikdagi qo‘shinlarda xizmat qiladigan ofitser kadrlar tayyorlanadi. U 1739 yilda tashkil etilgan ushbu o‘quv maskani Evropada birinchi akademiya sanaladi. Dastlab u Qirollik artilleriya va fortifikatsiya maktabi, so‘ng Artilleriya harbiy-texnik bilim yurti, Armiya harbiy tadqiqotlar instituti nomi bilan atalgan va ularning birlashtirilishi natijasida tashkil etilgan.
Turin harbiy akademiyasiga kirishdan oldin zobitlar Modena harbiy akademiyasida ikki yil davom etadigan dastlabki tayyorgarlikdan o‘tadi va u erda leytenant harbiy unvonini oladi. Turinda ular uch yil davomida o‘qib, strategiya ilmi, turli o‘qotar qurol va aslaha turlarini o‘rganadilar.
Turin harbiy akademiyasida ta’lim quyidagi yo‘nalishlarda olib boriladi:
● piyoda, otliq va artilleriya ofitserlarining siyosiy va tashkiliy tayyorgarligi;
● harbiy muhandislar, aloqa, transport va aslaha tarmog‘idagi ofitserlarning texnik tayyorgarligi;
● shaxsiy tarkib xavfsizligi va boshqaruvi bo‘yicha ixtisoslik.
Eron oliy milliy mudofaa universiteti 1992 yilda tashkil etilgan bo‘lib, Eron Islom Respublikasi Qurolli Kuchlari Bosh shtabiga bo‘ysunadi. U Eron armiyasi, huquqni muhofaza qilish hamda xavfsizlikni ta’minlash organlariga yuqori malakali kadrlar tayyorlash, ularni o‘qitish va malakasini oshirish bilan shug‘ullanadi.
Universitet Eron Islom Respublikasida qo‘mondonlar, komandirlar, tadqiqotchilar, yuqori malakali mutaxassislar, harbiy va fuqarolik tashkilotlari, muassasalarining yo‘riqchilarini tayyorlash borasida mudofaa, xavfsizlik va boshqaruv sohasidagi strategik fanlar va bilimlarni o‘qitish, shuningdek, musulmon mamlakatlaridan yuborilgan talabalar, do‘stlar va ittifoqchilarning strategik majburiyatlarini bajarishi va o‘zlarining tegishli tashkilotlarini samarali boshqarishda yordam berishni o‘z oldiga asosiy vazifa etib belgilagan.
Eron oliy milliy mudofaa universiteti uchta harbiy fakultet va Milliy strategik tadqiqotlar institutini o‘z ichiga oladi.
● Strategik menejment fakultetida katta zobitlar o‘qitiladi.
● Milliy mudofaa fakultetida Eron Qurolli Kuchlari va hukumat idoralari uchun rahbar kadrlar tayyorlanadi.
● Milliy xavfsizlik fakultetida davlat xavfsizlik tizimiga kadrlar tayyorlanadi.
Universitet tasarrufidagi Milliy strategik tadqiqotlar instituti mamlakat Qurolli Kuchlarining xalqaro munosabatlar, harbiy siyosat va strategiya sohasida ilmiy izlanishlar olib boriladigan markaz hisoblanadi. Ushbu oliy o‘quv yurtining o‘ziga xos xususiyati shundaki, unda nafaqat harbiy xizmatchilar, balki boshqa vazirlik va idoralar vakillari ham o‘qitiladi.
Universitet tinglovchisi sifatida o‘qishga Eron Qurolli Kuchlarining to‘rt turdagi tuzilmalari shaxsiy tarkibidan podpolkovnik va undan yuqori harbiy unvonga ega ofitserlar qabul qilinadi. Bitiruvchilar harbiy fanlar doktori ilmiy darajasiga ega bo‘ladi.

Dilshod ShUHRATOV
tayyorladi.