Bir gal «Ishga qatnagani velosiped olsammikin?» desam, keliningiz unamadi. «Yo‘g‘-a, yarashmaydi velosipedda yurish! Nasib qilsa, mashina olamiz!» dedi. Nega endi velosipedda yurish yarashmas ekan? Shunchaki ko‘zimiz o‘rganmaganidan bu. Lekin velosipedda qatnash uchun ham ishxonamizda «velik» qo‘yadigan joy yo‘q-da, shuning uchun bu fikrimdan qaytdim.

Bu voqeadan biroz o‘tib, «Navoiy» ko‘chadan «Xadra»ga tushib kelayotgandim, yonimdan besh-olti nafar qiz-o‘g‘il g‘izillatib velosiped uchirib o‘tishdi. Ichimda qolib ketgan mulohazalar yana bosh ko‘tardi. Poytaxtimizning turli nuqtalarida veloprokatlar tashkillashtirilib, ko‘chalarda, yo‘laklarda «velik» haydab yurgan uka-singillarimizni ko‘rib, bir orziqib ketdim. Yozning issig‘ida cho‘milishdan velosipedda qaytganlarim, uyga mehmon kelib qolsa, u bilan g‘izillab do‘konga tushib kelganlarim, oqshom salqinida mollarga o‘t ortib kelganlarim, quduqda suv qolmasa, ikki-uch kilometr naridan «velik»da suv keltirganlarim, kunbotar palla R.ni ko‘rish uchun u yashaydigan ko‘chadan kamida ellik sakkiz martalab o‘tib-qaytganlarim… Xullas, ko‘p voqealar ko‘z oldimdan kinotasmaday bir-bir o‘tdi. Entikdim. Qani hozir ham har bir ishxona, idora, tashkilot oldida velosiped qo‘yiladigan veloturargohlar bo‘lsa, bu transportda qatnovchilar uchun alohida veloyo‘laklar bo‘lsa, maza qilib ishga «velik»da qatnasang, ehh!
Nima qilibdi, axir chet ellarda, masalan, Xitoyda qanchadan-qancha odam ishiga velosipedda borib-keladi. Ham sog‘liqqa, ham cho‘ntakka foyda, tabiatga beziyon. Yoki Hindistonda ham bu g‘ayrioddiy hol emas. «Uch savdoyi» nomli hind kinosini ko‘rgandirsiz. Unda butun boshli maktab direktorining ishga velosipedda qatnashi tasvirlangan kadr bor. Bu direktorga yarashmaydigan ish emas, balki odatiy hol kabi ko‘rsatilgan. Yoki amerikacha turmush tasvirlangan «Forres­terni izlab» filmida mashhur yozuvchining katta yo‘lning o‘rtasida galstugi shamolda hilpirab velosiped haydab ketayotgan sahnasi bor… Nega kinolardagi bu transport – bolalik xotiralarimizga qorilib ketgan velosiped bilan bog‘liq sahnalarni sanayotganimni anglagandirsiz. Shunday, o‘sha o‘zimiz haydab katta bo‘lgan texnika vositasi haqida gapirmoqchiman. Keling, XIX asrda kashf etilgan velosipedni qaytadan «kashf qilamiz»!
Velosiped so‘zi eski frantsuz tilidagi «velosipede» so‘zidan dunyoga tarqalgan. Bu so‘z esa lotincha «velox» (tez) va «pes» (oyoq) so‘zlaridan kelib chiqqan. Velosiped g‘ildirakli transport va sport mashg‘uloti vositasi bo‘lib, insonning jismoniy kuchi bilan harakatlantiriladigan oyoq pedallari yoki (kam uchraydigan) qo‘l richaglari orqali haydaladi.
Metalldan yasalgan birinchi ikki g‘ildirakli velosipedni Rossiyada oddiy dehqon E. M. Artamonov (1801) yasagan. Uning pedalь o‘rnatilgan oldingi g‘ildiragi orqadagisidan ancha katta bo‘lgan. O‘n to‘qqizinchi asrning 50-yillarida nemis mexanigi F. M. Fisher velosipedni mukammallashtirib, deyarli bugungi holatiga keltirgan. Hozirda ikki g‘ildirakli oddiy velosipedlarning tezligi soatiga 10–30 kilometr, og‘irligi esa 8–16,5 kilogrammni tashkil etadi. Motorli velosipedlar soatiga 30–50 km tezlik bilan harakatlanadi. Sport velosipedlari ancha engil bo‘lib, tezligi soatiga 70 kilometrgacha boradi. Hozirgi kunda dunyoning ko‘pgina mintaqalarida asosan sportchilar va sayyohlar haydovchi vosita o‘laroq velosipedlardan foydalanmoqda. Pochtachilar, kurerlar velosiped orqali o‘z ishlarini amalga oshiradilar. Turli mahsulotlarni xaridorlarga etkazib berish kabi ishlarda velosipedlar asqatadi.
Velosipedning ijtimoiy ahamiyatini jamiyatning uch sohasida yaqqol ko‘rish mumkin: odamlar va yuklarni tashuvchi transport vositasi, sport mashg‘uloti texnikasi, shuningdek, foydali ko‘ngilochar mashg‘ulot vositasi. Bir qator Evropa mamlakatlarida veloturizm uchun shart-sharoitlar (veloyo‘llar, veloturargohlar, velosiped ijarasi va hokazo) yaratilgan. Buyuk Britaniyada esa gazetalarni o‘quvchilarga etkazib berishda velosipeddan unumli foydalanish an’anaga aylangan. Britaniya pochtasi (Royal Mail) 1880 yildan buyon velosipeddan foydalanib keladi. Buyuk Britaniyada 37 000, Germaniyada 27 500, Vengriyada 10 500 nafar pochtachi-velosipedchi xizmat ko‘rsatadi. Ko‘pgina mamlakatlarda politsiyachilar ham velosipedda xizmat vazifalarini o‘taydilar. Xususan, Angliyadagi Kent grafligida 1904 yildayoq velopatrul xizmati yo‘lga qo‘­yilgan. Ayrim mamlakatlarda esa xaridorlarga tushlik etkazib berish xizmati velosipedlar yordamida amalga oshiriladi. London va Tallin singari avtomobillar tirbandligi odatiy holga aylanib qolgan yirik shaharlarda «Tez yordam» xodimlari velosipedda o‘z xizmat vazifalarini o‘taydilar. Bu ularning bemor manziliga vaqtida etib borishlarida ayni muddaodir.
Velosiped hozirgi kunda Shimoliy va G‘arbiy Evropa mamlakatlarida keng tarqalgan. Eng «veliksevar» davlat Daniyadir. Bu erda yashovchi kishi bir yilda o‘rtacha 893 kilometr masofani velosipedda bosib o‘tadi. Niderlandlar esa 853 kilometr masofa ko‘rsatkichi bilan ikkinchi o‘rinda turibdi. Germaniya va belgiyalik kishi esa bir yilda o‘rtacha 300 kilometr yo‘lni velosiped o‘rindig‘ida bosib o‘tar ekan. 2016 yilgacha Londonning sharqidan g‘arbiga tomon 30 kilometrli velosiped shossesi qurib bitkazilishi ham rejalashtirilayotganini ma’lum qilgan edi. Sirasini aytganda, hozirgi kunda AQSh, Evropa va Rossiyada veloyo‘llar qurish avj oldi. Bir so‘z bilan aytganda, Evropadagi avtomobillar tirbandligini bartaraf etish, tabiat va atrof-muhitning ekologik vaziyatini yaxshilash, aholi salomatligini mustahkamlashda velosipedlar eng katta ko‘makchi vazifasini o‘tamoqda.
Sport sohasida velosiped bilan bog‘liq jihatlar ko‘pchilikka ma’lum bo‘lsa kerak. Velopoygalar Evropada 1860-yillarda paydo bo‘lgan. 1896 yildan Olimpiya o‘yinlari dasturiga kiritilgan, 1893 yildan trekda, 1921 yildan shosseda, 1929 yildan yopiq binolarda, 1950 yildan kross bo‘yicha jahon birinchiliklari o‘tkazila boshlangan. 1900 yil asos solingan Xalqaro velosipedchilar uyushmasi (UCI)ga 152 mamlakat a’zo bo‘lgan. 1997 yil O‘zbekiston velosiped sporti federatsiyasi qayta tashkil qilindi. Shu yili velosiped sportidan 6 nafar xalqaro sport ustasi tayyorlandi. O‘zbekistonda etishib chiqqan M. Kolyushev, Sh. Zahriddinov, A. Jamoliddinov, F. Galiullina va boshqa sportchilar jahon birinchiligi uchun o‘tkazilgan poygalarning g‘oliblari bo‘lishdi.
Mamlakatimizda velosipedlardan foydalanishni keng yo‘lga qo‘yish, bu borada zaruriy shart-sharoitlarni yaratish aholi o‘rtasida velomadaniyatning shakllanishiga, kamchiqim vositadan unumli foydalanishga, aholi salomatligini yanada yaxshilashga, ona tabiatimizni asrab-avaylashga, shuningdek, avtomobillar bilan bog‘liq turli hodisalar va tirbandliklar, dilxiraliklarni bartaraf etishga, bundan tashqari, velosayyohlik rivojlanishiga katta hissa qo‘shishi turgan gap. Darvoqe, bu boradagi ilk qadamni 70 yoshli Muhammad bobo qo‘ygani esingizdadir?
Xolisanlillo aytsam, poytaxt ko‘chalarida ko‘zga tashlanayotgan velosipedchilar, tobora ommalashayotgan veloprokatlar salomatligimiz va moddiyatimizga foydaliligi, eng asosiysi, tabiat, atrof-muhitga bezararligi jihatidan ulkan bir qadam – velomadaniyat shakllanayotganini ko‘rsatadi. Nasib qilsa, bora-bora bitiklarimiz bor gazetlarni ham velosiped mingan o‘smirlar qo‘lidan olib o‘qib o‘tirsangiz, ajab emas.

Mansur JUMAEV,
O‘zbekiston Yozuvchilar
uyushmasi a’zosi