O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi Harbiy-texnik institutining navbatdagi bitiruvchilariga diplom va ko‘krak nishonlari topshirilishiga bag‘ishlangan tantanali marosim bo‘lib o‘tdi.

Unda O‘zbekiston Respub­likasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputatlari va jamoat arboblari, Milliy gvardiya qo‘mondonligi vakillari ishtirok etib, bitiruvchilarni ofitser degan sharafli nomga sazovor bo‘lganliklari bilan samimiy muborakbod etdilar.
– Mazkur marosimda bitiruvchilarning harbiy xizmatga nechog‘lik tayyor va belgilangan talablarga munosib ekanliklarining guvohi bo‘ldik. Darhaqiqat, Vatan himoyasi – muqaddas va sharafli kasb hisoblanadi, – deydi deputat To‘lqin Karimov.
– To‘rt yil mobaynida harbiy, siyosiy va ijtimoiy fanlardan chuqur bilim va ko‘nikmalarga ega bo‘ldik. Endi esa bu bilimlarimizni Vatanimiz tinchligi, xalqimiz farovonligi yo‘lida va kelgusi xizmat faoliyatimizda samarali qo‘llaymiz, – deydi leytenant Asomiddin Jahonov.
– Har bir ota-ona uchun farzandi oliy harbiy ta’lim muassasasini bitirgan kun unutilmasdir. Mening ham quvonchim cheksiz. Sababi, o‘g‘lim o‘zining birinchi harbiy unvoniga ega bo‘ldi. Vatanimiz osoyishtaligini saqlash uchun kerakli bo‘lgan bilim va ko‘nikmalarni mujassamlashtirish uchun tajribali ustoz ofitserlar qo‘lida ta’lim oldi. Ona sifatida undagi mardlik, jasorat, vatanparvarlik, insonparvarlik kabi tuyg‘ularning yanada shakllanganini his etyapman, – deydi Barno Karimova.
Vatan himoyasiga otlangan ushbu mard va jasur o‘g‘lonlarga kelgusi xizmatlarida ulkan zafarlar tilab qolamiz!

Leytenant E’tibor SHIRAYEVA,
oddiy askar Nafosat ZAFAROVA,
Milliy gvardiya axborot xizmati