Bugungi kunda xalqaro axborot xavfsizligini dunyoviy darajada ta’minlash masalasi o‘ta dolzarb bo‘lib qolmoqda. Zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini (AKT) jadal rivojlantirish va keng joriy etish zamonamizning eng muhim jihatlaridan biridir. Inson faoliyatining barcha sohalariga kirib borayotgan AKT milliy xavfsizlikning siyosiy, iqtisodiy, mudofaa, ijtimoiy-madaniy va boshqa tarkibiy qismlari hamda xalqaro xavfsizlik va barqarorlikning umumiy tizimiga bevosita bog‘liq bo‘lgan global axborot muhitini shakllantiradi.

Internet oqimi shaxs, jamiyatning shaxsiy axborot ma’lumotlariga kirib borish, kuzatish, ularga doir ma’lumotlarni foydalanuvchining ruxsatisiz olish imkonini bermoqda.
Jumladan, soha ekspertlarining fikriga ko‘ra, koronavirus pandemiyasi sababli dunyoning juda ko‘plab davlatlarida karantin e’lon qilinganligi natijasida insonlar uydan chiqmadi. Tabiiyki, kishilarda bo‘sh vaqt ko‘p bo‘ldi. Odamlar haligacha ijtimoiy tarmoqlarda turli xil ko‘ngilochar lavhalarni tomosha qilish, onlayn darslarni kuzatish, xizmat bilan bog‘liq konferentsiyalarda onlayn ishtirok etishda shaxsiy ma’lumotlar xavfsizligini hisobga olmagan holda «Zoom» va «Tik Tok» kabi ilovalardan foydalanib kelmoqda. Mazkur ilovalar foydalanuvchilarining soni 2020 yilda o‘tgan yildagi ko‘rsatkichga nisbatan 20 barovarga oshib, 200 mln nafarni tashkil etmoqda.
Biroq har birimizga ma’lumki, axborot makonining ortib borishi bilan birga xavfsizlik jihatidan shaxsga doir ma’lumotlarning ijtimoiy tarmoqlarda tarqab ketishiga, achinarlisi, qabih niyatdagi shaxslar ushbu ma’lumotlarni egallash orqali jamiyatga, keyinchalik mamlakatning milliy xavfsizligiga xavf solishi mumkin.
Ma’lumot uchun, «Zoom» ilovasi 2012 yilda «Zoom Video Communications» kompaniyasi tomonidan yaratilgan. Provayderi AQShning Kaliforniya shtati San-Xose shahrida joylashgan. Ushbu kompaniya asosan «Videokonferentsiya», «Onlayn-uchrashuvlar» mobilь xizmatlarni joriy etish bilan shug‘ullanadi.
Joriy yilning mart oyida «Blumberg» axborot agentligi «Zoom Video Communications» kompaniyasiga nisbatan da’vosini e’lon qildi. Unga ko‘ra, «Zoom» ilovasi foydalanuvchilarining yopiq mazmundagi shaxsiy ma’lumotlari ijtimoiy tarmoqlarda tarqalib ketgan. AQShning San-Xose shahri sudi tomonidan ko‘rilgan da’vo arizasida keltirilishicha, «Zoom» ilovasini yuklab olayotganda yoki ochayotganda foydalanuvchini ogohlantirmasdan, yashirincha personal ma’lumotlarni yuklab olishi, keyinchalik ushbu ma’lumotlarning uchinchi tomonga – «Facebook» kompaniyasiga berilganligi ko‘rsatib o‘tilgan.
Bundan tashqari, «Group-IB» xalqaro kiberhujumlarni bartaraf qilish xalqaro kompaniyasining mutaxassislari «Zoom» korxonasi tomonidan ushbu ilovadan foydalanayotgan 4 153 nafar shaxsning shaxsiy ma’lumotlari sotuvga qo‘yilganini aniqlashgan. Ulardan 31 akkaunt. «ru» domenidagi foydalanuvchilarga tegishli.
Shuningdek, AQShning «Financial Time» agentligi va Germaniyaning «Handelsblatt» nashrida keltirilgan ma’lumotlarga ko‘ra, xavfsizlik jihatidan kelib chiqib AQSh hukumati va Germaniya Tashqi ishlar vazirligi davlat xizmatchilariga «Zoom» ilovalaridan foydalanmaslikni tavsiya qilmoqda.
Bu kabi holatlar hali-hanuz davom etmoqda. Jumladan, Ria.ru axborot agentligi 2020 yilning 16 aprelida Nьyu-Dehli axborot agentligiga asoslanib, «Hindiston IIV «Zoom» ilovasi videokonferentsiya uchun xavfsiz emas» nomli maqolasini e’lon qildi. Hindiston Ichki ishlar vazirligi xavfsizlik jihatdan kelib chiqib, «Zoom Meeting Platform» ilovasidan videokonferentsiyalar o‘tkazishda foydalanmaslikni tavsiya qilgan.
OAVdagi mavjud ma’lumotlarga tayanib, Avstraliya, Singapur, Tayvanь hukumati «Zoom» ilovasidan videokonferentsiyalar o‘tkazishni taqiqlab qo‘ydi. Shuningdek, ushbu ilovadan tashqari hozirgi kunda foydalanuvchilar orasida mashhur ilovalardan biri sifatida TOP-10 talikda 3-o‘rinni «Tik Tok» ilovasi egallab turibdi.
Ma’lumot uchun, «Tik Tok» ilovasi 2016 yilda «Byte Dance» tomonidan ishlab chiqilgan. Ushbu ilovada qisqa audio, videolavhalarni joylashtirish, ma’lumot almashinuvini amalga oshirish mumkin. Serveri Xitoyda joylashgan. 2018 yilda ishga tushirilgan. Birgina 2019 yilning o‘zida ilovani yuklab olishlar soni 1 mlrd.ni tashkil etgan.
Ushbu ilovaning o‘ziga xos jihatlaridan biri u 16–24 yoshlilarga qaratilganligidir, ya’ni foydalanuvchilarning 90 foizini yoshlar tashkil etadi. O‘zbekistonda ushbu ilova foydalanuvchilarining ko‘rsatkichi aprelь oyida mart oyiga nisbatan ortganligini kuzatishimiz mumkin.
2019 yil tahlillariga ko‘ra, birgina Rossiyadagi foydalanuvchilar ushbu ilova orqali har oyda 16,25 mlrd videolarni tomosha qilgan va 21 mln.ga yaqin videotasvirlarni unga joylagan.
AQSh (FTC) Oldi-sotdi federal komissiyasi «Tik Tok» ilovasi yaratuvchilarini salkam 6 mln AQSh dollari miqdorida jarimaga tortdi.
Soha mutaxassislarining fikricha, ushbu ilova «Shaxsiy ma’lumotlar»ga doir qonun talablarini buzgan. Ya’ni ilovadan ro‘yxatdan o‘tishda foydalanuvchi o‘zining elektron pochtasi, telefon raqami, yoshi va jinsini ko‘rsatib o‘tishi kerak. Bu kabi ma’lumotlarga himoya tizimi o‘rnatilmaganligi sababli istalgan tashrif buyuruvchi uni ko‘rishi mumkin.
Shuningdek, «TJournal» nashriyotining yozishicha, «IT» borasidagi mutaxassislar Tommi Maysk va Talal Xardj Barki «Tik Tok» ilovasining xavfli ekanligini ta’kidlab, uning ichida Butunjahon sog‘liqni saqlash tashkiloti nomidan shifrlanmagan «HTTP» dasturidan foydalangan holda koronavirus bilan bog‘liq feyk xabarlarni joylashtirib kelmoqda.
Shu bilan birga, 2019 yil 31 dekabrь kuni «Thebabel.net» axborot agentligi «AQSh harbiylarga «Tik Tok»dan foydalanishni taqiqladi» nomli maqolani chop etdi. Unda AQSh mudofaa vazirining 2019 yil 16 dekabrdagi buyrug‘i bilan «Tik Tok» ilovasidan foydalanishni taqiqlab qo‘ygan. Shuningdek, 2020 yil 4 yanvardan e’tiboran AQSh Davlat departamenti va AQSh Ichki xavfsizlik vazirligida ushbu ilovadan foydalanish taqiqlangan. Bundan tashqari, AQSh harbiy dengiz floti dengizchilarga mobilь telefonlaridan ushbu ilovani o‘chirib tashlash to‘g‘risida ko‘rsatma berilgan. O‘chirib tashlamagan harbiylarning telefonlari bloklanib qo‘yilishi bilan ogohlantirilgan.
Yuqoridagi ma’lumotlardan kelib chiqib, O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi tizimida ushbu holatlarning oldini olish maqsadida quyidagilar taklif etiladi:
– birinchidan, O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligining barcha toifadagi harbiy xizmatchilari, ishchi va xizmatchilari bilan mutaxassislarni jalb etgan holda «Tik Tok» va «Zoom» ilovalari mavzusida mashg‘ulotlar tashkillashtirish;
– ikkinchidan, axborot xavfsizligini ta’minlash yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi «Tik Tok» va «Zoom» ilovalaridan foydalanishni cheklash yuzasidan takliflarni ko‘rib chiqish;
– uchinchidan, ushbu ilovalarni cheklash orqali harbiy xizmatchilarning konstitutsion huquqlarining buzilmayotganligi, aksincha, bu ularning xavfsizligi jihatidan ko‘rilayotgan chora-tadbirlar ekanligi yuzasidan tushuntirish ishlarini olib borish.

Podpolkovnik Murodjon RO‘ZIYEV,
tahlilchi