COVID – 19 pandemiyasi insoniyatga butun umr esdan chiqmaydigan saboqlar berishda davom etyapti. Xususan, bu davrda kasbi qahramonlikdan iborat ko‘plab soha vakillarini odamlar o‘z ko‘zlari bilan ko‘rdi va ko‘ryapti. Boshqacha aytganda, xalq o‘z qahramonlarini tanib oldi.

Boshqa kasb vakillarini zinhor va zinhor kamsitmagan holda, shuni aytish mumkinki, shifokorlar hamda harbiylar yurtga kamarbasta bo‘lish, ona Vatanni, tanish va notanish vatandoshlarni sevish borasida yurak va vijdon amri bilan barchamizga o‘ziga xos mahorat darsi o‘tib bermoqda. Tabiiyki, xalqimizning ham bu kasb egalariga bo‘lgan hurmati kundan-kun ortib borayotir.
Karantin qoidalari kuchaytirilgan bir paytda ko‘plab tarmoqlar faoliyatida uzilishlar kuzatildi. Bu, albatta, fuqarolar salomatligini o‘ylab qo‘llangan chora. Mana, vaziyat barqarorlashib boryapti. «Qizil tanaffus»dan keyin hayot sekin-asta iziga tushmoqda. Biroq hali xavf to‘laligicha chekingani yo‘q. Shu bois sanitariya-epidemiologik holatni barqarorlashtirish borasida tegishli vazirlik va idoralar hamkorligidagi chora-tadbirlar bir zum ham to‘xtatilmayapti. Mudofaa vazirligi harbiy xizmatchilari ham yurtimiz bo‘ylab dezinfektsiya ishlarini doimiy ravishda olib bormoqda.
Har kuni erta tongdan Mudofaa vazirligi Radiatsion, kimyoviy va biologik muhofaza qo‘shinlari va Sanitariya-epidemiologiya nazorati markazi bilan hamkorlikda poytaxtimizdagi barcha bozor va uning hududida joylashgan savdo shoxobchalarida, mahalla va ko‘p qavatli uylarda dezinfektsiya ishlari olib borilmoqda. Harbiy xizmatchilar bilan mamlakat miqyosida o‘tkazilayotgan bu kabi kompleks o‘quv mashg‘uloti epidemiyaga qarshi kurashishda o‘z samarasini berayotir.
Respublikamiz tuman va shaharlaridagi aholi gavjum joylarda yangi uslub va yondashuv bilan, samarali himoya vositalarini qo‘llagan holda faol ishlar olib borilyapti. Ushbu tadbirlarni amalga oshirishda zamonaviy issiq bug‘ generatorlaridan foydalanilmoqda. Mazkur generatorlarni qo‘llash dezinfektsiya ishlari sifatini oshirish imkonini bermoqda. Poytaxtimizning o‘zida dezinfektsiya va tozalash tadbirlarini amalga oshirish uchun 1 300 ga yaqin harbiy xizmatchi, 60 ta maxsus texnika, mingdan ortiq zamonaviy avtomaks va generatorlar jalb etilgan.
Bu harakatlar davomida albatta, etarlicha tajriba to‘planmoqda. Shu bilan birga, dezinfektsiyaga jalb etilgan texnikalar modernizatsiya qilib borilyapti. Ularning yangidan-yangi imkoniyatlari ham sinovdan o‘tkazilmoqda.
Respublikamiz bo‘ylab har kuni olib borilayotgan ushbu tadbirlarga barcha okruglarning kuch va vositalari jalb etilgan. Ular har kuni o‘quv-amaliy mashg‘ulotlarini olib borib, ko‘rinmas dushmanga qarshi kurashyapti.

I. NURALIYEV