Erta tong. Sof havo. Dil yayraydi. Ko‘chalarda mashinalar siyrak. Zavqi ichiga sig‘mayotgan hamrohimiz «gazi»ni bosadi. Radarlar ham hayratda qolayotgandir, deb kulishamiz. Axir parashyut bilan sakrash mashg‘ulotiga borayotgan odam tezlikni his qilishi kerak-ku!
Toshkent harbiy okrugida joylashgan «Markaz» desantchilar tayyorlash bazasiga ayni vaqtida etib bordik. Saf tortgan ishtirokchilar sakrash oldidan ko‘rikdan o‘tkazilayotgan ekan. Har bir uskuna nazardan o‘tkazilgach, harbiy xizmatchilarga nazariy tushuntirishlar etkazildi. Ular bajaradigan harakatlarini xayollarida yana bir bor jonlantirib oldilar. Ushbu mashg‘ulot desantchilarning nafaqat professional mahoratini oshirishi, balki guruhning jipsligini mustahkamlashi bilan ham ahamiyatli bo‘ldi.

Desantchilar vertolyotga chiqar ekan, hayajonimiz ularnikidan kam emasdi. Bir-ikki guruhni kuzatib qo‘ydik. Harbiy xizmatchilarning osmon toqidan enishlarini ji-im kuzatamiz. Nimalarni his qilishayotgan ekan? Sanoqli lahzalarda o‘tkazgan umrlari-yu kelgusi rejalari ko‘z oldilaridan o‘tayotgan bo‘lsa, ne ajab!? Ularni baholash mezonlari qanday?
Ular bilan samoga ko‘tarildik. Desantchilarni bir-bir kuzataman, ayniqsa, Qurolli Kuchlar akademiyasi hamda Chirchiq oliy tank qo‘mondonlik-muhandislik bilim yurti kursantlarining taraddudi ayricha. Chuqur-chuqur nafas olishadi, ayrimlarining yuzlari sal oqargan. Ammo ichki g‘alayonlarini bir-birlariga sezdirmaydi.

– Birinchi marotaba parashyut bilan sakrayapman. Sira esimdan chiqmaydigan bo‘ldi. Bugun tug‘ilgan kunim, – deydi Chirchiq oliy tank qo‘mondonlik-muhandislik bilim yurti kursanti Sherali Qo‘chqorov. Yonidagi o‘zini Oybek Muhammadjonov deb tanishtirgan kursant ham birinchi marta sakrayotganiga ishora qiladi.
Nima bo‘lsa bo‘ldi, yigitlar birin-ketin vertolyotni tark etishdi. Shosha-pisha suhbatlashganlarimning ism-familiyalarini qayd etishga kirishdim. Qizig‘i shundan keyin bo‘ldi. Yozib bo‘lib qarasam, ularni tasvirga olib turgan hamrohimiz mayor Fozil Xodjaev ham g‘oyib bo‘lib qolibdi. Egnida parashyuti ham yo‘q edi. Ne xayollarga borib oynalardan pastni kuzataman…
600 va 800 metr balandlikdan sakrayotgan mashg‘ulot ishtirokchilari uchish apparatidan ajralib chiqishi, havodagi harakati, qurolni havoda jangovar holatga o‘tkazishi hamda qo‘nish jarayoniga qarab baholanar ekan. Mutasaddilarning bildirishicha, vazifalar muvaffaqiyatli bajarildi. Faol ishtirokchilarga Mudofaa vazirligining «Namunali xizmatlari uchun» ko‘krak nishoni hamda faxriy yorliqlar topshirilgani aytilgan so‘zning isboti bo‘ldi.
Aytgancha, mayor Fozil Xodjaev topildi. U ekipaj komandiri kapitan Sherzod Fayziev, instruktor podpolkovnik Abbos Usmonxodjaevning mashg‘ulot ishtirokchilari haqidagi fikrlarini bilish uchun vertolyot kabinasiga kirib ketgan ekan. Muhimi, mashg‘ulotlardan sog‘-omon qaytib, taassurotlarimizni baham ko‘rishga muvaffaq bo‘ldik.

Katta leytenant
Aziz NORQULOV,
«Vatanparvar»