…Yaponiyalik professor Xidesaburo Uenoga it sovg‘a qilishdi. Ular juda tez chiqishib ketdi. It har kuni o‘z egasini ishga kuzatib qo‘yar va har kuni bir xil vaqtda, bir xil joyda – «Siburiya» temir yo‘l stantsiyasida egasini ishdan kelishini kutib o‘tirardi.

Professor 1925 yili yurak xurujidan vafot etadi. Ammo it o‘z xo‘jayini ishdan qaytadigan ayni o‘sha vaqtda vokzalga chiqar, egasining kelishini kutaverar edi. Ammo u kelmasdi. Shu zayl oradan 10 yil o‘tdi. Itning vafosi kuchaysa kuchaydiki, aslo so‘nmadi. Ha, bu o‘sha sadoqat ramziga aylangan mashhur Hatiko edi…
Itlar nafaqat insonga sodiq do‘st, balki ular qo‘riqchi, himoyachi hamdir. Shu bois insoniyat qadim zamonlardan beri bu jonivor bilan do‘st tutunib kelgan. Ta’kidlash kerakki, maxsus topshiriqlarni bajarishda xizmat itlarining o‘rni beqiyos. Ularni turli xil xatti-harakatlarga o‘rgatish, parvarish qilish, buyruqlarni to‘g‘ri va aniq bajarishga yo‘naltirish esa mutaxassis-kinologlar zimmasidagi vazifa sanaladi.
Xalqaro armiya o‘yinlari musobaqalarida harbiy kinologlarimiz 2018 yili 3-, 2019 yili esa faxrli 2-o‘rinni qo‘lga kiritdi. Bu, albatta, o‘z-o‘zidan erishilayotgan natijalar emas. Buning zamirida ona Vatan himoyachilarining tinimsiz mashg‘ulotlari va xizmat itlari bilan to‘g‘ri yo‘nalishda olib borilayotgan ishlar mujassam.
Vakillarimiz joriy yilda bo‘lib o‘tadigan armiya o‘yinlarining barcha yo‘nalishlari, xususan, «Sodiq do‘st» musobaqasiga ham jiddiy tayyorgarlik ko‘rmoqda. Shuni alohida ta’kidlash joizki, o‘zbekistonlik harbiy xizmatchilar va xizmat itlaridan iborat jamoa musobaqaning har yilgi peshqadamlaridan biri. Tabiiyki, bunda boshqa davlat jamoalari ilg‘orlarga qarab o‘z soat millarini to‘g‘rilab olishadi. Shundan ham bilish mumkin, musobaqa o‘ta qizg‘in va murosasiz kechadi.
Bu yilgi musobaqada ishtirok etadigan Mudofaa vazirligi kinologlar jamoasi joriy yilning yanvarь va fevralь oylarida o‘tkazilgan «Eng ilg‘or mutaxassis» ko‘rik-tanlovining barcha bosqichlaridan muvaffaqiyatli o‘tib, saralab olingan.
«Sodiq do‘st» musobaqasi «Dog biatloni», «Estafeta», «Himoya qorovul xizmati», «Mina qidirish xizmati» va «300 metr masofaga to‘siqlarni xizmat iti bilan engib o‘tgan holda yugurish» kabi jami 5 ta shartdan iborat. Harbiy xizmatchilar, shuningdek, yakka tartibda umumiy 3 200 metr masofaga yugurish davomida pnevmatik miltiq yordamida 50 metrdagi nishonlarni mo‘ljalga olish shartlariga tayyorgarlik ko‘rmoqda.
Vakillarimiz erishib kelayotgan natijalar bilan yuqorida tanishdingiz. E’tibor bergan bo‘lsangiz, o‘zbekistonlik kinologlar yillar kesimida oldinga harakat qilib bormoqda. Ya’ni har yili shohsupada ko‘tarilish bo‘lyapti. Demak, yigitlarimizdan bu galgi musobaqada faxrli birinchi o‘rinni kutishga haqlimiz. Zero, buning uchun ularda barcha imkoniyat va shart-sharoit etarli.

Islomjon QO‘ChQOROV,
«Vatanparvar»