Birlashgan Millatlar Tashkiloti tsivilizatsiyaning asosiy tahdidlari – yadro urushi va ekologik falokat qatoriga giyohvandlikni ham rasman qo‘shgani bejiz emas. Chunki narkotik moddalar iste’moli turli jabhalardagi milliy manfaatlarni ro‘yobga chiqarishga kuchli ta’sir qiladi. Demografik va ijtimoiy xavfsizlikka zarar etkazadi. Shu bois BMT Bosh assambleyasining 1987 yil 7 dekabrdagi rezolyutsiyasiga binoan 26 iyun – Xalqaro giyohvandlikka qarshi kurash kuni deb e’lon qilingan.

Giyohvandlikka qarshi kurashish jamiyat oldida turgan eng muhim vazifalardan biridir. Giyohvand­lik vositalarining katta miqdorda etishtirilayotgani va sayyoramiz bo‘ylab shiddat bilan tarqalayotgani o‘z kelajagi uchun qayg‘uradigan har bir millatni tashvishga solishi shubhasiz. BMT ma’lumotiga ko‘ra, bugungi kunda giyohvandlarning aksariyat qismi 15–35 yoshli yigit-qizlardir. Ayni paytda ularning soni 500 millionga etgan. BMT ekspertlari o‘tkazgan tadqiqotga ko‘ra, jahonda har yili taxminan 200 ming narkoman vafot etarkan. Statistik ma’lumotlar bugungi kunda narkobiznesdan yiliga 400 milliard dollar daromad olinishini ko‘rsatmoqda.
Demak, insonning ruhiy va jismoniy salomatligini emiruvchi, guldek oilalarni parokanda qiluvchi giyohvandlikka qarshi kurashish nafaqat davlatlarning, balki butun dunyo jamoatchiligining ishi bo‘lishi kerak.
Boshqa mamlakatlar qatori O‘zbekistonda ham narkotik va psixotrop vositalardan noqonuniy foydalanishga qarshi murosasiz kurash olib borilmoqda. Jamiyatda sog‘lom turmush tarzini qaror toptirish, fuqarolarning xavfsizligini ta’minlash, salomatligini asrashga ustuvor vazifa sifatida qaralyapti.
Yurtimizda «Surunkali alkogolizm, giyohvand­lik yoki zaharvandlikka mubtalo bo‘lgan bemorlarni majburiy davolash to‘g‘risida»gi va «Giyohvand­lik vositalari va psixotrop moddalar to‘g‘risida»gi qonunlar qabul qilingan. O‘zbekiston BMTning Giyohvandlik vositalari to‘g‘risidagi yagona konventsiyasi, Psixotrop moddalar to‘g‘risidagi hamda Giyohvandlik vositalari va psixotrop moddalarning noqonuniy muomalasiga qarshi kurashish bo‘yicha konventsiyalariga qo‘shilgan.
Ko‘rinib turibdiki, mamlakatimizda giyohvand­likka qarshi kurashish borasida mustahkam huquqiy asoslar yaratilgan. Aholi o‘rtasida giyohvandlikka qarshi izchil targ‘ibot-tashviqot ishlari olib borilmoqda.
Kezi kelganda yana shuni aytish kerakki, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Narkotik moddalarni nazorat qilish milliy axborot-tahlil markazining ma’lumotlariga ko‘ra, o‘tgan yillar mobaynida mamlakatimizda narkovaziyatga xos epidemiologik ko‘rsatkich ijobiy tomonga o‘zgarib boryapti. Har yili narkotik moddalarning noqonuniy aylanishi bilan bog‘liq jinoyatlar soni avvalgi yillarga nisbatan kamaymoqda.
Biroq aholi o‘rtasida boshqa bir illat urchiy bosh­ladi. Ya’ni «Tramadol», «Lirika», «Tropikamid» kabi psixotrop dorilarning iste’moli ko‘paygani, ayniqsa, o‘spirin farzandi bor ota-onalarni xavotirga solib qo‘ydi. Sababi, bu dorilarning asosiy iste’molchilari bemorlar emas, balki yosh avlod vakillari bo‘lib qoldi. Shuning uchun ham 2018 yil 22 oktyabrda «O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga jamoat xavfsizligini ta’minlashga qaratilgan o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi qonun qabul qilindi. Unga ko‘ra, «Tramadol», «Lirika» kabi dorilar narkotik moddalar qatoriga kiritildi. Ularning noqonuniy sotilishining oldini olish bo‘yicha profilaktik tadbirlar kuchaytirildi. 2019 yil 6 sentyabrda esa davlatimiz rahbarining «Dori vositalari noqonuniy aylanishining oldini olish choralarini kuchaytirish to‘g‘risida»gi qarori qabul qilinib, aholi sog‘lig‘ini asrashga qaratilgan chora-tadbirlarning yanada kuchayishiga zamin yaratildi. Qarorda Vazirlar Mahkamasi, Bosh prokuratura, Sog‘liqni saqlash vazirligi, Davlat xavfsizlik xizmati, Ichki ishlar vazirligi va O‘zbekiston yoshlar ittifoqi zimmasiga bir qator vazifalar yuklandi.
Har yili 26 iyun kuni an’anaviy tarzda respublika huquqni muhofaza qilish organlari tomonidan noqonuniy muomaladan olingan giyohvandlik vositalari yo‘q qilinadi. O‘tgan yilda o‘tkazilgan tadbirda jami 1 tonna 27 kilogramm 911 gramm giyohvandlik vositalari yoqib yuborildi. Shu jumladan, 7 kilogramm 757 gramm geroin, 195 kilogramm 415 gramm opiy, 56 kilogramm 140 gramm gashish, 557 kilogramm 398 gramm marixuana, 130 kilogramm 18 gramm ko‘knori, 80 kilogramm 920 gramm kannabis, 263 gramm sintetik narkotik vositalar hamda turli xil psixotrop moddalar yo‘q qilindi.
Bu borada Harbiy prokuratura organlari tomonidan Qurolli Kuchlarimiz qo‘mondonliklari bilan hamkorlikdagi kompleks rejalar ijrosi doirasida harbiy xizmatchilar, ularning oila a’zolari hamda yoshlar ishtirokida tizimli tadbirlar o‘tkazilmoqda. 2020 yilning o‘tgan davrida 150 ga yaqin targ‘ibot, tushuntirish ishlari olib borildi. Pandemiya sharoitida bu kabi tadbirlarni onlayn muloqot tarzida o‘tkazishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Xulosa qiladigan bo‘lsak, og‘uning quliga aylanganlarni davolashdan ko‘ra giyohvandlikning oldini olgan ming marta afzal. Demak, yoshlar o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini qaror toptirish barchamizning burchimizdir. Zero, sog‘lom muhitda tarbiya ko‘rgan farzand turli xil illatlarning domiga osongina ilinib qolmaydi. Bir so‘z bilan aytganda, uyimizni, farzandlarimiz hamda yaqinlarimizni «oq ajal»dan aynan o‘zimiz asrashimiz kerak. Giyohvandlik – tubanlik botqog‘i borsa kelmas yo‘l ekanligini bir zum bo‘lsa-da unutmasligimiz lozim.

Adliya polkovnigi
Bahodir XUDOYBERDIEV,
O‘zbekiston Respublikasi Harbiy
prokurorining birinchi o‘rinbosari