Milliy armiyamiz yildan-yilga rivojlanib borgani sayin harbiy jurnalistlarga bo‘lgan ehtiyoj ham oshib bormoqda. O‘zbekiston Jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti o‘tgan o‘quv yilidan boshlab harbiy jurnalistika yo‘nalishi bo‘yicha ta’limni yo‘lga qo‘ydi. Mazkur ta’lim yo‘nalishiga qabul jarayonlari, test­sinov bosqichlari va o‘quv mashg‘ulotlari ko‘pchilikni qiziqtirishi shubhasiz. Shu bois universitetning o‘quv ishlari bo‘yicha prorektori Alisher Matyoqubov bilan suhbatlashdik.

– Harbiy jurnalistika ilk bor alohida yo‘nalish sifatida tashkil etildi. Nima deb o‘ylaysiz, universitet harbiy jurnalistlarga bo‘lgan ehtiyojni qondira oladimi?

– Jahon tajribasiga murojaat qiladigan bo‘lsak, harbiy soha jurnalistikaning ixtisoslashgan yo‘nalishlaridan biri. Fanni umumiy jurnalistikada emas, balki alohida darslik sifatida o‘tish va bo‘lajak harbiy jurnalistlarga ushbu yo‘nalishda chuqurroq ta’lim berish ko‘zda tutilgan. Bugun barchamiz mamlakat mudofaa tizimidagi o‘zgarishlarga guvoh bo‘lyapmiz. Bu yo‘nalishda qalam tebratishning o‘ziga yarasha mashaqqati va mas’uliyati bor. Chunki har qanday jurnalist harbiy mavzuda yozib ketolmaydi. Biroq harbiy jurnalistlarga doim ehtiyoj bo‘lgan. Ushbu tashabbus harbiy jurnalist kadrlarni tayyorlash bilan birga ularning zaxirasini ham shakllantiradi.

– Qabul jarayoni haqida ma’lumot bersangiz. Pandemiya sababli o‘qishga hujjat topshirish onlayn tarzda bo‘lyapti. Bu yil harbiy jurnalistikaga qancha talaba qabul qilinadi?

– Qabul jarayonida o‘zgarishlar bor. Universitet o‘zini o‘zi moliyalashtirish tizimiga to‘liq o‘tmoqda. Vazirlar Mahkamasining «Oliy ta’lim muassasalarining bakalavriatiga talabalarni qabul qilish tartibi to‘g‘risida»gi nizomiga muvofiq, 2019/2020 o‘quv yilida harbiy jurnalistika yo‘nalishiga 25 nafar talaba qabul qilinib, ularning 5 nafari davlat granti asosida, 20 nafari shartnoma asosida ta’lim olishi belgilangan edi, ammo sohaga qiziquvchilarni, shuningdek, harbiy jurnalistlarga bo‘lgan talabning yuqoriligini hisobga olib, qo‘shimcha yana 20 nafar talabani qabul qildik. Bu yili ham 55 nafar talaba shu yo‘nalishda o‘qitilishi rejalashtirilgan.
Pandemiya tufayli o‘qishga hujjat topshirish onlayn shaklda bo‘lmoqda. Qabul jarayonlari boshlanganiga ko‘p vaqt bo‘lmadi, ammo shu paytgacha universitet miqyosida eng ko‘p abiturientlar shu yo‘nalishga topshirmoqda.
Kirish imtihonlari ikki bosqichdan: ijodiy suhbat, insho hamda test sinovlaridan iborat. Abiturientlar katta qiziqish bilan hujjat topshirmoqda. Ularni qiziqtirgan savollariga mas’ul mutaxassislar universitetning rasmiy sayti va ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalari orqali javob beryapti.

– Harbiy yo‘nalish bo‘lganligi uchun abiturientlar boshqa oliy harbiy ta’lim muassasalari singari tibbiy ko‘rik va jismoniy hamda kasbiy-ruhiy tayyorgarliklardan o‘tishlari shartmi?

– Ijtimoiy tarmoqlar va messenjerlardagi sahifalarimizga kelayotgan asosiy savollardan biri bu – jismoniy tayyorgarlik bo‘yicha. To‘g‘ri, boshqa oliy harbiy ta’lim muassasalarida bu sinovlarning asosiy bosqichi hisoblanadi. Ammo jurnalistika ijodiy soha ekanligi, shuningdek, gender tengligini hisobga olsak, joriy yilda jismoniy va kasbiy-ruhiy tayyorgarlik imtihonlari bo‘lmaydi. Ammo harbiy deganda ko‘z oldimizga ham ruhan, ham jismonan sog‘lom kishi keladi, shuning uchun kelgusi yildan jismoniy tayyorgarlik imtihonlariga ham e’tibor qaratishni reja qilganmiz.

– Harbiy xizmatchilarning farzandlari oliy ta’lim muassasalariga kirish uchun alohida imtiyozga ega bo‘lishdi. Bu imtiyozdan foydalanayotgan abiturientlar haqida ­aytib o‘tsangiz.

– Davlatimiz rahbarining «O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari harbiylari va uning oila a’zolarini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlashga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi qaroriga muvofiq, harbiy xizmatchilarning farzandlari oliy ta’lim va oliy harbiy ta’lim muassasalariga kvota asosida o‘qishga kirishi va davlat granti asosida ta’lim olish imkoniyatiga ega bo‘ldi. O‘tgan yili bu imtiyozdan foydalangan talabalarimiz bor. Bu yil ham universitetda ular uchun alohida maxsus komissiya tuzilib, harbiy xizmatchilarning farzandlari o‘rtasida eng ko‘p ball to‘plagan abiturientlar talaba sifatida tanlab olinadi.

– Bir yillik harbiy xizmatni o‘tagan yigitlarimiz uchun ham 50 foizlik imtiyoz mavjud. Aynan ularning harbiy jurnalistikaga qiziqishi yuqori bo‘lsa kerak?

– Ha, albatta. O‘tgan yili 5 nafar yigitimiz ushbu imtiyozdan foydalanib, talaba bo‘ldi. Shuni alohida aytishim kerakki, bu yo‘nalishda o‘qiydigan talabalarimiz intizomi, tartibi, bilimi bilan boshqalardan ajralib turadi. Ular hozirdanoq harbiy bo‘lishni niyat qilishgan va o‘zlarini harbiylardek mas’uliyatli hamda intizomli tutishga intilishmoqda.
Bu yil ham namunali xulqi, mashg‘ulotlardagi faolligi bilan ko‘zga tushib, harbiy qism qo‘mondonligi tomonidan berilgan tavsiyanomaga ega bo‘lgan yigitlar aynan shu yo‘nalishga hujjat topshirmoqda. Bu kabi yigitlarning ko‘proq bo‘lishidan universitet ham manfaatdor. Negaki, ular sohaning qiyinchiligini qisman bo‘lsada ko‘rishgan. Kursdosh­lariga namuna bo‘la olishadi.

– Talabalarga ta’lim berishda qaysi o‘quv dasturlari va o‘quv qo‘llanmalaridan foydalaniladi? Sohada adabiyotlar etarlimi?

– Hozirgi kunda o‘quv qo‘llanmalari og‘riqli nuqtamiz. Negaki, harbiy jurnalistika bo‘yicha o‘zbek tilida hali biror-bir o‘quv qo‘llanma ishlanmagan. Mazkur sohada jurnalist kadrlarni tayyorlash yo‘lga qo‘yilganidan beri shu masala ustida ishlayapmiz. Ekstremal jurnalistika fani doirasida o‘tilgan darsliklarni kengaytirib, yangi o‘quv dasturlarini tayyorlayapmiz. Milliy jurnalistikamizda to‘plangan tajribalar asosida hamda rus va ukrain olimlari tomonidan yozilgan ilmiy adabiyotlarni tarjima qilyapmiz.
Ko‘p yillik tajribaga ega professor-o‘qituvchilar yordamida sentyabrь oyiga qadar ilk harbiy jurnalistikaga oid o‘zbek tilidagi ikki ilmiy qo‘llanmani chop etish rejalashtirilgan.

– Bo‘lajak harbiy jurnalistlarga kimlar ta’lim beradi? Mahorat masalalari haqida aytib o‘tsangiz.

– Joriy yilda universitetimizda Mudofaa, Ichki ishlar, Favqulodda vaziyatlar vazirliklari, Davlat xavfsizlik xizmati va Bojxona qo‘mitasi bilan hamkorlikda ushbu tizimlarda faoliyat yurituvchi jurnalistlarga to‘rt oylik malaka oshirish kursini tashkil qildik. Ilk bitiruvchilarimizga sertifikat va diplomlar topshirildi. Malaka oshirish kursi biz uchun tajriba bo‘ldi. Ayrim xato-kamchiliklarimizni bilib oldik. Ushbu kursda dars bergan ustozlarimiz – Alijon Safarov, Rahimboy Jumaniyozov, Hikmatulla Po‘latov, Nazira Toshpo‘latova kabi professor-o‘qituvchilar bo‘lajak talabalarga ham saboq beradi.
Albatta, «Vatanparvar» Birlashgan tahririyati birinchi navbatda mahorat maktabimiz hisoblanadi. Talabalar birinchi bosqichdanoq u erda amaliyot o‘tashdi. Matbuotda sinovdan o‘tgan talabalar, shubhasiz, OAVning har qanday turida bemalol faoliyat yuritib ketoladi.

– Universitet chet el ta’lim muassasalari bilan o‘zaro hamkorlikni yo‘lga qo‘ygan ekan. Harbiy jurnalistika yo‘nalishi bo‘yicha ham hamkorlik tashkil qilinadimi?

– Harbiy jurnalistika bo‘yicha hamkorlikni allaqachon yo‘lga qo‘ydik. Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligiga a’zo davlatlardan harbiy jurnalistika yo‘nalishi Rossiya Federatsiyasining Moskva shahridagi Harbiy universitet va Voronej davlat universitetida mavjud. Aynan Moskva harbiy universiteti bilan o‘zaro hamkorlik memorandumini tuzdik. Kelajakda talabalarimiz u erga o‘zaro hamkorlik doirasida o‘qishga yuborilishi mumkin.
– Mazmunli suhbatingiz uchun tashakkur!

«Vatanparvar» muxbiri
Ayjamal JOLDASBAYEVA
suhbatlashdi.