– Oyi, non uvog‘ini erga tushirsam, ko‘zim og‘rib qoladimi? – dedi jajji Muxlisa onasining yoniga chopib kelib.
– Kim aytdi senga bu gapni, yana buvingmi? – Naziraning qoshi chimirildi. Ichida g‘ashlik aralash nimadir g‘alayon qila boshladi. – U yana shunaqa bo‘lmag‘ur gaplarni aytib, tarbiyangni buzyaptimi? Bo‘lmagan gap. Eshitdingmi, bor, xohlaganingni qilaver. Buving aytaveradi. Uning har bir aytgan gapi to‘g‘ri bo‘lavermaydi!
– Nonni o‘tirmasdan esam ham, ushog‘i erga tushsa ham maylimi? – Muxlisa ko‘zlarini katta-katta ochib onasiga tikildi.
– Menga desa ko‘chada emaysanmi! Bor boshimni qotirma! Ishdan qoldiryapsan meni, – onasi yuvilgan kiyimlarni tez-tez taxlab, javonga qo‘ya boshladi.
– Buvim menga nonni o‘tirib egin. Ushog‘i erga tushsa, uvol bo‘ladi, keyin ko‘zing og‘riydi, degan. Nonni e’zozlasang, sen ham nondek e’zoz topasan, degan. Siz esa shuniyam bilmas ekansiz. Men bilaman, kecha o‘rtog‘im Sabohat ham nonni o‘tirmasdan eb yurgandi, kasal bo‘lib qolibdi. Men ko‘zim og‘rishini istamayman.
– Muxlisa, voy asal qizim mening, – ko‘cha tomondan qaynonasining ovozi eshitildi.
Muxlisa ilkis bosh ko‘tarib darvozaxonaga qaradi-yu, buvisining istiqboliga yugurdi.
– Buvijonim! Keldingizmi, sizni sog‘inib ketdim, – qizcha mehr bilan buvisini quchdi.
– Ie, salom qani, bolam? Aytganman-ku senga, kattalarni ko‘rganda kichiklar doim salom berishi kerak. Saloming – bu odobing. Odobli bolalarni esa hamma yaxshi ko‘radi.
– Anovi, siz aytib bergan ertakdagi dev hammi?
– Ha, uyam yaxshi ko‘radi. Bo‘lmasa, bolakayni allaqachon eb qo‘ygan bo‘lardi-da.
– Sizam yaxshi ko‘rasizmi?
Buvisi kulib nevarasini quchdi:
– Ha, menam sersalom bolalarni yaxshi ko‘raman.
– Assalomu alaykum! – Muxlisa baland ovozda buvisiga salom berdi.
– Vaalaykum assalom. Aqlli qizim, esli qizim. – qaynonasi nevarasini bag‘riga bosib, peshonasidan o‘pdi.
– Buvijon, men nonni o‘tirib edim. Ushoqlarini esa siz aytgandek piyolaga solib qo‘ydim. Ularni tovuqlarimizga beramiz-a?
– Ha, tovuqlarimizga beramiz. Keyin ular sendan minnatdor bo‘lishadi.
– Minnatdor degani nima, buvi?
– Minnatdor degani xursand bo‘ladi, quvonadi degani.
– Bir gap aytaymi, kecha o‘rtog‘im ko‘chada non eb yurgandi. Bugun kasal bo‘lib qolibdi, – Muxlisa ko‘zlarini katta-katta ochib, buvisiga tikildi. – Buvijon, siz to‘g‘ri aytgan ekansiz. Nonni yurib eb bo‘lmas ekan.
– Voy, yomon bo‘pti-ya. O‘rtog‘ingga aytmabsan-da nonni o‘tirib egin, deb.
– Aytdim. Lekin u quloq solmadi. Men unaqa quloqsiz qizmasman-a, buvijon? – qizaloq buvisiga suykaldi.
– Yo‘q, sen quloqsizmassan. Sening esing ko‘p.
– Esing degani nima, buvijon?
– Esingmas, es. Es bu – aql degani.
Hovlidan eshitilayotgan buvi va nevaraning suhbati Naziraga bu gal negadir xush yoqayotgan edi. Har doim qaynonasi bolalariga nasihat qila boshlasa, uning g‘ashi kelardi. Hatto gaplashib o‘tirishsa ham to‘nini teskari kiyib olardi. Uning nazarida qaynonasi bolalarini undan sovutayotgandek edi.
Shuncha o‘zini majburlasa ham qo‘li ishga bormadi. Chunki ayni shu lahzalarda qizi unga bir haqiqatni anglatgandi: ona farzand uchun doim o‘rnak, yaxshi tarbiyachi bo‘lishi lozim ekan. U-chi? U bolalariga qaysi jihati bilan o‘rnak bo‘lyapti. Qaynonasiga gap qaytarishi bilanmi yo bolalarining oldida turmush o‘rtog‘i bilan huda-behudaga tortishishi, arazlashi bilanmi? Shular haqda o‘ylar ekan, o‘zidan uyalib ketdi.
Bir oy oldin bo‘lgan voqea hech esidan chiqmaydi. O‘sha kuni kechki ovqat har kungidan biroz kechikdi. Aksiga olib shu kuni turmush o‘rtog‘i ishdan ertaroq qaytdi. Yarim soat o‘tdi, bir soat o‘tdi, Nazira ovqat olib kelay demasdi. Ovqatni kutaverib charchagan bolalari bu orada uxlab qoldi. Naziraning esa parvoyi falak. Telefonda singlisi bilan gaplashib, go‘yoki dasturxon boshidagilarni unutgandi. Turmush o‘rtog‘i ovqatni tezroq olib kelishini aytib ovoz bergandi «Nima-aa, kimdir ochdan o‘lyaptimi?» deb jerkib berdi. Bu gap Nodir akasining toqatini toq qildi. U onasining hay-haylashiga qaramay Naziraning ustiga quyunday bostirib bordi. Kelinini do‘pposlayotgan o‘g‘lini ajratishga onaning kuchi etmadi. Aksiga olib kelin ham tilini tiyay demasdi. Bir vaqt kelini: «Hammasiga siz sababchisiz! Siz o‘g‘lingizni menga qarshi qayrayapsiz!» deb unga ta’na toshlarini ota ketdi. Bu gap Nodirning qonini qaynatib yubordi, u yana mushtiga zo‘r berdi. Yig‘i-sig‘i, qiy-chuv hammaning dilini xufton qildi. Dasturxon dasturxon joyida, ovqat ovqat joyida qoldi…
Shu voqeadan keyin u qaynonasini battar yomon ko‘rib qoldi. «Ha, dugonalarim to‘g‘ri aytgan ekan, qaynonalar bor joyda halovat bo‘lmas ekan. Men qaynonamni qanday bo‘lmasin uyimdan ketkazishim kerak. Nima, uning farzandi faqat Nodir akammi? Ana yana ikki o‘g‘li bor. Ular bilan yashasin. Erim kenja farzand bo‘lsa bo‘libdi-da. Bu ota-onani qaramog‘iga olish faqat erimning zimmasida degani emas-ku!» Ko‘nglidan o‘tganlari Nazirani havolantirdi. Endi u qaynonasiga oshkora hujumga o‘tdi. Arzimas narsadan janjal chiqarib, qaynonasi bilan urishadigan, gap qaytarib xumoridan chiqadigan bo‘ldi. Qaynonasi juda oqila ayol. Kelinining bu qiliqlari uni uyidan bezdirish ekanligini boshidayoq angladi va bir kuni o‘g‘li uyda yo‘qligida buyumlarini yig‘ishtirdi-yu, katta o‘g‘linikiga ketib qoldi. Lekin uch kun bo‘lmasdan Nodir onasini uyga qaytarib olib keldi. Onasining: «Men o‘zim shuni xohladim. Akang bilan yashagim kelyapti», degan bahonalariga e’tibor bermadi. «Akamni, nevaralaringizni sog‘insangiz, mehmon bo‘lib borib kelasiz, lekin men turganda ular bilan yashashingizga yo‘l qo‘ymayman», dedi o‘g‘li. Ayol o‘sha paytdagi holatini so‘z bilan ta’riflab berolmaydi. O‘g‘lini quchgancha shunday yig‘ladi, shunday yig‘ladi. Onaning ahvolini ko‘rib, o‘g‘ilning ham ko‘ngli buzildi…
Ko‘cha eshikdan onasining elkasidan quchgancha xushxandon kirib kelayotgan turmush o‘rtog‘ini ko‘rgan Naziraning naq joni chiqib ketay dedi. Qaynonasining yuziga ser solib qaradi: «Buncha xursand bo‘lmasa? Hoynahoy mening ustimdan kulib kelyapti. Hali qarab tursin, ko‘rsatib qo‘yaman, ustimdan kulish qanaqa bo‘lishini».
– Ho‘v, Nazira, nega qaqqayib turibsan, oyim bilan ko‘rishmaysanmi? – erining gapidan o‘ziga kelgan ayol istar-istamay qaynonasiga yaqinlashdi:
– Assalom…
– Vaalaykum assalom, yaxshimisiz, qizim, bolalar yaxshimi? – qaynonasi xuddi hech narsa bo‘lmagandek keliniga yaqinlashib, uni quchmoqchi bo‘ldi. Lekin Nazira ro‘yixushlik bermadi. Xotinining bu qilig‘idan jahli chiqib ketgan Nodirning yuzlari bo‘g‘riqib ketdi.
– Ho‘v, sen kim bo‘psanki, onam ko‘rishaman desa, o‘zingni taroziga solasan?! – Nodirning qolgan gapi ichida qoldi. Nazira ko‘zlari ola-kula bo‘lib jirillay ketdi:
– Og‘zingizga qarab gapiring! Birinchidan, men «ho‘v» emasman, ikkinchidan ko‘rishish-ko‘rishmaslik bu mening ishim! – shunday deb shart ortiga burilib keta boshladi. Onasining oldida xotinining bunday bepisand qilig‘idan izza bo‘lgan erkakning qo‘llari musht bo‘lib tugildi. Agar yonida onasi bo‘lmagandami, xumoridan chiqquncha do‘pposlardi. Afsus, boya akasinikidan kela turib onasi unga: «Nazirani urmaysan, hech qachon xafa qilmaysan», deb shart qo‘yib, va’dasini olgan. Lekin nimadir qilmasa bo‘lmaydi, axir bu ketishda Nazira onasini oyoqosti qilib tashlaydi.
Nodir onasining narsalarini xonasiga olib kirdi. Keyin oshxonada kuymalanayotgan xotinining oldiga keldi. Idish-tovoqlarni taraq-turuq qilib yuvayotgan Nazira haliyam jahldan tushmagandi. Uning harakatini biroz kuzatib turgan Nodirning yuragi siqildi. «Bu xotin bilan yashashga o‘zing kuch ber, Allohim». Ko‘nglidan shu so‘z o‘tar ekan, onasining nasihatini esladi: «Kuch ishlatib, yomon ko‘ringaning qoladi. Ursang eti qotadi, so‘ksang beti. Ayol kishini faqat yaxshi gapirib, yo‘lga solish mumkin. Jon bolam, Naziraga muloyimroq muomala qil, mehr ko‘rsat. U aslida yaxshi ayol. Mana, ko‘rasan, albatta, o‘zgaradi».
– Nazira, xafa bo‘ldingmi mendan? – Nodir huv bir vaqtlardagidek ohangda xotiniga gapirdi. Nazira indamay ishini davom ettiraverdi. Nodir esa sekin xotiniga yaqinlashib, elkasidan quchdi.
– Axir nima qil, deysan, sen xotinim bo‘lsang, u kishi onam. Et bilan tirnoqni bir-biridan ajratib bo‘lmasligini bilasan-ku. Ota-onaga qanday munosabatda bo‘lsang, kelajakda farzandlaring ham senga shunday munosabatda bo‘ladi, deyishadi. Kel endi, arazlashmaylik. O‘zing yaxshisan-ku. Men seni yaxshi ko‘raman…
«Men seni yaxshi ko‘raman!» Bu gap… Nazira turmush o‘rtog‘idan bu gapni eshitmay qo‘yganiga qancha yillar bo‘lgan. Bugun eshitdi! Eshitdi-yu, ko‘nglidagi g‘ubor, eriga bo‘lgan gina-kudurat nom-nishonsiz yo‘qoldi. Ha, u eridan doim shunday muomalani kutardi. Uning iliq so‘ziga ilhaq edi. Bilmasdiki, urush-janjallari tufayli turmush o‘rtog‘ini o‘zidan bezdirib qo‘yganini. Bugun bildi, angladi, tushundi va aybini tan oldi. Ayol yig‘lagancha erini elkasiga bosh qo‘ydi…
Hayotning o‘zi muallim ekan, buyuk muallim. Bugun Nazira o‘tgan umriga nazar solib, hech qachon yaxshi kelin, yaxshi ona bo‘lolmaganidan o‘ksidi. Qaynonasining nevaralari uchun qilayotgan fidoyiligi, jonkuyarligini ham o‘zicha tushunar ekan. Aslida uning o‘gitlari, pand-nasihatlari farzandlarining kamolotida qanchalik muhim ekanligini bugun tushunib etdi. Ancha vaqt oldin turmush o‘rtog‘iga: «Onangiz bilan yashamaylik. Agar onangiz bu uydan ketishni xohlamasa, o‘zimiz alohida uy qilib chiqib ketaylik», deb qilgan xarxashalarini eslab, xijolat bo‘ldi. Endi bilsa, xato qilgan ekan, juda katta xato…
O‘sha kuni kechki taomni o‘zgacha tayyorgarlik bilan hozirladi. Turmush o‘rtog‘ini ham har doimgidek tund qiyofada emas, quvonch bilan qarshiladi. Kelinidagi o‘zgarishni ko‘rib, qaynonasining ham kayfiyati ko‘tarildi. Hammalari hovlidagi so‘rida xush kayfiyatda ovqatlanishdi.
– Zilola, endi turib dasturxonni yig‘ishtir. Qiz bola ovqatni ichib bo‘lgandan so‘ng tezda dasturxonni yig‘ishtirishga odatlanishi kerak, – buvisi dasturxondagi bo‘sh kosalarni nevarasiga uzatdi. – Dasturxonni hovlidagi gullarning tagiga qoqqin. Ushoqlardan qurt-qumursqalar rizqlanadi.
Zilola buvisining qo‘lidagi kosalarni olib, dasturxon chetiga qo‘yib qo‘ydi-da, indamay yana televizor ko‘raverdi.
– Qizim, buvingning gapini eshitmadingmi? – Zilola yalt etib onasiga qaradi. Hayron bo‘ldi. Chunki shu vaqtgacha onasi hech qachon buvisining gapini ma’qullamagan. Keyin buvisi ularga ish buyursa jahli chiqardi. «Zilola hali yosh bola. Muxlisa ham. Nega ularni hech tinch qo‘ymaysiz. Katta bo‘lsa, ish qilishni o‘rganish qochmaydi. Hozircha men o‘zim qilaman shu yumushlarni», derdi doim. Bu safar unday demadi. Zilola onasiga hayratlanib qarab qoldi.
– Nima, gapimni eshitmayapsanmi? Nega jim bo‘lib qolding, bo‘laqol qizim. Qani, tez turib, buvijoning aytganlarini qil-chi.
Zilola birpas taraddudlanib qoldi. Nahotki onasi aytayotgan bo‘lsa, bu gaplarni?!
– Oyi, men…
– Gaping bo‘lsa, keyin gapirasan, xo‘pmi? Qani, qizim, kosalarni oshxonaga olib bor. Zilola tezda o‘rnidan turib, dasturxonni yig‘ishtira boshladi. Unga singlisi ham yordamga shoshildi. Qizlarining xatti-harakatini havas bilan kuzatib turgan Naziraning bahri dili ochildi.
– Oyijonim aytgan har bir gap sizlar uchun hikmat. O‘rgansangiz, kam bo‘lmaysizlar, – Nazira minnatdor bo‘lib qaynonasiga tikildi. Uning nigohida mehr, muhabbat, hurmat, e’zoz – hamma-hammasi zohir edi…

Gulnora HOJIMURODOVA