«…Bir tomoni Xarьkov shahri, bir tomoni Stalinsk shahri, Svetogorsk degan bir joy, o‘rmon, Danets daryosi oqadi, shu daryoning bir tomonida biz, u tomonida fashistlar. Kecha-yu kunduz har ikki tomon to‘p va minomyotlar bilan otishib turadi. Lekin bunga o‘rganib qolgan bulbullar parvosiz sayraydi. Men ham dadilman. Kelajagimdan umidim bor. Yo‘lda kelayotib ko‘rgan bombalar bilan yuragimni to‘xtatib olganman».

Urush o‘choqlaridan yuborilgan maktubning ushbu satrlari 3-4 kunlab xayolimda aylanib yurdi. O‘lim xavfi turganda parvosiz sayrayotgan bulbullarni ilg‘ash uchun qanchalar musaffo qalb kerak. Bugun biz tinchlik zamonida, to‘kinchilik chog‘ida go‘zalliklarni his qilmay qo‘ymadikmi? O‘zimizdan ortmaymiz, yonimizdagi odamning, hatto o‘zimizning ko‘nglimizga quloq tutishga vaqtimiz yo‘q go‘yo! Ular esa ajal qarshisida turib, qushlar chug‘uridan zavq tuyyapti.
To‘g‘ri, ularning bu kungacha bosib o‘tgan hayot yo‘li o‘zgachadir. Bizda mavjud ma’lumotlarga ko‘ra, ushbu xat urush maydonlaridan kichik leytenant Anvar Salimov tomonidan onasi Nurxon Salimovaga yozilgan. Maktub voqeasini yodingizda tutib tursangiz, bu damgacha o‘tgan ishlarni xotirlaymiz.
Nurxon chevarning olti o‘g‘il, ikki qizi bor edi. Ular ko‘chalarni to‘ldirib yurganida quvongan ona dunyoning qay bir burchagida baxtiga ko‘z olaytirgan borligini hali bilmasdi. 1939 yili Finlyandiya urushi boshlanib, o‘g‘li Tal’atbekni kuzatishga majbur bo‘ldi. Qirqinchi yilning kuzida Sayfullo ham harbiy xizmatga otlandi.
Jurnalist Mirzohid Mirzarahimov «Gulchambar» nomli ocherkida ularni shunday eslaydi: «Ikkalasi ham umrida birov bilan urishmagan yuvosh, bo‘z bolalar edi. Ikkalasi ham miltiq otishni bilishmasdi. Ular o‘qituvchi edilar, bolalarga o‘qish, yozishni, Vatanni, odamlarni sevish, hurmat qilishni o‘rgatardilar».
Uka va singillariga bosh bo‘lib turgan Anvarjon onasining ko‘nglini ko‘tarar, oilasidagilarga nihoyatda mehribon edi. Tahririyatdagi adabiy kotib­lik, teatrda adabiy emakdosh­likdan vaqt topib, urush bilan bog‘liq har qanday yangilikni bilishga oshiqardi. Jondan sevgan ukalari qaerlarda jon olib-jon berib yurgan ekan. Nomi o‘chgur urush faqat jon olishmas, jon berish ham edi. Ukasi Sayfullo Narva shahri uchun bo‘lgan janglarda qahramonlarcha halok bo‘lganini onasiga ayta olmadi.
Onasi o‘g‘liga kuyovlik sarpolari hozirlab qo‘ygandi. Anvar onasiga termilib chiday olmasdi.
– Ukam uchun, toptalgan ona tuproq uchun qasd olaman! – dedi u qattiq pichirlab. – Shunday qasd olayki…
Harbiy komissariatga o‘z ixtiyori bilan ko‘z yosh tomchilarini qo‘shib ariza yozdi. Ori keldi, yoshlarini kimsa ko‘rishini istamadi, qayta yozdi. U mag‘lub bo‘lmasligiga mustahkam ishonch bilan dushmanni yakson qilish uchun jangga otlandi. Shundan so‘ng Anvardan yuzlab maktublar, tabriklar, rasmlar, gazetalarda bosilgan maqola va g‘azallar kelib turdi. Ular oilaning eng sevimli bisoti sifatida saqlanardi.
«Qor yog‘sa tom kuralmay qolmasin, – deb yozadi jang maydonidan u, – bizda sovuq. Sovqotsak yuguramiz. Askarning pechkasi yugurish ekan.
Radio gapiryaptimi? Yangi yutuqlarimizni eshityapsizmi? Eshiting!»
1944 yil 18 yanvarida bir olam quvonch va faxr bilan yozgan xati fevralning boshlarida etib keldi. Oilada bu xat o‘qilib, hamma quvonayotgan xuddi shu 2 fevralь kuni Anvar Salimov jang maydonida behush yotardi. Sizlarni sog‘inishdan boshqa kamim yo‘q, deya urg‘u berilgan satrlararo shoshilib ketayotgan nigohlaringiz namlanganini sezmay qolasiz. Nurxon aya frontdagi ikkinchi o‘g‘lidan ham ayrilgandi.
Aytgancha, birinchi bo‘lib urushga ketgan Tal’atbek sog‘-omon qaytadi. Leningrad janglarida oyog‘idan o‘q eb behush yotganida jang maydonidan elkasida ko‘tarib chiqib, hayot baxsh etgan hamshira qiz Mariya Alimovaga uylanadi. Farzandlar ko‘rib, mazmunli umr kechiradilar.
Nurxon ayaning kichik qizi Mohira ona bilan ko‘p suhbatdosh bo‘lganman. Ustozimiz filologiya fanlari doktori, professor Botirxon Akramovning turmush o‘rtog‘i edi. Umri poyoniga qadar akalari haqida to‘lib-toshib gapirib yashadi. Farzandlari nazdida ham tog‘alari ideal shaxs sifatida bo‘y ko‘rsatdi. Katta qizi Guli Akramova tog‘alaridek o‘qituvchi bo‘lib, uzoq yillardan buyon bolalarga ta’lim-tarbiya berib kelmoqda. Farzandi Gulandom Akramova bilan birgalikda otasining qo‘lyozmalarini jamlab, bir nechta kitoblar chop ettirdi. Aksariyat kishilar dunyoga mukkasidan ketgan bir mahalda ular otalaridan ulgu olib, tog‘alaridek ilm yo‘lida, ma’naviyat gulshanida jonbozlik ko‘rsatmoqdalar.

A. NORQULOV