Biz sovet maktablarida o‘qigan avlod Zahiriddin Muhammad Boburni ko‘proq shoir sifatida bilar edik. U haqda bilimlarimiz umumiylikdan nariga o‘tmagan.

Amerikalik sharqshunos Harold Lambning «Bobur – yo‘lbars» asarini varaqlayotib, bir narsa e’tiborimni tortdi. «Muallif haqida» so‘zboshida shunday ma’lumot beriladi: «U (Harold Lamb) salkam yuz yil avval Amerikaning Kolumbiya universitetida bu asarni yozishga kirishganida, o‘sha davrning taniqli olimlaridan biri bunday mas’uliyatli ishni faqat yuksak bilim darajasiga ega bo‘lgan Britaniya mutaxassislarigina uddalay olishi mumkinligini ta’kidlagan edi. Keyinchalik, oradan ancha vaqt o‘tib, harbiy sohada ishlab yurgan kezlarida novcha bo‘yli, sochlariga oq oralagan, tajribaga boy bu kelishgan odamni atrofdagilar ko‘pincha Britaniya ofitseri sifatida qabul qilishar edi».
Faqatgina «yuksak bilim darajasiga ega bo‘lgan Britaniya mutaxassislarigina uddalay olishi mumkin» bo‘lgan bu mas’uliyatli ish nima edi?
Bu – ulug‘ ajdodimiz, shoh va shoir, tengsiz sarkarda, qomusiy olim, mutafakkir Zahiriddin Muhammad Bobur haqidagi tarixiy asar edi.
Qarang-a, u qanday ehtirom bilan o‘rganilgan ekan xorijda, Britaniyaning xos mulkidek, go‘yo. Uni hamon o‘rganyaptilar.
Harold Lamb 1892 yilda Amerikaning Nyu-Jersi shtatida dunyoga kelgan. U 1960 yilda Moskvada bo‘lib o‘tgan xalqaro sharqshunoslar anjumanida ishtirok etdi. Anjumandan so‘ng Toshkent, Samarqand, Buxoro shaharlarida bo‘lib, asarda tilga olingan joylarni ziyorat qildi.
Bu asar haqida batafsil to‘xtalish, uni o‘qish istagini so‘ndirishi mumkin, deb o‘ylayman. Amir Temur haqida ancha-muncha asarlar yozilgan. Biz ularning qimmatini tan olgan holda negadir ko‘pchilik Marsel Brionning «Amir Temur» asarini katta qiziqish bilan o‘qiganini ham aytib o‘tmoqchimiz.
Albatta, «Bobur – yo‘lbars» sarguzasht asar emas, tarixiy asar. Tili sodda, ravon, o‘quvchini o‘ziga tortib turadi. Men asarning ayrim nuqtalarigagina e’tiboringizni tortmoqchiman.
Ko‘pchilik turk kinoijodkorlari tomonidan ishlangan «Muhtasham yuz yil» tarixiy serialini katta qiziqish bilan tomosha qildi. Hammani sulton Sulaymon shaxsi qiziqtirdi, desak, yolg‘on bo‘lmaydi-yu, ammo malikalar hayoti hech kimni e’tiborsiz qoldirmagani aniq. Aynan saroy ayollari hayoti hammani ohanrabo kabi o‘ziga tortib oldi.
Balki yanglishayotgandirman, biroq tarixiy asarlarimizda ayol-qizlarga kam e’tibor qaratiladi. Aslida tarixiy jarayonlarda ularning ishtiroki, o‘rni erkaklardan kam bo‘lmagan. Buni Zahiriddin Muhammad Bobur hayo­tida ham ko‘rishimiz mumkin.
Tarixdan ma’lumki, Bobur ­mirzo 12 yoshida taxtga o‘tirgan edi. 12 yoshli hukmdor… Aziz o‘quvchi, siz 12 yoshligingizni qanday eslaysiz? Siz ham o‘zingizni mirzo Bobur bilan taqqoslab ko‘rganmisiz? Yoki 12 yoshli o‘g‘lingizni?
Yosh hukmdor oldida murakkab sinovlar ko‘p edi. Unga xiyonat qilganlar ham talaygina edi. Birgina inson – donishmand malika, ona tomondan buvisi Esondavlat Begim unga hayotining so‘ngiga qadar sadoqat ko‘rsatdi.
Keling, «Bobur – yo‘lbars»dagi begimlar haqida gaplashaylig-a. Aynan ular borligi uchun ham bu kitobni sevib mutolaa qilsangiz arziydi.
O‘qiymiz: «Esondavlat Begim – Boburning buvisi ham chaqaloqni qo‘lga olib, suyib erkalatdi. U katta oq shol ro‘mol o‘rab olgan, lekin yuziga chachvon tutmagandi, egniga qimmatbaho mo‘ynadan tikilgan safar chakmonini kiygan edi. U saroyga kirib kelishi bilan Andijon malikalari sukut ichida ta’zim bajo ayladilar. Esondavlat Begimning o‘z eriga bo‘lgan sadoqati va jasorati haqida afsonalar to‘qilgan, shu bois ham u Yunusxon izmidagi saroy malikalari ichida eng yuqori martabalisi hisoblanardi».
Ko‘hna tariximizda jasur, donishmand ayollar ko‘p o‘tgan. Qani edi, ularning jasorati, sadoqati aks etgan filmlar ishlansa…
Keling, yana asardan Esondavlat Begim haqida o‘qiymiz: «Yunusxon… safarga otlanganda dashtlik qaroqchilar iskanjasida qoladi va o‘sha tengsiz jangda Esondavlat Begim dushman qo‘liga asir tushib qoladi. Uni asir qilgan qabila boshlig‘i malikani o‘zining sadoqatli hamrohlaridan biriga hadya etadi. O‘shanda Esondavlat Begim yangi xojasini muloyimlik bilan kutib olib, unga choponini echishga yordam beradi va shu paytda avvaldan tayyorlab qo‘ygan xanjarini uning naq biqiniga sanchib o‘ldiradi. Shundan so‘ng malika uni asir olgan qavm xoniga xat yo‘llab, endi uni o‘ldirishlari mumkin, lekin Yunusxondan boshqaga bersa, oqibati yomon bo‘lishini bildiradi. Bu ayolning jasorati va o‘z eriga bo‘lgan sadoqatidan hayratga tushgan qabila boshlig‘i hurmat-ehtirom bilan jasur va matonatli ayolni eri Yunusxon huzuriga qaytarib yuborgan».
Asarda Boburning birinchi xotini malika Oysha Begim haqida ham so‘z yuritiladi. Uning anchayin takabburligi, Bobur xonadoniga tegishli aslzoda xonimlar o‘rtasida obro‘ topmagani haqida aytiladi.
Kitobda «Bobur faoliyatiga ayollarning ta’siri» degan sarlavha ostida olim yana Esondavlat Begimni uzoqni ko‘ra oladigan zukko ayol sifatida tavsiflaydi. Shuningdek, Boburning opasi Xonzoda Begim, onasi haqida qisqacha to‘xtalib o‘tilgan.
«Bobur – yo‘lbars»ning oltinchi qismida «Afg‘on og‘acha hikoya­si» bor. Afg‘on og‘acha yusufzay afg‘onlaridan qabila boshlig‘ining ukasi Shoh Mansurning qizi Bibi Muborikadir. Bobur yusufzay afg‘onlari qal’asini zabt etolmagach, uning qanchalik mustahkamligini aniqlash maqsadida qalandar qiyofasida qal’a ichiga kirib boradi. O‘sha kuni Qurbon hayiti edi. Bobur odamlar orasiga kirib, Shoh Mansurning oilasi bilan qiziqadi. Va o‘sha daqiqada o‘tovda boshqa ayollar bilan gaplashib o‘tirgan Shoh Mansurning qizi Bibi Muborika «qalandar»ga ko‘zi tushib, unga bir parcha pishgan go‘shtni non orasiga solib, xizmatkor orqali berib yubordi. Qizning odobi ham chiroyiga mos edi.
Bobur o‘zi istagan ma’lumotlarni olib, hovlidan chiqdi va qiz berib yuborgan nonga o‘ralgan go‘shtni katta tosh ostiga yashirib qo‘ydi.
Afg‘onlar qal’asini zabt etolmagan Bobur Malik Ahmadga xat yozib, ukasi Shoh Mansurning qizini xotinlikka berishlarini so‘radi. Malik Ahmad bir qator vajlar bilan qizlari yo‘qligini bildirdi. Bobur unga bitgan shohona maktubida Shoh Mansurning uyida bo‘lib qizini ko‘rgani, isboti sifatida u berib yuborgan nonga o‘ralgan go‘shtni tosh ostidan olib ko‘rishlarini aytadi.
Nihoyat, aka-uka qabila manfaati uchun Bibi Muborikani Boburga berdilar. Tarixiy ma’lumotlarga qaraganda bu jasur malika Boburning barcha yurishlarida uning yonida bo‘lgan.
Kitobda «Gulbadan Begimning aytganlari» degan kichik qism bor. Tarixchi Bobur mirzoning qizi Gulbadan haqida batafsil gapirishga harakat qilgan. Harold Lamb muarrix Gulbadan Begimning «Humoyunnoma» asariga to‘xtalgan, izlanishlari mobaynida undan foydalanganini qayd etgan. «Humoyunnoma» g‘oyat qimmatli asar bo‘lib, Gulbadan Begim unda boburiylar sulolasining shakllanishidan tortib uning Hindistondek ulkan mamlakatda o‘z hukmini o‘rnatishiga qadar bo‘lgan voqealarni qalamga olgan.
Aziz o‘quvchi, Harold Lamb nafaqat sharqshunos olim, balki biografik asarlar muallifi hamdir. «Bobur – yo‘lbars» uning bir necha yillik chuqur izlanishlari mahsulidir. Bu kitob oilangiz, do‘stlaringiz uchun qadrli sovg‘a bo‘ladi. Kitob suratlar bilan juda chiroyli ishlangan. Javoningizni yana bir javohir bilan boyitib, oilangizni mamnun eting.

Inobat IBROHIMOVA,
«Vatanparvar»