Oila parokandalikka yuz tutdi, er-xotin ajrashishga qaror qildi, bu nizoni to‘xtatish mushkul… Bu haqda yozish esa qiyin. Negaki, o‘zganing oilasi, o‘zganing muammosi, o‘ziga xos sir-asrori. Biroq yozish kerak, oilani asrash uchun bong urish kerak. Chunki zamonaviy oila egalarining ajrashishi nafaqat jamiyat, balki millat uchun fojia demak.

Asrlar davomida muqaddas sanalgan bu qo‘rg‘on xalqimizning ma’naviy va milliy qadriyatlariga suyangan holda mustahkam bo‘lgan va rivojlanib kelgan. To‘y kuni bir-birini ko‘rib, bir yostiqqa bosh qo‘ygan bobo-momolarimiz oila sha’nini ko‘z qorachig‘idek asragan. Ahillikda farzandlar ulg‘aytirib, ro‘zg‘orning kam-ketigi, baland-pastiga sabr qilib, oilaning buzilishi narida tursin, xonadonda baland ovozda gapirish qo‘ni-qo‘shnilar oldida uyat sanalgan. Farzandlarning kelajagi, erta kelib quda-anda tutinishdagi nozik masalalar, el oldida er-xotin inoq, nufuzli xonadon bo‘lish istagi, «Odamlar nima deydi?» degan savol birinchi o‘rinda turgan. Har bir harakatning o‘lchovi va mezoni bo‘lgan.
Bugun esa zamonamiz chiroyli, hech narsaga muhtojlik yo‘q, harakat qil, yasha, ishla, baxtingni yarat. Biroq yosh oilalar hayotning arzimas zarbasiga bardosh berolmasdan bir necha yil, hatto bir necha oy yashab, ajrashishga qaror qilayotgani inson qalbini larzaga soladi. Bu ne hol?! Bir dugonam o‘pkasi to‘lib nolib qoldi:
– Ikkinchi o‘g‘lim ko‘ngil qo‘ygan qizi bilan etti yil sevishib yurdi. Men ham, otasi ham qarshi bo‘lmadik, bir-birini sinovdan o‘tkazganiga nima etsin. Qiz ham, bo‘lajak qudalar ham bizga ma’qul keldi. U tomonning fikri ham shunday. Ikkisi ham oliygohni tugatib, ishga joylashdi. Katta to‘yu tantanalar bilan ikki yoshning orzusini yuzaga chiqardik. Biroq ko‘p o‘tmay o‘g‘lim bilan kelinim o‘rtasida kelishmovchilik yuzaga chiqa boshladi. Bu orada erim bedavo dard sabab olamdan o‘tdi…
– O‘zingizni qo‘lga oling, akamning oxiratlari obod bo‘lsin. Sinovli dunyo deganlari shu-da, hali hammasi yaxshi bo‘ladi, – ko‘zida yosh bilan so‘zini davom ettira olmay jim qolgan dugonamga malham bo‘la oladigan so‘z izlayman.
– Bilmadim, bu yog‘i nima bo‘larkan? Shuncha yil sevishib yurgan o‘g‘lim bilan kelinim oila qurganiga bir yil bo‘lmay bir-birini ko‘rarga ko‘zi yo‘q, ajrashmoqchi. Kelinim balki men bilan birga turishni istamas, degan o‘yda, ularning alohida yashashiga rozi bo‘ldim. Ammo munosabatlarida o‘zgarish bo‘lmadi. Nasihatlar, o‘gitlar – hammasi besamar ketdi…
Bizning hayotimizda nima o‘zgardi, ajrashish shuncha oson bo‘ldimi? Bunga sabab bo‘lgan narsa shunchalar jiddiymi, nahot imkoniyat qolmagan? Yoki bizning hissiyotga berilishimiz, bepisandligimiz, kelajakni o‘ylamay, kimdan kim zo‘r chiqish jangida kim g‘olib chiqadi, deb sharmandalik ko‘chasiga kirish sog‘lig‘imiz, obro‘yimizga putur etishiga arziydimi? Bu holat farzandlar hayotiga qanday ta’sir qiladi, qanday oqibatlarga olib keladi?
Statistik ma’lumotlarga ko‘ra, ajrashishning asosiy sabablaridan biri ichkilik va uchinchi shaxsning aralashuvi, ya’ni xiyonat. Buning negizida esa yigit va qizning oilaviy hayotga tayyor emasligi, sabr va qanoatning, shukronalik tuyg‘usining yo‘qligidir. Bunday ko‘ngilsiz holatlarni harbiy xizmatchilarning hayotida ham kuzatish mumkin.
Muxlisa uch-to‘rt kundan buyon o‘zini qo‘lga olishga harakat qiladi, erini zimdan kuzatadi. Hammasiga o‘sha kungi telefon qo‘ng‘irog‘i sabab. Uning o‘rnida boshqa ayol bo‘lganida, balki allaqachon eri bilan sen-menga borgan bo‘lardi. Hatto ko‘ch-ko‘ronini yig‘ishtirishga tushardi. Lekin og‘ir-vazmin Maftuna bunday qilmadi. Eri bilan gaplashishga fursat kutdi, engiltak bir ayolni deb shirin ro‘zg‘orini janjal domiga tortishni istamadi. Shirindan-shakar o‘g‘il-qizlari uchun ham oilasini asrashi darkor. Xotiniga va bolalariga sovuqqon yigitning esa parvoyi falak.
– Dadasi, keyingi paytlarda juda ko‘p nav­batchilikda qolyapsiz. Yoki xizmatdan kech qaytasiz, bolalar uxlab qolgan bo‘ladi, – yarim tunda xizmatdan qaytgan eriga dilida tugilib turgan dardini yordi Maftuna. – Oilaga, bolalaringizga vaqt ajratsangiz, yaxshi bo‘lardi, ular sizni sog‘inib qolyapti.
– Namuncha diydiyo qilmasang, – ensasi qotdi Muxtorbekning. – Senlarni deb tunu kun xizmatdaman. Vazifam qay darajada mas’uliyatli ekanini bilasan, buni bolalar ham yoshligidan tushunib borishi kerak.
– Malika ismli ayol telefon qilgandi.
– Malika… qanaqa Malika? Men… men hech qanday Malikani tanimayman, – dovdiradi yigit.
– Sizga ishonaman, ko‘chadagi qandaydir bir ayolga bizni aslo almashtirmaysiz…
Xotinining unga mehr va hurmat bilan so‘zlashidan yigitning yuzi qizargandan-qizarib borar, oilasi uning yagona baxti ekanini his qilib turardi…
Darhaqiqat, bu holat kimga qanday ta’sir qiladi. Ba’zilar xiyonat yo‘liga kiradi-yu, undan qaytib chiqa olmaydi. Shirin oilasini oriyati va nomusiga qo‘shib qurbon qiladi.
Uch nafar farzandi bor erkak oilasidan voz kechib, qiz bolaga uylanayotganini suyunchilab, dunyoga jar solayotganiga nima deysiz? Undagi otalik mehri, oriyat, vijdon qaerga yo‘qoldi? Ota-bobolarimiz nonning uvog‘i erga tushsa uvol bo‘ladi, deb uqtirgan. Uch nafar norasidani tirik etim qilgan otani ularni arosatda tashlab ketgani uchun uvoli tutmaydimi? Go‘daklarning bu uvoli shafqatsiz otalarning umri zavoliga aylanib, havoyi orzu-havaslariga nuqta qo‘ymaydimi?
Tirik etimlar – bolaligidan erta ayrilgan aybsiz gunohkorlarning kelajagi-chi? Ularning salomatligidagi psixologik jarohat, nosog‘lom muhitda o‘sish taqdiri, eng ayanchlisi, buning natijasida voyaga etmaganlar o‘rtasida jinoyatchilikning o‘sishi, ijtimoiy xavfli shaxslarga aylanishiga nima deysiz? Bularni ajrimlarning qurbonlari, desak arziydi.
Ayniqsa, qiz bolalar otani ko‘proq yaxshi ko‘radi, unga suyanishni istaydi. Hadisu shariflarda aytilishicha, oilada tug‘ilgan har bir qiz ota-ona uchun do‘zax olovidan parda bo‘lar ekan. Shunday ekan, aziz otajonlar, nega bu nozik gullarni hayotligida do‘zaxga ro‘baro‘ qilyapsiz, tushkun, umidsiz, odamovi yoxud qo‘pol, til-jag‘li bo‘lib ulg‘ayishlariga zamin yaratyapsiz? Bunday holda qanday onalarni – millat tarbiyachilarini o‘stiramiz, tasavvur qilyapsizmi? Ikkinchi tomondan, otasiz o‘sgan qizni ko‘p xonadonlar havas qilmaydi. Bu bilan farzandingiz baxtiga ham bolta urgan bo‘lasiz. Erini ortga qaytara olmagan ayol esa ming harakat qilmasin, otaning o‘rnini bosishi qiyin.
Aziz ayollar! Tanganing ikki tomoni bor, deganlaridek, inson o‘zini baxtli his qilgan joydan kamdan-kam hollarda voz kechadi. Agar eringiz ketish qarorini qabul qilgan bo‘lsa, demak, sizning hamkorlikdagi hayotingizda nimadir uni qoniqtirmagan.
Oddiy haqiqat shuki – qaytarishdan ko‘ra ushlab qolish osonroq. Qaytarib olgandan so‘ng ushlab qolish esa hamisha murakkab. Shunday vaziyat yuzaga kelsa, oilani saqlab qolish, uni mustahkamlash uchun albatta, o‘tmishni bezovta qilmaslik, hadeb aybini yuziga solmaslik, tanqiddan yiroq, kechirimli bo‘lish, bir-biriga e’tiborli va shukr qilishni unutmaslik lozim. Oilangiz – o‘zingiz va bolalaringiz baxtini asrab qolishni istasangiz, ajrashishga shoshilmang! O‘zingizni o‘zgartirishga harakat qiling. Mehr ulashing, shunda, albatta, mehr ko‘rasiz.

Qurolli Kuchlar xizmatchisi

Tamara MAMANOVA,
JG‘MHO etakchi mutaxassisi