Ijodiy guruhimiz bilan mediareja bo‘yicha «Angren» umumqo‘shin poligonida belgilangan vazifalarni bajardik. Ammo uzoq yo‘l bosib kelgan joydan albatta, gazetaning nav­batdagi sonlari uchun yana ikki-uch mavzuli material bilan qaytmasam, ko‘ngil to‘lmaydi. Harbiy qismda ikki sportchi harbiy bilan suhbatlashdim. Ular haqidagi maqolani Yoshlar kuniga bag‘ishladim.

Olimlarning sotsiologik tadqiqotlari natijasiga ko‘ra, inson 45 yoshdan so‘ng dori-darmon, shifoxonada yotishga ketadigan sarf-xarajatlarning atigi 5 foizini o‘smirlik, yoshlik davridagi jismoniy sog‘lomlashtirish ishlariga sarflasa, 80–85 yoshgacha dard ko‘rmay hayot kechirishga zamin tayyorlanar ekan. Bundan ko‘rinadiki, jiddiy xastaliklarning oldini olishda oddiy jismoniy tarbiya mashqlarini muntazam bajarib turishning ahamiyati katta.
Kontrakt bo‘yicha harbiy xizmatchi, oddiy askar Javlonbek To‘xtasinov 1996 yili Buloqboshi tumanidagi Bozorxidirboshi mahallasida tug‘ilgan. Professional sport olamiga ilk odimi o‘quvchilik davrida boshlangan. Ishtiyoq uni Andijon olimpiya zaxiralari kollejiga etakladi. Mazkur o‘quv maskanida u malakali murabbiy Sobirjon To‘lashev rahbarligida kikboksing sir-sinoatlarini o‘rgandi. Kollejni bitirgach, Chirchiq shahrida muddatli harbiy xizmatni o‘tab qaytdi. Yigitlik burchini ado etish chog‘ida uning Qurolli Kuchlar safida xizmat qilish ishtiyoqi ortdi. Ayni paytda u harbiy xizmatni kontrakt asosida davom ettirmoqda.
Javlonbek birinchi toifali (razryadli) sport ustasi, ko‘p karra kombat-aykido bo‘yicha O‘zbekiston chempionati, xalqaro musobaqalar sovrindori sanaladi. Jumladan, 2019 yili Qirg‘izistonda kikboksing bo‘yicha professional jang yo‘nalishida o‘tkazilgan xalqaro turnirda 70 kilogramm vazn toifasida 1-o‘rinni egalladi. O‘sha yili poytaxtimizda o‘tkazilgan kombat-aykido bo‘yicha mamlakat chempionatida, joriy yilda esa Birinchi Prezidentimiz Islom Karimov xotirasiga bag‘ishlangan respublika II ochiq turnirida o‘z yosh toifasida g‘oliblikni qo‘lga kiritdi. Ikki yildirki, Mudofaa vazirligi qo‘shinlari razvedka bo‘linmalari o‘rtasida qo‘l jangi bo‘yicha Mudofaa vaziri kubogi uchun o‘tkazilgan musobaqada va Toshkent harbiy okrugi razvedka bo‘linmalari o‘rtasida o‘tkazib kelinayotgan armiya qo‘l jangi bo‘yicha bellashuvda 65 kilogramm vazn toifasida birinchilikni qo‘ldan boy bermay kelyapti.
Javlonbek To‘xtasinov Xalqaro kombat-aykido assotsiatsiyasi, Universal jang federatsiyasi tomonidan o‘tkazilgan musobaqalarda ushbu sport turlarining nokdaun, pichoqli jang, professional jang singari yo‘nalishlarida 67-70 kg vazn toifasida ko‘p marotaba I darajali diplom va medallar bilan taqdirlangan. O‘tgan yili Namanganda beshta davlat o‘rtasida professional jang bo‘yicha o‘tkazilgan xalqaro turnirda ham mutlaq g‘olib bo‘ldi.
Umidli sportchi Javlonbek To‘xtasinov o‘quvchilik kezlarida ham yirik musobaqalarda ringga chiqqan. Xususan, 2014 yildan buyon u qo‘l jangi va professional jang yo‘nalishida ko‘p marotaba Rossiya Federatsiyasi kubogi, Toshkent shahri va viloyatlarda o‘tkazilgan respublika kubogi hamda ochiq chempionatlarida o‘z mahoratini namoyish etib, faqat yuqori o‘rinlarga sazovor bo‘lgan.
Hozirda yosh murabbiy sifatida u harbiy qismda 18 nafar safdoshiga qo‘l jangi bo‘yicha mashg‘ulotlar o‘tmoqda. Shunday o‘g‘lonni tarbiyalab voyaga etkazganidan avvalo, uning ota-onasi g‘ururga to‘ladi. Akasi, opasi va ukalari u bilan faxrlanadi.
* * *
Dilmurod Abdurahmonov asli O‘zbekiston tumanining Kenagas mahallasida tug‘ilib-o‘sgan. Ota-onasi Dilmurodni maktabda o‘qib yurgan kezlaridayoq «Taekvondo-WTF» to‘garagiga bergan. Bu erda u ilk murabbiyi Yorqinjon Ismoilovdan mukammal saboqlarni olib, viloyat miqyosidagi bellashuvlarda o‘z vazn toifasida faxrli o‘rinlarni egalladi. 2017 yili ona Vatan oldidagi yigitlik burchini ado etib qaytgan o‘smir dadasining yo‘lidan borib, kontrakt bo‘yicha harbiy xizmatchi bo‘ldi. Joriy yilda 26 yoshni qarshilayotgan qahramonimiz harbiy qismda kapitan Alibek Xidirovdan armiya qo‘l jangi va kombat-aykido sirlarini puxta o‘rganish barobarida o‘zlashtirganlarini quroldoshlariga sabot bilan o‘rgatib kelmoqda.
Tabiatan kamtarin, kamsuqum yigitdagi vazminlik ham sportchilarga xos. Dilmurod Abdurahmonov – taekvondo bo‘yicha 1-DAN qora belbog‘ sohibi. Xalqaro kombat-aykido assotsiatsiyasi tomonidan turli yillarda o‘tkazilgan musobaqalarda 67-71 kilogramm vazn toifalarida birinchi va ikkinchi o‘rinlarni egallagan.
– 2009 yili poytaxtimizda o‘tkazilgan Osiyo birinchiligida kuchli uchlikdan o‘rin olgan bo‘lsam, 2010 yili mamlakat chempionatida zafar quchdim, – deydi kontrakt bo‘yicha harbiy xizmatchi, oddiy askar Dilmurod Abdurahmonov. – 2013 yili Farg‘onada, 2020 yil avvalida Andijonda tashkil etilgan chempionat va ochiq birinchilikda ikkinchi o‘ringa munosib ko‘rildim. Harbiylar o‘rtasidagi bellashuvlardan ham chetda qolmayapmiz. Toshkent harbiy okrugi razvedka bo‘linmalari o‘rtasida armiya qo‘l jangi bo‘yicha bellashuvda g‘oliblikni qo‘lga kiritganman. Kelgusidagi maqsadim Vatanimiz bayrog‘ini baland ko‘tarib, yurtimiz dovrug‘ini dunyoga yoyishga o‘z hissamni qo‘shish.
Javlonbek va Dilmurod bitta jamoada xizmat qiladi. Ularning jismoniy tarbiya va professional sport bilan muntazam shug‘ullanishi uchun harbiy qismda barcha sharoitlar badastir. Miqtigina yigitlarning mashg‘ulotdagi mahoratini suratlarda ko‘rishingiz mumkin.

Dilshod RO‘ZIQULOV,
«Vatanparvar»