Poyimizdagi tuproq qanchalar aziz ekanligini ulg‘ayganim sari anglab boryapman. «Elidan ayrilgan etti yil yig‘lar, eridan ayrilgan o‘lguncha yig‘lar», deb bejiz aytishmagan dono xalqimiz.

Darhaqiqat, tirikligimizda boshimizdagi boshpana, vafot etsak mangu makon, hatto ovqatlanayotgan idishimiz, choynagimiz ham shu tuproqdan barpo bo‘lganini o‘ylasam, sevinib ketaman. Qo‘limdagi naqshinkor piyolaga qarab, beixtiyor kulollarimizga tasanno aytib, sohaga qiziqishim yanayam ortadi.
Asl san’at asarlari yurakka etib borib, ko‘ngillarni zabt etadi. Bugun bu qadimiy va mumtoz yo‘nalishda ko‘plab yurtdoshlarimiz faoliyat olib bormoqda. Ular yaratgan kulolchilik buyumlari butun dunyoga tarqalib, yurtimiz obro‘sini ko‘klarga ko‘tarmoqda. Shu o‘rinda kulolchilik bilan bog‘liq bir misol yodimga tushdi: Makka shahrida farg‘onalik bir kishi oilasi bilan yashab qolganini eshitganman. Bir gal mahalladoshlar «Ota yurtdan nima olib boraylik?» deyishsa, yurtimiz tuprog‘idan yasalgan bittagina piyola etadi, degan ekan. Keyin olib borilgan sovg‘ani sindirganini aytishdi. Mahalladoshlar hayron bo‘lib sababini so‘rashsa, bu – ota tuproq, hammaga etishi kerak, deb o‘ziga tegishli qismini o‘rab, uyining to‘riga ilib qo‘yibdi. Qolganlarini o‘zi kabi yurtimizdan borib yashab qolgan insonlarga sovg‘a sifatida tarqatib chiqibdi. Oradan necha yillar o‘tmasin, o‘sha kishi uchun uyining to‘rida Vatan tuprog‘idan yasalgan piyola sinig‘i hamma narsadan qadrli, hech narsaga almashib bo‘lmaydigan qimmatbaho merosdir. Bir qaraganda arzimas narsadek tuyulgan oddiy buyum yurtning sog‘inchini bossa, ne ajab?
Kulolchilik, amaliy san’at sohasi yildan-yilga rivojlanib, takomillashib bormoqda. Zamonamiz kulollari orasida qizlarning ham ko‘pligi, ayniqsa quvonarli.
Shunday kulol qizlardan biri Sarvinoz Tugalovadir. Bu qizni yaxshi bilaman. Har zarradan hikmat, har jihatdan ezgulik qidiradigan bu qizda iste’dod uchqunlari ko‘zga yaqqol tashlanadi. U ijodi orqali minglab ko‘ngillardan joy olishga ulgurmoqda.
Sarvinoz hozirda Kamoliddin Behzod nomidagi Milliy rassomlik va dizayn institutining 3-bosqichida tahsil oladi. U oliygohda bilim olish bilan birga kulolchilikning noan’anaviy yo‘nalishida ijod qilmoqda.
Uning dekorativ, mayda plastika, animalistik uslubida yaratgan asarlari nafaqat yurtimiz, balki xorijiy davlat vakillari ko‘nglidan ham joy olgan. Yosh bo‘lishiga qaramay bir qator shogirdlar tarbiyalamoqda.
«Vatanga qanday ta’rif berar edingiz?» degan savolimizga «Vatanni aniq so‘z bilan ta’riflay olmayman. Bilganim uni yaxshi ko‘raman. Qo‘limdagi tuproq ham, oddiy loy ham men uchun Vatan», deydi Sarvinoz kamtarlik bilan. U haqda gazetada yozmoqchiligimni aytganimda uyalib, «Hali arzirmikanman, oldinda rejalar ko‘p», degan ma’noda istihola qilishini ko‘rib, bu qiz tuproqdayin xokisor, tuproqdayin ulug‘vor qalb egasi ekanligini angladim.
Qahramonimiz o‘z ishini yaxshi ko‘radi. Shuning uchun ham mohir kulol bo‘lib etishmoqda.
Sarvinozning orzulari bir olam, rejalari ham ko‘p. Kelajakda Yosh kulollar maktabini tashkil qilib, iqtidorli bolalarga kulolchilik sirlarini o‘rgatmoqchi.
– Avvallari yurtimizning tuprog‘i tilloga teng deyishsa, bu bir o‘xshatishdek, ulug‘lashdek tuyulardi. Kulolchilikka kirib kelib, yuqoridagi so‘zning naqadar to‘g‘ri ekanligiga guvoh bo‘lyapman. Oltin tuprog‘imizga ozgina ishlov berilsa, go‘zal san’at namunalari dunyoga keladi, – deydi qahramonimiz quvonch bilan.
Men esa u yaratgan mo‘’jaz asarlarga boqar ekanman, kelajakdagi orzulari ushalishini tilayman. Yurtimizga Sarvinozdek kamtar, bilimli yoshlar kerak ekanligini his qilaman.

Shohsanam NISHONOVA