Shimoli-g‘arbiy harbiy okrugning «Nukus» poligonida joriy yil muddatli harbiy xizmatga chaqirilgan yoshlarga o‘qotar qurollar va jangovar texnikalar bilan ko‘rgazmali o‘quv-jangovar mashg‘ulotlari namoyish etildi. Bu damlarni ko‘pdan beri orzu qilgan askarlar o‘sha kuni ilk amaliy mashg‘ulot zavqini tuydi.

Karantin qoidalariga rioya etilgan holda o‘tkazilgan mashg‘ulotlarni Shimoli-g‘arbiy harbiy okrug ko‘shinlari qo‘mondoni polkovnik Farhodjon Shermatov ham bevosita kuzatdi.
Har bir qurol va harbiy texnikaning qo‘llanilishi, taktik-texnik tavsiflari hamda boshqa xususiyatlari, ulardan foydalanishda xavfsizlik qoi­dalariga rioya etish haqida ishtirokchilarga batafsil ma’lumotlar berildi.
Ta’kidlash joizki, 2017 – 2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasida belgilab berilgan vazifalarga muvofiq, milliy armiyamizni zamonaviy texnika va qurol-aslahalar bilan ta’minlashga bo‘lgan e’tibor kuchaytirilmoqda. Shu bilan birga, malakali harbiy kadrlarni tayyorlash tizimi ham qayta ko‘rib chiqilgani zamonaviy armiyamizning jangovar qudrati va salohiyatini yuksaltirishga xizmat qilmoqda. Qurolli Kuchlarimiz faoliyatining ochiq va oshkoraligini ta’minlashga qaratilgan qator tadbirlarning tashkil etilayotgani esa yosh avlodni harbiy-vatanparvarlik, yurtga sadoqat va milliy qadriyatlarimizga hurmat ruhida voyaga etkazishda muhim ahamiyatga ega.
Dastlabki o‘quv nuqtasida motoo‘qchi bo‘linmalari uchun mo‘ljallangan o‘qotar qurollardan nishonlarga qarata o‘q uzildi. Ikkinchi o‘quv nuqtasida artilleriya, zenit-raketa qurilmalari, jangovar mashina, zirhli transportyor va tanklardan nishonlarni aniq mo‘ljalga olib otilgan raketa va snaryadlar yoshlarning olqishiga sazovor bo‘ldi.
Ko‘rgazmali mashg‘ulotlardan so‘ng muddatli harbiy xizmatchilar birinchi marotaba avtomatdan amaliy mashq bajardi. 100 va 200 metr uzoqlikdagi ikkita nishonni yakson etish askarlarning amaliy mashg‘ulotlarda merganlik mahorati va ko‘nikmalarini mustahkamladi. ­Qurolni o‘q otishga hozirlash, uni noto‘liq qismlarga ajratish va yig‘ish, o‘q-dorilarni o‘qdonga joylashtirish bo‘yicha o‘quv nuqtalarida yoshlar bilimga chanqoq, harbiy ko‘nikmalarni egallashga qiziqishi baland ekanini namoyish etdi.
– Jangovar texnika va qurol-aslahalarni puxta o‘rganishimiz yigitlik burchimizni to‘laqonli va sadoqat bilan bajarishda qo‘l keladi, – deydi marg‘ilonlik oddiy askar Javohir Akbarxonov. – Harbiy texnika va qurollarga qiziqishim baland bo‘lgani uchun bugungi ko‘rgazmali o‘q otish mashqlarini zavq bilan tomosha qildim. Mana, armiyaga kelganimizga ham bir oydan oshdi. O‘tgan vaqt mobaynida ofitser va serjantlardan ko‘p narsa o‘rgandim.

Dilshod RO‘ZIQULOV,
«Vatanparvar»