Necha ming yillarki faqat o‘zini o‘zi qutqarish bilan ovora bo‘lib qolmagan insonlargina ulug‘ ishlarga qo‘l urgan. Jahonni qamragan pandemiya sharoitida har kimning dardi, tashvishi o‘ziga yarasha. Vatan himoyachilari esa buyuk maqsadlari yo‘lida mardonavor odimlaydi. Yurtimizning barcha hududlarida muddatli harbiy xizmat o‘tashni boshlagan askarlar bilan karantin qoidalari asosida Vatanga qasamyod tantanalari o‘tkazildi.

«Chirchiq» dala-o‘quv maydonida oliy harbiy ta’lim muassasalarida muddatli harbiy xizmatni o‘tayotgan o‘g‘lonlarning Vatanga qasamyod tantanalari bo‘lib o‘tdi. Tadbirda Mudofaa vazirligi mas’ul ofitserlari, vazirlik huzuridagi Jamoatchilik kengashi a’zolari, davlat va jamoat tashkilotlari vakillari ishtirok etdi.
Saflarda mag‘rur turgan askarlardan biri Bergan Qodirov O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universitetini bitirgan bo‘lib, kelgusi hayotini harbiy xizmat bilan bog‘lash niyatida ekan. Shohruh Yusupov esa sportchi, 2018 yili qishki Osiyo o‘yinlarida 60–65 kg vaznda 3-o‘rinni egallagan bo‘lsa, 2020 yili Qozog‘istonda bo‘lib o‘tgan Osiyo o‘yinlarida birinchilikni qo‘lga kiritgan. Samarqandlik Navro‘z Asrorov bolaligidan texnikaga qiziqishini, harbiy texnikalar bilan tanishishni intiq kutayotganini yashirmadi. Xullas, muddatli harbiy xizmatchilar bir olam orzular bilan Vatanga qasamyod qabul qildilar.
Ko‘zlaridan o‘t chaqnab, har qanday sharoitda ona yurt taqdiriga o‘zlarini mas’ul bilgan o‘g‘lonlarga mudofaa vazirining tabrigini uning o‘rinbosari polkovnik Xamdam Karshiev o‘qib eshittirdi. Mudofaa vazirligi huzuridagi Jamoatchilik kengashi raisi, O‘zbekiston Qahramoni Sodiqjon Turdiev ta’kidlaganidek, nuroniylardan duo olib, xizmatni boshlagan askarlarga Prezident sovg‘asi sifatida «O‘zbekiston tarixi», «Temur tuzuklari» kabi kitoblar jamlanmasi topshirildi.
Tantanali tadbir so‘ngida askarlar Qurolli Kuchlar Markaziy ashula va raqs ansambli xonandalari bilan birgalikda Mudofaa vazirligi madhiyasini ijro etdilar.

Katta leytenant
Aziz NORQULOV, «Vatanparvar»