Niqoblarga to‘lgan shahar

Dorixonadan chiqib, ko‘cha bo‘ylab borar ekanman, mendan 5-6 qadam oldinda ketayotgan o‘rta yoshli ayol atrofga bir qarab oldi-da, yuzidagi tibbiy niqobini yo‘l chekkasiga tashlab yubordi. Unga qarab yonidagi 6-7 yosh atrofidagi o‘g‘li ham shunday qildi.
– Opa, uyalmaysizmi, niqobni nega erga tashladingiz? Bu yo‘ldan ko‘pchilik o‘tadi-ku! – deyishimni bilaman ona-bola ildam yurib ketdi.
Afsuski, bunday holatga deyarli har kuni duch kelamiz. Pandemiya boshlanganidan buyon yaroqsiz tibbiyot buyumlari, niqoblar, qo‘lqoplar shahar ko‘chalari va yo‘laklarida, ariqlarda tashlandiqqa aylanayotganiga ko‘zimiz tushadi.
Tasavvur qiling, har kuni dunyo bo‘ylab qanchadan-qancha niqob tashlab yuboriladi, yaroqsiz holga keltirilgach, albatta. Bu chiqindilar qaerga ket­yapti? Bunday chiqindilar uchun poytaxt ko‘chalarida axlat tashlaydigan maxsus joylar bormi? Ayrim davlatlarda bu katta muammoga aylanmoqda. Negaki, yaroqsiz tibbiy buyumlar eng xavfli infektsiya tashish vositasiga aylanishi bor gap. Shuning uchun tegishli tashkilotlar, mas’ul shaxslar mazkur muammoga aniq echimlar izlamoqda.
Aqida xonim, ekolog, bloger:
– Pandemiya paytida va undan ancha oldin jamoamiz bilan «Pokiza insonlar» aktsiyasini yo‘lga qo‘ydik. Maqsad obodonlashtirish xodimlarining og‘ir mehnatini qadrlash, ularga oz bo‘lsa-da moliyaviy tomondan yordam berish, shuningdek, shahar tozaligiga hissa qo‘shish edi. Aktsiyamiz respublika bo‘ylab davom etdi.
Bilasizmi, odamlarda shunday yomon odat bor: qo‘lidagi chiqindini axlat qutisiga emas, ko‘chaga tashlaydi. Bugun biz va dunyo uchun eng xavfli kasallik bu, shubhasiz, koronavirusdir. Mutaxassislar undan himoyalanish uchun birinchi navbatda tibbiy niqob va qo‘lqopdan foydalanish kerakligini aytishyapti. Ammo bu tibbiy vositalar foydalanib bo‘lingach, eng xavfli chiqindiga aylanishini ko‘pchilik bilmaydi. Agar virusdan zararlangan niqob ko‘chada yotsa-yu, uni yosh bolalar ushlasa, nima bo‘lishini tasavvur qilyapsizmi?! Meni o‘ylantirgan narsa ota-onalar, yoshi kattalarning bunga befarqligidir. Erinchoq odamda doim bahona tayyor bo‘ladi. Chiqindilarni tegishli joyga tashlanglar, desak, unday joy yo‘q-ku, deyishadi. Vaholanki, umuman iloji bo‘lmasa, bir martalik paketlarga solib qo‘yib ketishsa ham bo‘ladi.
Aslida bugun chiqindi muammosi butun dunyo ahlini tashvishga solmoqda. Urbanizatsiya jarayoni jadallashib, shaharlar kengayayotgan, aholi soni o‘sayotgan va uning ehtiyojini qondirish uchun millionlab mahsulotlar ishlab chiqarilayotgan bir paytda, chiqindilarni qayta ishlash va ularning utilizatsiyasi eng katta ekologik muammolardan biriga aylandi. Ma’lumotlarga ko‘ra, bir kunda dunyo bo‘yicha o‘rtacha 5 milliard 754 million kilogramm chiqindi chiqar ekan. Uning 30 foizi qayta ishlan­yapti, qolgani asta-sekinlik bilan ona sayyoramizni qoplamoqda. Afsuski, bu jarayonlarda siz bilan bizning ham «hissa»miz katta.

Muammo qaerda?

2020 yil 20 martda sog‘liqni saqlash vazirining «Tibbiy buyumlar ro‘yxatiga o‘zgartirish kiritish to‘g‘risida»gi buyrug‘i e’lon qilindi. Kiritilgan o‘zgartirishga ko‘ra, endilikda tibbiyot niqobini ishlab chiqarish, tayyorlash hamda uni realizatsiya qilish uchun litsenziya talab etilmaydi. Pandemiya tufayli niqob sotish savdosining «ketmoni uchdi». Tadbirkorlikdan xabari bo‘lgani ham, bo‘lmagani ham savdoning shu turi bilan shug‘ullana boshladi. Oldin tibbiy niqobning nari borsa uchta turini bilsak, endilikda u yuzdan ortiq rang va ko‘rinishlarda bozor, ko‘cha savdo rastalari hamda dorixonalarda paydo bo‘ldi, narxlari ham hamyonbop. Ammo mutasaddi tashkilotlar tomonidan nazorat tekshiruvlari o‘tkazilganida ayrim «uddaburon tadbirkor»larning gigiena qoidalariga zid ravishda tibbiy niqoblar ishlab chiqarayotgani aniqlandi. Eng yomoni, oldin ishlatilgan yoki insonning salomatligiga aks ta’sir etuvchi matolardan tikilgan niqoblar ham bozorlarda «urchidi». Bu esa, tabiiyki chiqindilar soni ko‘payishiga sabab bo‘ldi. Masalan, o‘zim ham bir necha marta shunday savdoning «qurboni» bo‘ldim.
Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining xabar berishicha, dunyo bo‘yicha bir kunda 14 ming yaroqsiz tibbiy niqob ishlab chiqariladi, shuningdek, 18 ming niqob maxsus chiqindi qutilariga emas, ko‘chaga otib yuboriladi. Tibbiy niqob va qo‘lqoplardan gigienik qoidalarga amal qilmay foydalanish oqibatida esa koronavirusdan zararlanish soni ortib bormoqda. Masalan, Hindistonda bu ko‘rsatkich ancha yuqori.

Chiqindi – jiddiy xavf

Chiqindilar bevosita ozon qatlamiga ta’sir etishini bilasizmi? Masalan, biz foydalanadigan aerozol idishlar (havo tozalovchi, dezodorant va h.k.) tarkibida stratosferada ozonni emiradigan moddalar mavjud. Mutaxassislarning aytishicha, ozon qatlamining emirilishi odamlarda saraton kasalligini keltirib chiqaradi. So‘nggi yillarda uyda ishlatiladigan tovarlardan chiqayotgan chiqindilar ichida inson hayoti uchun xavflilari 45 foizni tashkil etadi. Bular batareykalar, bo‘yoqlar, yog‘ va bo‘yoqni erituvchilar, tarkibida fosfor bo‘lgan elementlar, flyuorestsent lampalar… Axlatxonalarga, daryo va kanallarga tashlangan bunday chiqindilar er usti va er osti suvlarini zaharlaydi, kishilar salomatligiga jiddiy xavf soladi. Shu o‘rinda bitta o‘rinli savol tug‘iladi. Xo‘sh, bunday chiqindilarni tashlash uchun maxsus axlatxonalar etarlimi? Tunov kuni ishxonamizdagi bir opaning chiqindilar haqida xunob bo‘lib aytgan gapi yodimga tushdi. Ishga kelaverishida qo‘lidagi chiqindi to‘la elim xaltani qaerga tashlashini bilmay, ancha sarson bo‘libdi.
– Toshkent Markaziy Osiyodagi eng katta va gavjum poytaxt shahar-ku! Nega bizda chiqindi tashlaydigan joylar kam?! Har yuz metrga bitta axlat tashlanadigan joy qilish qiyin emas. Yana chiqindilarni ham alohida ajratib qo‘yish kerak. Masalan, elim idishlarga alohida, shisha va oziq-ovqat mahsulotlari chiqindilarini tashlash uchun alohida idish, – deydi hamkasb opa kuyinib. To‘g‘ri, ayni haqiqatni aytdi.
Bu mavzuda uzoq bahslashish mumkin. Ammo eng muhimi uning natijasida! Shunday ekan, tojdor virusdan o‘zingizni, farzandlaringizni, qolaversa, ekologiyani ham asrang. Zero, bizdan kelgusi avlodlarga toza, yam-yashil tabiat qolsin!

Ayjamal JOLDASBAYEVA,
«Vatanparvar»