Daraxtlar oralab ketar ekanman, sarg‘aygan barglar yo‘limga poyandoz bo‘ladi. To‘kilgan barglarni ko‘rib, umrimiz ham shunday o‘tib ketyapti, deb o‘ylayman. Ammo sarg‘ayish nasib qilmay, bahorning ayovsiz shamolidan qanchalab kurtaklar xazon bo‘ladi. Insoniyat tarixida millionlab kishilar hayotiga zomin bo‘lgan dahshatli bo‘ronlar bo‘lgani ham sir emas. Urush va uning og‘ir oqibatlari hamon yuraklarda o‘z chandiqlarini qoldirgan. Ikkinchi jahon urushi insoniyat boshiga mislsiz ofatlar yog‘dirgan to‘fon edi.

Ikkinchi jahon urushi qatnashchisi, Sovet Ittifoqi Qahramoni To‘xtasin Boboev hayoti bilan tanishar ekanman, o‘sha yillarni o‘zimcha tasavvur chizgisida ko‘raman. Ang­laymanki, bu yillar tasavvurimdan ko‘ra ancha dahshatli bo‘lgan.
1923 yil 23 yanvar kuni Farg‘ona viloyati Jonketmon qishlog‘ida dehqon oilasida tug‘ilgan yigit ota-onasining suyanchig‘i edi. Yoshligidan ota kasbi bo‘lgan dehqonchilikni davom ettirib, erga mehr qo‘ydi. Yosh bo‘lishiga qaramay hosilning unumdorligini oshirish uchun ko‘p izlanib, tinim bilmasdi. O‘rta maktabni tugatib, kolxozga ishga joylashdi. Ammo oradan ko‘p vaqt o‘tmasdan u armiyaga chaqirildi.
1942 yilning bahor faslida Belorussiya Markaziy fronti, 61-armiya 81-o‘qchi diviziyasiga qarashli 154-maxsus razvedkachilar rotasida xizmatni boshladi.
1943 yili Dnepr daryosidagi jangda safdoshlari kelgunga qadar dushman hujumini qaytarib, mardonavor harakat qiladi. So‘ng birinchilardan bo‘lib fashist xandaqiga otildi. Fashist askarlarining qo‘nalg‘asini safdoshlari kelgunga qadar, egallab turdi. U etti nafar dushman jangchilarini asir oldi. Bu jangda ko‘rsatgan qahramonligi uchun Sovet Ittifoqi Qahramoni va «Olti Yulduz» medali bilan taqdirlanadi.
Zveno komandiri leytenant Sarashkin Duxov, o‘qchi-radist katta serjant Bois Nizirov, havo o‘qchisi, mohir mergan Rahmat Dosjanov va qahramonimiz boshchiligidagi ushbu guruh o‘ta murakkab vaziyatlarda ham muvaffaqiyatga erishadi. Ammo urushda har doim ham omadli bo‘lish mumkin emas. O‘lim har soniyada ta’qib qiladi.
To‘xtasin ota OAVga bergan intervyularining birida suronli yillar xotiralarini shunday eslaydi: «Bir kuni komandirimiz chaqirib, qilgan xizmatlarim uchun rahmat aytdi va medal bilan taqdirladi. U paytda 7 ta medalim bor edi. Urush batamom tugadi, endi uyingga qaytishing mumkin, dedi. Urushda kechgan uch yillik umrim butun hayotim uchun katta saboq bo‘ldi. Urushda bo‘lgan paytimda uyga 9 ta xat yuborgan ekanman. Urushdan keyingi yillar ham oson bo‘lmadi. Urush tugagan bo‘lsa-da, ammo u etkazgan talafotlar o‘rnini qoplash uchun ko‘p yillar ketdi. Tinch hayotga qaytib, avval Toshkent yuridik institutiga o‘qishga kirdim, so‘ng ko‘p yillar kolxoz raisi bo‘ldim, oila qurdim. Bir inson umrini yashadim. Inson umri o‘tgan sayin xotiralar og‘ushida qolar ekan.
Bir narsa yuragimni ezadi, biz fashistlardan ozod qilgan qishloqlarning birida Tuman ismli yosh etim bola bor edi. Butun guruhimiz bilan unga mehr qo‘yib qolgandik. Uning kelajagi nima bo‘ldi ekan, deb ko‘p o‘ylayman. Urush yillarining har bir achchiq xotiralari yuragimda muhrlanib qolgan».
To‘xtasin Boboev 2000 yil 77 yoshida vafot etdi. Qahramonimiz hayotini o‘rganar ekanman, o‘sha kuzgi barglar mevaning etilib pishishi uchun qanchalik hissador ekanligini angladim. Bu dorilamon kunlar ortida jasur bobolarimizning xotirasi, qahramonligi borligini teran his etaman.

Ayjamal MAXSETBAY qizi