ular bu yil ham «Omon yor»ga o‘ynaydimi?

Ulug‘vor niyatlar, pokiza tilaklar Vatan dardi yo‘lidadir. Vatangina muqaddas, Vatangina betakror, Vatangina bebadal. Alpomishlaru Manguberdilarni elda aziz qilgan, dostonlarda kuylatgan ham shu muqaddas Vatan, shu qadim el dardidir. Vatan el bilan Vatandir. El Vatan bilan eldir. Elning shonini ko‘tarishga hamisha Alpomishlar kerak. Buyuklik ham, buyuklikka intilish ham el degan mardlar tufayli bunyod topadi.

Gapimizni bejiz ona Vatan, uning sha’ni va qadr-qimmati bilan boshlamadik. Boisi quyida shu tuproqni muqaddas bilib, uning shonini ko‘klarga ko‘tarib yurgan mardlar haqida o‘qiysiz.
Tank biatloni…
«Youtube», «Telegram» kanallari, umuman, internet ummoniga sho‘ng‘ib, yuqori xatboshidagi iborani «qidiruv» punktiga shunchaki kiritsangiz bas. Qorako‘z o‘zbeklardan iborat tankchilarimizning dovrug‘i ko‘nglingizda g‘urur uyg‘otadi.
Mudofaa vazirligi harbiy xizmatchilaridan iborat O‘zbekiston jamoasi Xalqaro armiya o‘yinlarining «Tank biatloni» musobaqasida o‘tgan yili ilk bor ishtirok etdi. Musobaqa shartiga ko‘ra, vakillarimiz yangi jamoa bo‘lganligi uchun ikkinchi divizionda harakat olib bordi. O‘sha unutilmas lahzalarni o‘z ko‘zi bilan ko‘rgan, olam-olam taassurot olgan, vatandoshlarimiz muvaffaqiyatlari haqida yurtimiz ommaviy axborot vositalariga peshma-pesh axborot uzatib turgan harbiy jurnalist sifatida shuni aytamanki, yigitlarimiz «ArMI – 2019»ning chinakam kashfiyoti bo‘ldi. Buni bahslarni to‘g‘ridan-to‘g‘ri kuzatib borgan dunyoning 40 ga yaqin davlatlaridan tashrif buyurgan mutaxassislar va hakamlar ham bot-bot takrorlashdi.
Ha, o‘sha musobaqada O‘zbekiston ilk bor ishtirok etayotganiga qaramay, o‘z divizionida faxrli 1-o‘rinni sharaf bilan qo‘lga kiritdi. Buning zamirida qanchadan-qancha mehnat, zahmat yotganini faqat g‘oliblik hissini yuragidan o‘tkazib, Vatan bayrog‘ini ko‘klarga ko‘targan, yorug‘ yuzini sevinch ko‘z yoshlari yuvgan, zavqi kelib, «Omon yor»u «Andijon polka»siga raqs tushgan o‘sha qorako‘z yigitlarimiz biladi. G‘alaba esa butun O‘zbekistonniki! Unda jamiki o‘zbek onalarining, otalarining, aziz singillarning, ukajonlarning, tankchilarimizni intiq kutgan vafodor yangalarning haqqi bor.
Yigitlarimiz hozirda zamon talablariga to‘la javob beradigan Markaziy harbiy okrugga qarashli «Forish» tog‘ dala-o‘quv maydonida «ArMI – 2020» musobaqasining «Tank biatloni» bahslarida ishtirok etish uchun jiddiy tayyorgarlik olib bormoqda. Bu yilgi musobaqa vakillarimiz uchun o‘tgan yilgidan-da jiddiy bo‘lishi turgan gap. Chunki joriy yilda jamoamiz birinchi divizionda ishtirok etadi.
Belgilangan vaqt ichida to‘siqlardan talafotsiz o‘tish, nishonlarni yo‘q qilish, tankni mohirlik bilan boshqarish va birinchi bo‘lish ko‘nikmasi murabbiylar shtabi tomonidan jamoamiz vakillariga chuqur singdirilmoqda.
Jamoa o‘tgan vaqt ichida har jihatdan ulg‘aydi. Tarkibni, ular olib borayotgan tayyorgarligu harakatlarini kuzatsangiz, mahorat va matonat eni va bo‘yiga o‘sganini sezasiz. Tanish chehralardan ko‘zing quvnaydi. Podpolkovnik Davletov, mayor Mahammadiev, ana mayor Hoshimov va mayor Yo‘ldoshev, hazilkash serjant Turdialiev doimgidek samimiy tabassumi bilan…
Barchamiz bu tarkibni joriy yilgi musobaqaning shohsupasida ko‘rishni istaymiz.
Olg‘a, O‘zbekiston!

Kontrakt bo‘yicha harbiy xizmatchi, oddiy askar
Islomjon QO‘ChQOROV, «Vatanparvar»