Toshkent harbiy okrugining «Chirchiq» dala-o‘quv maydonida majmuaviy maxsus taktik mashqlar yo‘lagidagi to‘siqlarni engib o‘tish bo‘yicha nazorat sinov mashg‘ulotlari o‘tkazildi.

Harbiy xizmatchilarning individual va kasbiy tayyorgarlik darajasini chuqur o‘rganish, bilim va ko‘nikmalarini oshirish, bo‘linmalar safida xizmat o‘tash layoqati, axloqiy-ruhiy sifatlarini baholash maqsadida tashkil etilgan mashg‘ulotlarda yurt posbonlari 26 ta to‘siqdan iborat, uzunligi 15 kilometrlik maxsus to‘siqlar yo‘lagida mashqlar bajardi.
Real jang holatiga yaqinlashtirilgan holda o‘tkazilgan matonat mashqlarida yurt o‘g‘lonlarining har qanday og‘ir sharoitlarda qo‘yilgan jangovar vazifani bajarishda jismoniy, ruhiy chidamliligi sinovdan o‘tkazildi.
«Start» komandasi berilgandan so‘ng 1 km masofaga o‘ziga biriktirilgan qurol-aslaha va gazniqob bilan belgilangan yo‘nalish bo‘yicha yugurgan harbiy xizmatchilar balandligi 60 santimetrli simto‘siq ostidan anjomlari bilan er bag‘irlab, tirsagida sudralib o‘tdi. Bu vaqtda ularga ruhiy ta’sir o‘tkazish maqsadida yo‘riqchi tomonidan o‘qotar quroldan tinimsiz o‘q uzib turildi. Shunga qaramay, simto‘siq chegaralaridan chiqib ketmaslik, anjom va aslahalarni tushirib qoldirmaslikka alohida e’tibor qaratildi.
Simto‘r iskanjasini enggan o‘g‘lonlar baland to‘siq ustiga chiqdi va pastdagi botqoqlikdan kechib o‘tdi. So‘ng balandligi 6 metr bo‘lgan to‘rli devor ustidan qo‘l va oyoq kuchiga tayanib, oshib o‘tdilar. Keyingi bosqichda suv ustida qiya o‘rnatilgan yog‘och ustunlar uzra sakrab o‘tildi. Bunda suvga tushmaslik uchun har bir ustunga oyoq qo‘yilishi shart.
Muntazam aylanuvchi shinali to‘siq ustidan o‘tish ham Vatan himoyachilaridan epchillik, kuch va irodani talab etdi. Ular ushbu beshta to‘siqni engib o‘tgach, 1 km masofaga yugurib, keyingi manzilda qo‘l jangi bo‘yicha yo‘riqchi bilan yakkama-yakka 3 daqiqa davomida murosasiz kurash olib bordilar.
Uzunligi 30 metrli kanalizatsiya quvuriga tushib, egilgan holda harakatlanish chog‘ida harbiy xizmatchilarga yo‘riqchilar tutundan foydalangan holda ruhiy ta’sir o‘tkazib turdi. Sinov topshiruvchilar balandligi 3 metrli «Alpinist to‘sig‘i»ning ikkita devori hamda balandligi 6 metrli, zanjirlar orqali bir-biriga biriktirilgan shinalar to‘ridan iborat dinamik devorlardan oshib o‘tib, olovli yarim halqalar ostida harakatlandi.
15 metrli botqoq to‘sig‘ining yuqori qismi simli to‘r bilan berkitilib, ruhiy ta’sir ko‘rsatish uchun ovozkuchaytirgichdan foydalanildi. Buzilgan yo‘lak, quvurli ko‘prikdan o‘tish, qo‘l mushaklari uchun kuch mashqlari ham o‘ziga xos murakkablikka ega. Ayniqsa, ruhiy tekshiruvga mo‘ljallangan qorong‘i bino ichida qisqa muddatda eshikni topib chiqish, bu jarayonda yo‘riqchilarning imitatsion vositalar, o‘qotar qurollar va tovushli bosim beruvchi uskunalari tinchlikka qalqon yigitlarning metin irodasini ikki karra tobladi.
Navbatdagi bosqichda harbiy xizmatchilar narvon orqali yuqoriga ko‘tarilib, parallel tortilgan po‘lat arqon o‘rtasidan o‘tish va tebranuvchi shinalar qurshovidan chiqish mahoratini namoyish etdi. Ular pog‘onama-pog‘ona tebranma ko‘prik, tebranma narvon, yog‘ochli devorlar, kommunikatsiya quvuridan muvozanatni saqlagan holda o‘tish, arqon yordamida ko‘tarilish va tushish, buzilgan uy, «W» shaklidagi to‘siqlar, 10 kilometrga yugurish, pichoq uloqtirishda merganlik va chapdastligini isbotladi.
Muxtasar aytganda, ushbu sinov mashqlari engilmas botirlarimizning yurt sha’nini ko‘tarish, shonga munosib bo‘lishga undaydi.

Dilshod RO‘ZIQULOV,
«Vatanparvar»