Agar bolaligingiz chindan ham samimiy, ezgu va beg‘ubor tuyg‘ular og‘ushida kechgan bo‘lsa, sarlavhadagi jumlani darrov anglaysiz. Ya’ni dunyoni faqat va faqat yaxshiliklardan iborat, deb biladigan murg‘ak ko‘ngil o‘zi mansub bo‘lgan va yashab turgan jamiyatning xizmat ko‘rsatish doirasidan tashqarisida bo‘ladi. Atrofda kechayotgan voqealar unga hayrat va zavqdan bo‘lak narsa emas. Chunki u yovuzlik, razillik, insoniylikdan yiroq bo‘lgan kechinmalarni qalbidan o‘tkazib ko‘rmagan.
Ehtimol, bu umr davomida shunday bo‘lib qolar. Shuning uchun ham yuqoridagi qo‘shtirnoq ichidagi fazilatlarni tushunishga qancha urinmasin, avval boshda hech narsani anglolmaydi. Beg‘ubor nigohi, gardsiz qalbiga o‘sha yovuzlikning QR-kodini qayta va qayta kiritib ko‘rmang, natija nolga teng bo‘laveradi. Boisi, bu qalbda so‘rovni muvaffaqiyatli bajarish uchun hali ma’lumotlar bazasi shakllanmagan.
Irlandiyalik yozuvchi Jon Boynning «Yo‘l-yo‘l pijamali bola» romani Ikkinchi jahon urushi haqida yozilgan durdona asarlardan biri. Kitob ilk bor 2006 yilda nashr etiladi. Roman darhol o‘nlab adabiy mukofotlarga loyiq ko‘rilib, dunyoning 50 dan ortiq tiliga tarjima qilingan.
Gazetamizda dunyoning durdona asarlari tahlili bilan sizni mahoratli jurnalist Inobat Ibrohimova anchadan buyon tanishtirib kelmoqda. Biz bugun roman va u asosida rejissyor Mark Herman suratga olgan filmdagi tuyg‘ular haqida so‘z yuritamiz.
Ikkinchi jahon urushi insoniyat boshiga qanchadan-qancha ofat, kulfat va balolarni yog‘dirib ketdi. Fashist kontslagerlaridagi xunrezliklar, xo‘rlangan asirlar (insonlar!) haqidagi faktlar kishini dahshatga soladi. Asardagi voqealar ayni o‘sha davrga tegishli.
Brunoning oilasi Berlindagi hashamatli uyda yashaydi. Otasi harbiy xizmatchi. Kunlardan bir kun otasi muhim lavozimga tayinlangani bois ular Aj-Vis shaharchasiga ko‘chib ketish­lariga to‘g‘ri keladi. Tabiiyki, bu bolakayga ma’qul kelmaydi. Axir do‘stlarining hammasi Berlinda qolib ketadi. Yangi joyga ko‘chib o‘tsa, u erda kim bilan o‘ynaydi? Biroq oila ko‘chishga majbur.
Yangi shaharcha, yangi uy. Bruno zerika boshlaydi. Atrofni kuzatib, yo‘l-yo‘l pijama kiygan kishilarni ko‘rib qoladi. So‘ng ularning kimligiga qiziqib, kuzatishga tushadi va to‘satdan simto‘siqlar ortida o‘tirgan yahudiy bolakay – Shmuel bilan tanishib qoladi. Bruno nima uchun ularning bir xil kiyimda yurishi, ruxsatsiz bu hududdan tashqariga chiqish mumkin emasligi, umuman, ular hayotiga doir hamma narsa bilan qiziqa boshlaydi. Bolakaylar o‘rtasida kechgan ilk suhbatning o‘ziyoq o‘quvchi va tomoshabin qalbini larzaga soladi. Haqiqiy xizmat ko‘rsatish doirasidan tashqaridagi beg‘ubor va sidqi tuyg‘ular jilosi mana shunday mavjlanib boraveradi.
Shmuel Brunoga o‘zlarini baxtiyor ferma ishchilari ekanligi va shu bois bir xil kiyimda yurishlarini aytadi. Tabiiyki, Bruno bunga ishonadi va har kuni u bilan o‘ynagani kelib turadi. U keltirgan eguliklar Shmuel uchun haqiqiy ziyofat edi. Ikki tengdosh o‘rtasidagi do‘stlik rishtasi shu zaylda ko‘ngilda ildiz otadi.
Bruno bu er Osventsim o‘lim lageri ekanligini bilmas, u erdagi hayot tarzi, ishchilar hayoti va faoliyatiga qiziqaveradi. Brunoni qo‘yaturing, hatto uning onasi ham bu erning qirg‘in lageri ekanligidan bexabar edi. Bir kuni atrofga tarqalayotgan badbo‘y hiddan «hidlanib» qolganida erining yordamchisi bor gapni aytib qo‘yadi. O‘sha kundan boshlab ayol ko‘nglida halovat yo‘qoladi. U eriga bu ishning turgan-bitgani og‘ir gunoh ekanligini uqtirishga bot-bot urinmasin, foyda bermaydi, er muhim topshiriq olgan.
Bu orada Shmuel Brunoga o‘zining otasi yo‘qolib qolgani haqidagi xabarni aytib qoladi. Fermaning bir guruh ishchilari qandaydir topshiriqni bajarish uchun ketgan-u, qaytib kelmagan. Demak, topilmayotgan ota ham o‘sha safda. Bruno uning do‘sti, shunday ekan, unga otasini topishda yordam berishi kerak.
Voqealar shu zaylda rivojlanib borayotgan payt nemis oilasi Berlinga qaytib ketish uchun topshiriq oladi. Bruno do‘sti bilan xayr­lashish, qolaversa, unga otasini topishda yordam berish uchun so‘nggi bor simto‘siqlar tomon bordi. Belkurak yordamida simto‘siqdan o‘tish uchun kichik tunnelcha hosil qildi. Mana, Shmuel unga yo‘l-yo‘l pijamali kiyim berdi. Ikki do‘st konts­lager hududidan yo‘qolgan otani qidiryapti. Shu payt zobitlar yangi guruhni cho‘milib olish uchun hammomga boshlab qoladi. Ikki bolakay ham mana shu safga qo‘shilib qolganini sezmay qoladi. Va… va atrofga yana o‘sha badbo‘y hid tarqaladi…
Qolgan va qolmagan tafsilotlarni aytish emas, uni faqat his etish mumkin. Buni yurakdan tuyish uchun esa asarni o‘qish, filmni tomosha qilish kerak. Quyidagi satrlar o‘sha taassurot bo‘lib, oqqa ko‘chgan.

BRUNO

Bruno, qiziqma hech qanday sirga,
Koptogingni o‘yna, arg‘imchoqda uch.
Yoki bekinmachoq o‘ynaymiz birga,
Ko‘zlarimni yumdim, bir, ikki, uch…

Eng sokin, eng xilvat joylarga berkin,
Seni topolmasin iskabtoparlar.
Eshitma va ko‘rma, bu hayot — chirkin,
Anglasang otarlar yoki choparlar.

Sen shunday yashagin, shunday beg‘ubor,
Umringni sarf etma asov quyunday.
Bo‘g‘ilma, ko‘ksingga inmasin g‘ubor,
Shunchaki bu erning havosi shunday.

Bruno, qaragin, osmon tip-tiniq,
Uchib borayotir ozodlik, hurlik.
Faqat anov qushning qanoti siniq,
Janubga etolmay qulaydi sho‘rlik.

Bruno, qoqilma zulmat tunlari,
Ko‘cha chiroqlarin yoqib qo‘yaman.
Hushingni olmasin mazlum unlari,
Egningga ko‘zmunchoq taqib qo‘yaman.

Endi esa uxla, ko‘zlaringni yum,
Men ertak aytaman bor mehrim iyib.
So‘ngra tushlaringda yig‘layman yum-yum,
Raqamlangan yo‘l-yo‘l pijama kiyib.

Islomjon QO‘CHQOROV