Suhbatdosh – O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati, Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasi a’zosi To‘lqin Karimov. Mavzu – yurtimiz mudofaa va xavfsizlik tizimida amalga oshirilayotgan qonun ijodkorligi va milliy armiyamiz rivoji.

– Dastlab so‘nggi yillarda mudofaa va xavfsizlik tizimida qabul qilingan qonunlar haqida ma’lumot bersangiz.
– Tinch yashash bu har bir fuqaroning muqaddas huquqlaridan biri hisoblanadi. Uni har qanday vositalar bilan amalga oshirish va kafolatlash davlatning eng ustuvor vazifalaridandir. Ta’kidlash lozimki, Konstitutsiyada mudofaa, xavfsizlik, Qurolli Kuchlarning maqsad va vazifalari belgilab qo‘yilgan. Unga ko‘ra, O‘zbekiston davlat suvereniteti, chegaralari daxlsizligi, chetdan bo‘ladigan har qanday xavf-xatarlardan himoyalanish uchun o‘z Qurolli Kuchlarini tashkil etish, rivojlantirish, ta’minlash huquqiga ega. 2018 yil 9 yanvarda yangi tahrirda qabul qilingan Mudofaa doktrinasi bu borada eng muhim hujjatdir. Unda mamlakatimizning mudofaa sohasidagi siyosati, Qurolli Kuchlar vazifalari, harbiy-iqtisodiy ta’minot asoslari, harbiy-sanoat majmuasi rivojlanishining istiqbolli yo‘nalishlari aniq belgilab qo‘yilgan. Xususan, yangi qonun O‘zbekiston tashqi siyosatining ochiqligi, yaqin qo‘shnilar bilan mustahkam aloqalarning ustuvorligini ko‘rsatadi. Unga ko‘ra, mamlakat mudofaa siyosati shaffof, xorijiy davlatlar bilan xavfsizlik va mudofaa sohasida samarali munosabatlar amalga oshiriladi.
– Ayting-chi, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 12 sentyabrdagi «O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarining harbiy xizmatni o‘tash tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida»gi qarori qabul qilinishiga nima sabab bo‘ldi?
– Oldingi nizom bundan ancha yillar avval qabul qilingan bo‘lib, uni bugungi zamon muhitiga moslashtirish, qolaversa, tizimda yig‘ilib qolgan ba’zi muammolarga echim bo‘la oladigan yangi tahrirdagi nizomni tasdiqlash zarurati tug‘ilgan edi. Rivojlangan xorijiy davlat amaliyotini o‘rganish, to‘plangan hayotiy tajribadan kelib chiqib, mazkur nizom avvalgisidan deyarli 80 foizga o‘zgartirildi. Yangi tahrirdagi nizomda qo‘shin turlarini yosh, shijoatli, vatanparvar, salohiyatli yoshlar bilan butlash, kontrakt bo‘yicha harbiy xizmatga qabul qilish shartlari, harbiy xizmatni o‘tash jarayoni, harbiy xizmatchining ijtimoiy himoyasi va harbiy xizmatdan rezervga bo‘shatish tartibi kabi ko‘plab masalalar huquqiy jihatdan mus­tahkamlandi.
«Umumiy qoidalar» bobida harbiy xizmatga aloqador 14 ta asosiy tushunchani qamrab olgan atamalar apparati shakllantirildi. Shuningdek, 15-bandda muddatli harbiy xizmatni o‘tash davomiyligi ma’lumotidan qat’i nazar kalendar hisobda 12 oy (o‘n ikki oy, bir yil) etib belgilandi. Ya’ni avval oliy ma’lumotga ega fuqarolar 9 oy muddatli harbiy xizmatni o‘tagan bo‘lsa, endi hamma uchun bir xil 12 oylik tartib joriy qilindi.
Nizomning «Harbiy unvonlar» bobida muhim o‘zgarishlardan yana biri sifatida serjantlar tarkibiga 1, 2, 3-darajali serjant unvonlarini berish tartibi va ularning muddatlari joriy etildi. Bundan tashqari, harbiy xizmatchilarni uy-joy bilan ta’minlash, ularning farzandlari ta’limi, tibbiy xizmat, harbiy xizmatchilarning ta’tillari, umuman, barcha masalalarda qulayliklar yaratildi. Bularning barchasi Qurolli Kuchlarning yanada rivoji uchun xizmat qiladi.
– Shu o‘rinda sizdan Mudofaa vazirligi tasarrufidagi oliy harbiy ta’lim muassasalari faoliyati haqida so‘ramoqchiydim. Ularga qanday baho berasiz?
– Har qanday xizmat joyida, tashkilotda muvaffaqiyatni ta’minlovchi omil birinchi navbatda bu – mutaxassis. O‘z sohasini mukammal egallagan, o‘zi yashayotgan davr talablariga to‘la javob bera oladigan kadrni nazarda tutyapman. Samarali ish tizimi, yuqori texnologiyalarni har qancha joriy etmang, ulardan to‘g‘ri foydalana olish layo­qatiga ega xodim bo‘lmasa, hech qanday naf yo‘q. Shuning uchun ham Qurolli Kuchlarda malakali mutaxassislarni tayyorlash asosiy yo‘nalish­lardan biridir.
Mulohazalarimni birgina O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlar akademiyasi misolida davom ettirmoqchiman. Bir asrlik tarixga ega mazkur oliy harbiy ta’lim muassasasining 3 yil oldingi holati bilan hozirgisi o‘rtasida farq juda katta. 2017 yili amalga oshirilgan qurilish-ta’mirlash ishlaridan so‘ng ma’nan eskirgan o‘quv va mashg‘ulot xonalari o‘rnini xalqaro standartlarga javob beradigan o‘quv binolari, nazariy va amaliy mashg‘ulot xonalari, maxsus trenajyorlar, sport zallari, maishiy xizmat ko‘rsatish binolari egalladi.
Birgina 2019 yilning o‘zida bilim yurtida o‘quv-moddiy bazani rivojlantirish va takomillashtirish bo‘yicha salmoqli ishlar amalga oshirilgan. 2 ta o‘quv binosi, 1 ta besh qavatli kursantlar yotoqxonasi, suzish havzasi qurildi. 9 ta o‘quv-mashq majmuasi va 8 ta trenajyor foydalanishga topshirildi, 22 ta maxsus sinflar jihozlandi. 400 ga yaqin multimedia vositalari va kompyuter texnikasi qabul qilindi. Yangi o‘quv binosi, yotoqxona, shtab binosi, 250 kishiga mo‘ljallangan katta anjumanlar zali foydalanishga topshirildi. Bularning barchasi milliy armiyani zamon talablari asosida rivojlantiradigan ofitserlarni tayyorlashda muhim rol o‘ynaydi. Bu natijalarda ham aks etmoqda. Jumladan, 2019 yili Qurolli Kuchlar akademiyasida ilmiy salohiyat 19 foizdan 50 foizga, tayanch doktoranturaga kvotalar soni 9 tadan 15 taga oshgan.
Boshqa oliy harbiy ta’lim muassasalarida ham ijobiy o‘zgarishlarga guvoh bo‘lish mumkin. Masalan, Jizzax oliy harbiy aviatsiya bilim yurtining Qarshi shahriga ko‘chirilishi va O‘zbekiston oliy harbiy aviatsiya bilim yurti bo‘lib mutlaqo zamonaviy standartlar asosida yangidan tashkil etilishi, Mudofaa vazirligi Axborot kommunikatsiya texnologiyalari va aloqa harbiy institutining yangi binoda faoliyat boshlagani yuqoridagi fikrlarning yaqqol isbotidir. Chirchiq oliy tank qo‘mondonlik-muhandislik bilim yurtida esa kapital ta’mirlash va modernizatsiya jarayonlari davom etmoqda. Bularning barchasi ertangi kunda yosh, istiqbolli harbiy mutaxassislarni etishtirish imkonini beradi.
Mudofaa tizimida amalga oshirilayotgan ko‘lamdor islohotlar, e’tiborga javoban har bir harbiy xizmatchi mamlakatimiz tinchligi va barqaror taraqqiyotining mustahkam kafolati hisoblangan milliy armiyamizning rivoji, xalqimizning osuda va farovon hayoti uchun sidqidildan xizmat qilishiga ishonamiz.
– Mazmunli suhbat uchun tashakkur.

Bobur ESONOV suhbatlashdi.