O‘zbek adabiyotining yirik namoyandalaridan biri Abdulla Qodiriy (Julqunboy) 1894 yil 4 oktyabrda Toshkent shahrida tug‘ildi. Uning tarjimai holidagi quyidagi so‘zlar yozuvchining 1926 yilga qadar kechgan hayotiga oydinlik kiritadi: «Har holda bemavridroq bo‘lsa kerak, kambag‘al, bog‘bonlik bilan kun kechirguchi bir oilada… tug‘ilg‘onman. Yoshim to‘qqiz-o‘nlarga borg‘ondan so‘ng meni maktabga yubordilar. Maktabda ikki-uch yil chamasi eski usulda o‘qib, keyingi vaqtlarda oilamizning nihoyatda qashshoq kun kechirgani vajhidan o‘n ikki yoshimda meni bir boyga xizmatchilikka berdilar. Xo‘jayinim o‘zi savdogar kishi bo‘lub, o‘rischa yozuv-chizuv bilaturg‘on odamga muhtoj edi. Shu ta’ma bo‘lsa kerak, meni o‘ris maktabiga yubordi… 1912 yilda manfaktur bilan savdo qiluvchi bir kishiga yilig‘a 50 so‘m barobariga prikazchik bo‘lub kirdim… Shu miyonalarda bozor vositasi bilan tatarlardan chiqadig‘on gazetalarni o‘qib, dunyo­da gazeta degan gap borlig‘iga imon keltirdim, 1913 yilda o‘zbekcha «Sadoi Turkiston», «Samarqand», «Oina» gazetalari chiqa boshlag‘och, menda shularga gap yozib yurish fikri uyg‘ondi… 1913 yilda chiqqan «Padarkush» ta’sirida «Baxtsiz kuyov» degan teatr kitobini yozib yuborg‘animni o‘zim ham payqamay qoldim (1915 yilda). Yana shu yilda teatrlarda chiqib turg‘on hikoya va ro‘monlarga taqlidan «Juvonboz» otliq hikoyachani yozib, noshir topilmog‘onidan, o‘zim nashr qilib yubordim. Nikolay taxtdan yiqilg‘ondan keyin oddiy xalq militsiyasiga ko‘ngilli bo‘lib yozildim…
1918 yil boshlarida Eski shahar oziq komiteti boylar qo‘lidan olinib, komitetning raislig‘iga o‘rtoq Sultonxo‘ja Qosimxo‘jaev tayin qiling‘on edi va men mazkur komitetning o‘zbekcha sarkotiblig‘iga kirdim. 1919 yilning avvallarida oziq komitetining ismidan chiqarilmoqchi bo‘lg‘on «Oziq ishlari» gazetasiga muharrir bo‘lib tayinlandim… Shu kungacha sho‘ro idoralarida qilg‘on xizmatlarimni birma-bir sanab o‘ltirishim uzoqqa cho‘ziladurg‘on bo‘lg‘onliqdin mundan keyin muassasa ismlarinigina atash bilan kifoyalanaman: «Rusto» devoriy gazetasiga muxbir bo‘lib, «Ishtirokiyun» va «Qizil bayroq» gazetalarida sotrudnik… «Mushtum» jurnalining muannisi va tahririya a’zosi bo‘lib, to 1924 yilgacha mehnatkashlar manfaatiga xolis ishlab keldim. Shu o‘tgan etti yil orasida Sho‘rolar hukumati va firqadan bir og‘iz tanbeh olmadim. Xulosa – boshqalarning xizmati daftar bilan sobit bo‘lsa, mening xizmatlarim matbuot bilan ravshandir… Ishchi-dehqonlar yozg‘on asarlarimni suyunib o‘qiydilar va meni yozuvchilar qatoriga kirgazdilar va meni hamon o‘qirlar va unutmaslar…»
Adibning ilk ijodi 1913-1914 yillarda boshlangan bo‘lib, dastlab u shoir sifatida qalam tebratgan. Uning «Ahvolimiz», «Millatimga», «To‘y», «Fikr aylag‘il» (1914-1915) kabi she’rlari «Sadoi Turkiston» gazetasi va «Oina» jurnalida bosilgan. A. Qodiriy shu she’rlarida millatdoshlarini jaholat va xurofotga qarshi kurashga chaqirib, ma’rifatparvar shoir sifatida maydonga chiqqan. Bu yillarda u «Baxtsiz kuyov» (1915), «Hech kim bilmasin» kabi sahna asarlarini ham yozgan. Uning «Juvonboz» (1915), «Uloqda» (1916) kabi hikoyalarida o‘z xalqini savodli, bilimli, madaniyatli va ozod ko‘rish istagi sezilib turadi.
Adib dastlabki asarlarini turli taxalluslar ostida e’lon qilgan. Shu taxalluslardan biri va xalq o‘rtasida mashhur bo‘lgani Julqunboydir.

1924 yili Abdulla Qodiriy Moskvaga borib, Jurnalistlar institutida tahsil oldi. Moskvadan qaytib, «Mushtum» jurnalida shtatsiz muxbir bo‘lib ishlay boshladi. Uning «Toshpo‘lat tajang nima deydi?» va «Kalvak mahzumning xotira daftaridan» turkumidagi hajviy hikoyalari ilk bor shu jurnalda bosildi.
Abdulla Qodiriy 1917-1918 yillardan boshlab «O‘tkan kunlar» romani uchun material yig‘ishga kirishdi. 1922 yilda birinchi o‘zbek romanining dastlabki boblari «Inqilob» jurnalida chop etila boshlandi. 1925-1926 yillarda «O‘tkan kunlar» uch bo‘lim holida kitob bo‘lib nashr etildi.
1928 yil yozuvchining ikkinchi tarixiy romani «Mehrobdan chayon» nashrdan chiqdi.
1934 yilga kelib, Abdulla Qodiriy qishloq xo‘jaligi mavzusiga bag‘ishlangan «Obid ketmon» qissasini yaratdi. Bundan tashqari, u Gogolning «Uylanish» komediyasi va G‘arb yozuvchilarining satirik hikoyalarini o‘zbek tiliga tarjima qiladi.
Abdulla Qodiriy «Amir Umarxonning kanizi», «Namoz o‘g‘ri», «Dahshat» kabi romanlar yaratish orzusida bo‘lgan. Ammo mustabid tuzum yozuvchining bu orzulari to‘la ro‘yobga chiqishiga imkon bermadi.
Qodiriy 1926 yilda «Mushtum»da bosilgan «Yig‘indi gaplar» maqolasi tufayli qisqa muddat hibsga olingan. ­1937 yilning 31 dekabrida esa «xalq dushmani» sifatida qamoqqa olinib, 1938 yil 4 oktyabrda Toshkentda otilgan.
Adibning asarlari 1956 yildan boshlab yangidan nashr etila boshlandi. 1990 yilda ­Prezident farmoni bilan A. Qodiriy nomidagi Respublika Davlat mukofoti ta’sis etildi. 1991 yilda Qodiriyga Alisher Navoiy nomidagi Davlat mukofoti berildi. 1994 yil «Mustaqillik» ordeni berildi.
Hozirgi kunda esa bir qator ko‘chalar, bog‘lar, maktablar, kutubxona va institutlar yozuvchining tabarruk nomi bilan ataladi.

Mudofaa vazirligi Tarbiyaviy va mafkuraviy ishlar bosh boshqarmasi