JALOLIDDIN
MANGUBERDI

Jaloliddin Manguberdining tillarda doston bo‘lgan jasorati, o‘ziga xos jang taktikasi, mislsiz qahramonliklari afsonaga aylangan. U so‘nggi xorazmshoh hukmdor sulton Alovuddin Muhammad va uning turkman xotini Oychechakning to‘ng‘ich o‘g‘li, 1198 yilda tavallud topgan.

ILGIZ DARYOSI
BO‘YIDAGI JANG

Ushbu jang hozirgi Qozog‘is­tonning To‘rg‘ay viloyatidagi Ilgiz daryosi bo‘yida sodir bo‘lgan. Xorazmshohning 60 ming lashkarli qo‘shini mo‘g‘ullarning Jo‘jixon, Subutoy bahodir, Toxuchar no‘yon boshchiligidagi 20 minglik qo‘shini bilan to‘qnashadi. Mo‘g‘ullar Chingizxon buyrug‘iga ko‘ra, merkit qabilasini tor-mor qilib orqaga qaytmoqchi bo‘lganda Xorazmshoh qo‘shiniga duch keladi. Mo‘g‘ullar dastlab jang qilishdan voz kechadi. Ammo Muhammad Xorazmshoh bilan o‘chakishib, jangga kirishga majbur bo‘ladi.
Musulmon qo‘shinlarining o‘ng qanotiga Jaloliddin Manguberdi bosh bo‘lgan. Uning jasorati tufayli Xorazmshoh qo‘shini mag‘lubiyatdan qutulib qoladi. Jangdan so‘ng qorong‘i tunda mo‘g‘ullar shoshilinch sur’atda chekinadi. Mo‘g‘ullarning jangdagi jasorati Xorazmshohga qattiq ta’sir qiladi. Bu keyinchalik ular bilan ochiq maydonda urushishdan qochishga va saltanatning halokatiga sababchi bo‘ladi.

NISO JANGI

Jaloliddin uch yuz sodiq turkman yigitlaridan iborat qo‘shin to‘plab, Xurosonga yo‘l oladi. Niso atrofida ular etti yuz kishilik mo‘g‘ul qo‘shinini qarshi olib, osonlikcha engadi. Ushbu arzimas g‘alaba Xuroson aholisini mo‘g‘ul istilochilariga qarshi kurashishga g‘ayratlantiradi. Natijada Chingizxon o‘z qo‘shinini Xorazm va Xurosonga yo‘llaydi. Jaloliddinning kichik ukalari qo‘shini bilan yuzlashib, ularni ayovsiz tor-mor etadi. Jaloliddin vasiyat qilib qoldirilgan eri tomon yo‘l olarkan, Marv noibi Xon Malik hamda uning lashkari va turkman xoni Sayfiddin bilan ittifoqdosh tutinadi. Qandahor yaqinida birlashgan qo‘shin mo‘g‘ullarni yo‘q qiladi va Jaloliddin G‘aznagacha etib boradi. G‘aznaga keliboq, o‘n ming kishilik qo‘shin to‘plab, Qandahorni qamal qilgan mo‘g‘ullarga qarshi yurib, bosqinchilarni tor-mor etadi. Bo‘lingan xorazmlik lashkarlarning harbiy qo‘mondonlari o‘z hukmdorlarining muvaffaqiyati haqida eshitib, G‘aznaga to‘plana boshlaydi va tez orada Jaloliddin qo‘l ostida 70 mingga yaqin askar yig‘iladi.

PARVONADAGI JANG

Bahorda Jaloliddinning qo‘shini G‘ori daryosidagi Valian qishlog‘ida Shiki Xutuxuning etakchi lashkariga duch keladi. Mo‘g‘ul qo‘shini deyarli butunlay yakson etiladi, bor-yo‘g‘i yuzta askar jon saqlab qoladi. Jaloliddin bosqinchilarni mag‘lub etganidan so‘ng dara tomon yo‘l olib, u erda dushmanlaridan yangi jang kutadi. Shiki Xutuxu o‘zining bor qo‘shinini shu erga yo‘naltiradi. Ikki qo‘shin haybatli qoyalar orasidagi toshloq darada uchrashadi. Dara otliq lashkarlar uchun noqulay bo‘lib, ikki tomon ham harakatdan ti­yinishga majbur edi.
Jaloliddin Temur Malikka piyoda kamonchilar bilan oldinga siljishlarini buyuradi. Xorazmliklar yovning kuchsiz tomonini aniqlagan holda qoyalarga ko‘tariladi va mo‘g‘ullarga tepadan yoy otishni boshlaydi. Shunday qilib, bu jangda ham mo‘g‘ullar qo‘shiniga jiddiy talafot etkaziladi.
Ko‘plab tarixchilarning e’tirofiga ko‘ra, Jaloliddin boshchiligida Parvonadagi mo‘g‘ul lashkarlarining tor-mor etilishi Chingizxonning G‘arbga yurishi chog‘ida O‘rta Osiyo, Eron va Afg‘onistonda olib borgan harbiy harakatlari davomidagi yagona yirik mag‘lubiyati bo‘lgan. Bu jangda Jaloliddinga nafaqat jangchilari, balki aholisi ham uni odil hukmdor o‘rnida ko‘rib katta madad ko‘rsatgan.

«OTA O‘G‘IL MANA SHUNDAY BO‘LISHI LOZIM!»

Parvonadagi katta mag‘lubiyatdan so‘ng Chingizxon bor kuchi bilan Jaloliddinga qarshi yurish qiladi. Hal qiluvchi jang 1221 yilning dekabrida Sind daryosi bo‘yida bo‘lib o‘tadi. Ushbu jangda ham Jaloliddin yangi jang taktikasini qo‘llab, bosqinchilarning minglab askarlarini halok qiladi. Ammo sarkardalari orasidagi parokandalik sabab, qo‘shini tor-mor etiladi. O‘zi asir tushmaslik uchun tulpori bilan Sind daryosiga sakraydi.
Tarixchilarning bitiklariga ko‘ra, Chingizxon yosh sultonning jasoratiga tan berib, o‘g‘illariga «Ota o‘g‘il mana shunday bo‘lishi lozim!» degan ekan.
Chingizxon Jaloliddinni ta’qib etish uchun Balo noyon va Burbon ismli tuman begilar boshchiligidagi lashkarni yuboradi. Biroq Multan shahriga etib borgach, mo‘g‘ullar sulton izini yo‘qotib qo‘yadi. Jaloliddin 1224 yilning boshigacha Hindistonda yashaydi. 1225 yil Jaloliddin janubdan Shimoliy Evropaga bostirib kiradi. Jiddiy qarshiliksiz Marag‘ani egallab, Tabrizga yuzlanadi va shaharni zabt etadi. Qisqa vaqt ichida Jaloliddin hukmdorligini Garni, Barda, Shamkir va Arranning boshqa shaharlari tan oladi.
Jaloliddin Manguberdining har kuni, har oni bosqinchilarga qarshi jangu jadallarda o‘tadi. Oilasidan, yaqinlaridan ayriladi. 1230 yil Iroqdagi Xilot qal’asi zabt etilgach, Xorazmshoh Mesopatamiya va Kichik Osiyo hukmdorlarining ittifoqi natijasidagi hujumda mag‘lubiyatga uchraydi. Jaloliddin qo‘shiniga yakuniy zarbani Charmag‘on boshchiligidagi mo‘g‘ullarning Ugedey lashkari etkazadi. Jaloliddin jangda og‘ir jarohatlanib, Kurdiston tog‘lariga yashirinishga harakat qiladi. O‘sha erda qaroqchilar hujumi paytida halok bo‘ladi.
Jaloliddin Manguberdi jasorati asrlar davomida ertagu qissa, dostonlarga bitilgan, qo‘shiqlarda kuylangan. 1999 yili mamlakatimizda Jaloliddin Manguberdi tavalludining 800 yilligi keng nishonlandi. O‘zbekistonda unga atab bir nechta haykallar o‘rnatilgan. Xorazm viloyatida milliy qahramonga atab memorial majmua qurilgan.
2000 yilning 30 avgust kuni «Jaloliddin Manguberdi» ordeni ta’sis etildi. Ulug‘ ajdodimiz Jaloliddin Manguberdi siymosi buyuk va barhayotdir.

Zulfiya YUNUSOVA,
«Vatanparvar»