Ayollar haqida so‘z ketganda nafis va nazokatli xilqat, mo‘’tabar ona, sevikli rafiqa, jondosh singil, deya ta’rif beriladi. Bu, albatta, munosib ta’rif – eng katta e’tirof. Lekin Ikkinchi jahon urushi mana shu noziq xilqatni jasur askar, matonatli jangchiga aylantirdi. Rossiya Mudofaa vazirligi bundan ikki yil oldin o‘zining rasmiy saytida Ikkinchi jahon urushi yillarida ayollar ko‘rsatgan jasoratlar haqidagi arxiv hujjatlarni e’lon qildi. Bu hujjatlar Rossiya Mudofaa vazirligi Markaziy arxivi fondidan maxfiylikdan chiqarilgan maktublar, fotosuratlar, urush yillaridagi gazetalardan qirqib olingan parchalar, dokladlar, mukofot hujjatlari bo‘lib, ular orqali ayollarning jang maydonida ko‘rsatgan aqlbovar qilmas qahramonliklari yuzaga chiqdi.

«Umumiy sarlavha ostida berilgan bu xabarlarning har biri – bu miniatyura shaklidagi tarix, ular hammasi birgalikda esa – mutlaqo ayollarga xos bo‘lmagan jasorat, qahramonliklarga limmolim ayollar taqdiri kaleydoskopidir. Bunday jasoratlarni ayollar sodir etganiga ishonging kelmaydi», deya ta’kidlanadi xabarda.
Biz xalqimizning buyuk tarixida o‘zining tengsiz jasorati va matonati bilan o‘chmas iz qoldirgan To‘maris, Bibixonim va Nodirabegim kabi ayollarimizni hamisha ehtirom bilan tilga olamiz. E’tirofga sazovor jihati, ulug‘ momolarimizga xos bo‘lgan oliyjanob fazilatlar Ikkinchi jahon urushi davrida minglab o‘zbek ayollari siymosida bo‘y ko‘rsatdi. Tarixiy hujjatlarda keltirilishicha, o‘shanda mamlakatimizdan ko‘plab fidoyi ayol-qizlar fashist bosqinchilariga qarshi janglarda qatnashgan. Ular orasida hujum aviatsiya polki kuzatuvchisi Sayyora Shukurova, mergan Rahima Alimova, jasur jangchilar Roza Ibragimova, Sabira Majidova, butun harbiy qismni o‘z hayoti evaziga qutqargan radio operatori Elena Stempkovskaya kabi qahramon ayollar bor edi.
Men urush ayollarining ro‘y-rost taqdiri, qismatini belarus yozuvchisi Svetlana Aleksievichning «Urushning ayoldan yiroq qiyofasi» hujjatli asarida o‘qidim. O‘qidim-u, biz to shu kungacha kitoblarda o‘qigan, kinolarda ko‘rgan Ikkinchi jahon urushi sahnalarining aksari yolg‘onligiga, jangu jadalning bor azobini faqat erkaklar emas, ayollar ham tortganligiga, qahramonliklarni ham faqat erkaklar emas, ayollar ham ko‘rsatganligiga amin bo‘ldim. Lekin negadir bu haqiqatlar vaqtida oshkor etilmagan. Quyida biz shunday tengsiz qahramon ayollar timsolida urush haqiqatlariga bo‘ylaymiz.
Zebo G‘ANIEVA (to‘liq ismi Ziba Posho qizi G‘anieva) bolaligidan san’atga oshno bo‘lib ulg‘ayadi. Shuning uchun Moskvadagi Rossiya davlat teatr san’ati institutining aktyorlik bo‘limida ta’lim oladi. Ammo urush qizning o‘qishi va kelajak rejalarini tubdan o‘zgartirib yuboradi. G‘anieva sahna san’atidan ham ko‘proq harbiy san’atni o‘rganishini o‘zi uchun burch deb bildi va o‘sha og‘ir yillarda ko‘plab yoshlar singari u ham hech ikkilanmasdan frontga ketdi. Qisqa vaqt ichida pulemyotchi, merganlikni puxta o‘zlashtirdi. Tez orada sovet mamlakatlarida 28 fashistni yo‘q qilgan jasur qiz haqidagi xabar tarqaladi. Razvedkachi va mergan Zebo G‘anievaning fotosuratlari va uning ekspluatatsiyalari haqida materiallar markaziy va front gazetalarida e’lon qilinadi. Dovyurak mergan qiz jangovar harakatlarda ishtirok etgan holda 130 ga yaqin dushman askarlarini yo‘q qiladi. Urushdan so‘ng Zebo G‘anieva Toshkent kinostudiyasida Nabi G‘aniev tomonidan suratga olingan «Tohir va Zuhra» filmida Xorazm malikasi rolini ijro etadi. Keyinchalik esa tarixni o‘rganadi va sharqshunoslik doktori, professor bo‘ladi.
Jamila QODIROVA urushda «Uzbechka» nomi bilan tanilgan o‘zbekning mergan qizi. U dastlab Ukraina fronti, so‘ng Stalingrad jangida ketma-ket mislsiz jasorat ko‘rsatadi. Jamila shu qadar mashhur bo‘lib ketadiki, natijada «Abver» (Germaniya harbiy razvedkasi)ning nazariga tushadi. Uchinchi Reyxning maxsus «Abver» xizmatining 1943 yilgi maxfiy yozishmalarida u haqda shunday so‘zlarni o‘qish mumkin:
«Ukraina o‘rmonlarida Sho‘ro razvedkasi guruhlariga laqabi «Uzbechka» bo‘lgan snayper jalb etilgan. Radioefirlarda «Uzbechka» so‘zi uchraganida va pelengatorlar aloqaga chiqqan nuqtani aniqlaganlarida «es-es» va zarbdor guruhlarining birinchi navbatdagi vazifasi quyidagilar etib belgilansin:
1) radioaloqaga chiqilgan hudud qurshab olinishi va undagi dushmanning razvedka guruhi aniqlanishi;
2) «Uzbechka» laqabli snayperning ehtimoliy yashirinish joyi aniqlansin va uni har qanday holda yo‘q qilish vazifasi belgilansin.
«Uzbechka» laqabli snayper ayol kishi bo‘lib, katta ehtimol bilan Osiyo etnik guruhlariga mansub…»
Nur INOYAT XON – hindistonlik malika va Britaniya josusi. U 1914 yilda tug‘ilgan, Parijda tahsil olgan. Nur Inoyat Xon ko‘p tilni bilganligi sababli keyinchalik Britaniyaning maxsus operatsiyalar bo‘yicha idorasiga (British Special Operations Executive (SOE) jalb qilinadi. U bosh­qa josuslar bilan birga natsistlar Germaniyasi ishg‘ol qilgan Frantsiya hududiga parashyutda tashlanadi. Ularga natsistlar faoliyatini sabotaj qilish, Frantsuz Qarshilik harakatiga ko‘maklashish, dushman qo‘shinlari harakatlanishini kuzatish vazifalari yuklatilgan edi. Inoyat Xon ushbu muhim topshiriqni bajarish chog‘ida radiooperator sifatida xizmat qiladi. Bu esa o‘z joylashgan joyini tez-tez almashtirib turishni talab qiladigan xatarli ish edi. Nur Inoyat Xon bu vazifa yuklatilgan ilk ayol josus bo‘lgan. Baribir natsistlarning politsiyasi Gestapo uni qo‘lga tushiradi, qiynoqlarga tutib so‘roq qiladi. Lekin qizdan birorta ham muhim ma’lumotni ololmaydilar. 1944 yilning sentyabr oyida Nur Inoyat Xon va yana uch nafar britan josus ayolini Daxau kontslageriga o‘tkazadilar va 13 sentyabr kuni otib o‘ldiradilar.
Lyudmila PAVLIChENKO urushdagi eng muvaffaqiyatli merganlardan yana biri sifatida tarixda qolgan. U fashistlar 1941 yili Sovet Ittifoqiga bostirib kirganidan keyin 309 fashist askar va zobitini o‘ldirgani tasdiqlangan. Hayratlanarlisi, Lyudmila o‘ldirgan qurbonlar orasida 36 nafari mergan bo‘lgan. Ular sovet mergani bilan Sevastopol va Odessa shaharlaridagi «mushuk-sichqon o‘yinlari»da yutqazib, narigi dunyoga ravona bo‘lgandilar. Shuning uchun ham Lyudmila Pavlichenkoga G‘arb matbuoti «O‘lim ledisi» deb nom beradi. Lyudmilaga janglarda ko‘rsatgan shunday jasorati tufayli Sovet Ittifoqi Qahramoni unvoniga sazovor bo‘ladi, «Oltin Yulduz» ordeni bilan taqdirlanadi. Har qancha urinishmasin fashist merganlari uni tutishga erisholmaydi. Ammo janglardan birida Lyudmila minomyot portlashidan jarohatlanadi. Sog‘ayganidan keyin u urush chizig‘idan uzoqlashtirilib, front orti ishlariga jalb qilinadi.
Nensi UEYK Yangi Zelandiyada tug‘ilgan. Avstraliyada o‘sib katta bo‘lgan. 1939 yili natsistlar Germaniyasi Frantsiyaga bostirib kirganida Nensi oilasi bilan Marselda yashayotgan edi. U Frantsuz Qarshilik harakatiga qo‘shiladi. Ittifoqchi kuchlar uchuvchilarining Pirenei tog‘lari orqali Ispaniyaga qochib o‘tishlariga yo‘l ko‘rsatadi. Ueyk tarmog‘i 1942 yili natsistlarga oshkor bo‘lib qolganidan keyin avval Ispaniyaga, keyin Britaniyaga qochadi. Keyinchalik Nensi Britaniya josuslik kuchlari agentlari (SOE) bilan hamkorlikda ishlay boshlaydi va parashyutda yana Frantsiyaga tashlanadi. U qator muhim operatsiyalarda ishtirok etadi. Asosan engiloyoq ayollarga o‘xshab kiyingan va fashist erkaklari bilan uchrashib, ulardan muhim ma’lumotlarni qo‘lga kiritgan. Urush yillari natsistlar ko‘p bor uning iziga tushishgan, ammo u har doim ta’qibchilarining burni ostidan qochishga muvaffaq bo‘lgan.
Jeyn VIALLE Kongo Respublikasida tug‘ilgan, bolaligida oilasi Parijga ko‘chib o‘tgan edi. Ikkinchi jahon urushi boshlangan paytda u jurnalist bo‘lib ishlardi. Vialle Parijni tashlab, Frantsiya janubiga ketadi. Frantsuz Qarshilik harakatining josusiga aylanadi. Bu paytda mamlakat janubi rasman natsistlar tomonidan bosib olinmagan edi. Jeynga natsist qo‘shinlarining harakatlanishi haqida ma’lumot yig‘ish va ittifoqchilarga uzatish vazifasi yuklatiladi. U ham ko‘plab operatsiyalarni muvaffaqiyatli amalga oshiradi. Ammo 1943 yilning yanvarida uni qo‘lga tushirishadi. Jeyn qo‘lga kiritgan maxfiy ma’lumotlarni kodlashtirgan bo‘ladi. Shuning uchun ham rasmiylar uning sirlarini qo‘lga kiritolmaydilar. Vialleni avval kontsentratsiya lageriga, so‘ng Marseldagi ayollar qamoqxonasiga joylashtiradilar. Shunday bo‘lsa-da, u urushdan omon chiqadi.

Mayor Gulnora HOJIMURODOVA,
«Vatanparvar»