tayyorgarlik qizg‘in pallada

Yurtimiz o‘g‘lonlari joriy yilda o‘tkaziladigan Xalqaro armiya o‘yinlarining «Artilleriya olovi ustasi» yo‘nalishi bo‘yicha ham puxta tayyorgarlik ko‘rmoqda. Toshkent harbiy okrugining «Chirchiq» dala-o‘quv maydonida olib borilayotgan mashg‘ulotlarda harbiy xizmatchilar bilim va ko‘nikmalarini yanada mustahkamlab, kasbiy mahoratini sinovdan o‘tkazyapti.

Mazkur musobaqa uch bosqich – yakka tartibdagi poyga, tungi sprint va estafeta sinovlarini o‘z ichiga oladi. Har bir bosqichda harbiy xizmatchilar murakkab topshiriqlarni bajaradi.
Dastlab yurt o‘g‘lonlari uzunligi ikki kilometr aylanani ikki marotaba bosib o‘tdi. Bunda zirhli mashina ekipaji harakat davomida ilon izi yo‘li, minali hudud va boshqa murakkab to‘siqlardan muvaffaqiyatli o‘tib, 300-350 metr masofada joylashgan nishonlarni pulemyot yordamida yakson etdi. Shundan so‘ng yigitlar belgilangan joyga etib kelib, minomyotdan jangovar vazifani bajarishga kirishdi. Harbiy xizmatchilar zudlik bilan minomyotni jangovar holatga keltirib, mo‘ljalga oldi.

Nishon yakson etilgach, jamoa zirhli mashina yordamida birinchi bosqichning oxirgi aylanasini bosib o‘tish chog‘ida hisobning o‘qotar qurollari tarkibi o‘zgartiriladi. Ya’ni harbiy xizmatchilar berilgan nishonlarni o‘qotar hamda guruh qurollari orqali yakson qiladi. Yurt o‘g‘lonlari belgilangan qurollardan mohirona foydalana olmasa, mo‘ljalga tegmagan har bir nishon uchun bir jarima bali yoziladi. Bu jarayonda ko‘zlangan maqsadga etishish uchun harbiy xizmatchilardan yanada aniqlik, tezkorlik va chaqqonlik talab etiladi.
Birinchi bosqichning barcha topshiriqlarini muvaffaqiyatli bajargan yigitlar tungi sprint bosqichini ado etishga kirishdi. Bu bosqichda Vatan posbonlarining tezkorligi, zirhli mashinani boshqarish, nishonlarni bexato mo‘ljalga olish mahorati sinovdan o‘tadi. Yigitlar zirhli mashina bilan birinchi aylanada barcha to‘siqlarni ortda qoldirib, o‘t ochish joyiga etib kelgach, minomyot orqali jangovar vazifani bajaradi. So‘ngra ular o‘qotar hamda guruh qurollari bilan belgilangan nishonlarni yo‘q qiladi. Shu bilan ikkinchi bosqich yakuniga etadi.
Har qanday topshiriqni bajarishda jamoa a’zolaridan, jipslik, tezkorlik va aniq harakatlanish talab etildi. Bu estafeta bosqichida ham yaqqol namoyon bo‘ldi.
Aytish kerakki, «ArMI – 2020» xalqaro musobaqasining «Artilleriya olovi ustasi» yo‘nalishi bo‘yicha uchta minomyot hisobi tayyorgarlik ko‘rmoqda. E’tiborlisi, jamoa tarkibining aksariyati yangi tanlab olinganlar. Aniq maqsadlar sari tinimsiz tayyorgarlik ko‘rayotgan harbiylarimizga oldinda turgan xalqaro musobaqada zafar yor bo‘lishini tilab qolamiz.

Leytenant Shohruh SAIDOV