Kattaqo‘rg‘on shahridagi harbiy qismda joriy o‘quv yili «Jangovar vzvod yili» deb nomlangani munosabati bilan ahloqiy-ruhiy tayyorgarlik bo‘yicha «Ruhiy chidamlilik» ko‘rik-tanlovi o‘tkazildi.

Shaxsiy tarkibning jangovar tayyorgarlik jarayonida ahloqiy-ruhiy hamda har qanday sharoitda qiyin mashq va vazifalarni mohirona bajarishini ta’minlashga qaratilgan mazkur tanlov o‘nta sinov asosida tashkil etildi.
Qo‘rquvni engish shartida ishtirokchilar atrofi yopiq kovakning ichidan, so‘ng muhandislik to‘siqlaridan o‘tdilar. Yurt posbonlari bir metrlik to‘siqdan sakrash, arqonga osilib tepaga chiqish va sirpanib tushishda ham bir-biridan ortda qolmadi. Ikki metrlik yo‘lak va devordan sakrash, labirint aylanadan o‘tish sharti ham murosasiz va qizg‘in kechdi. Har bir ishtirokchi zo‘riqish yo‘lagidan o‘tib, belgilangan joyga etib borganida, marker yordamida doskaga Mudofaa vazirligi tomonidan harbiy xizmatchilar o‘qishi uchun belgilangan 35 ta kitobdan bittasining muallifi va nomini yozdi.
Oxirgi bosqichda «KAMAZ»-4310 mashinasining shinalarini aylantirgan holda, belgilangan manzilga etib keldi. Har bir shartni hakamlar hay’ati xolisona baholab bordi. Ushbu tanlov pandemiya davrida o‘rnatilgan karantin qoidalari hamda xavfsizlik talablariga rioya etgan holda o‘tkazildi.
– Yurt tinchligi va osoyishtaligini ta’minlash bo‘yicha jangovar vazifalarni muvaffaqiyatli bajarish harbiy xizmatchilar axloqiy va ruhiy imkoniyatlarining to‘g‘ri safarbar etilishiga bog‘liqdir, – deydi podpolkovnik Doniyor Jamolov. – Batareya komandirlari faoliyatida ayni sifat harbiy xizmatchining ongi, irodasi va xulqi bilan birga, shaxsiy tarkibning axloqiy-ruhiy holatini barqarorlashtirishni taqozo etadi. Bu harbiy xizmatchining yuqori qo‘mondonlik tomonidan berilgan jangovar topshiriqlarni to‘g‘ri anglash, yuzaga kelgan vaziyatning murakkab sharoitlarini mardonavor engib o‘tish, harbiy-kasbiy qobiliyatni to‘laqonli namoyon qilishda yordam beradi. Qolaversa, jismoniy va hissiy ta’sirlarga bardosh berish, o‘zining xulqi va ahloqiy-ruhiy holatini talablarga mos ravishda boshqarish, xavf-xatarlarga qarshi tura olish ko‘nikmalarini mustahkamlaydi.
Tanlov yakunida g‘oliblikni qo‘lga kiritgan batareya shaxsiy tarkibi qism qo‘mondonligining diplom, ko‘chma kubok va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.

Dilshod RO‘ZIQULOV,
«Vatanparvar»