tajriba orttirildi

Bugungi pandemiya sharoitida harbiy xizmatchilar ko‘rinmas dushmanga qarshi keng masshtabdagi kurashlarda o‘zlarining faol va jonkuyar ekanliklarini ko‘rsatishmoqda. Shu bilan birga respublikamizning turli hududlarida xizmat faoliyatini olib borayotgan Vatan o‘g‘lonlari bir zum bo‘lmasin jangovar tayyorgarlik mashg‘ulotlarini to‘xtatgani yo‘q.

Markaziy harbiy okrugning Jizzax garnizonida joylashgan harbiy qism harbiy xizmatchilari bir necha kun davomida murakkab majmuaviy nazorat mashqlarini bajarishdi.
Mashg‘ulot dastavval jangovar texnika va avtoulovlar harakatlanishi uchun noqulay bo‘lgan tog‘li hududlardan belgilangan manzilgacha marsh yurish bilan boshlandi. Marsh davomida real jangovar vaziyatga tenglashtirilgan turli to‘siqlar sovuqqonlik va ishonch bilan engib o‘tildi. Jumladan, oqava suv havzalaridan bezarar, turli shakl va og‘irlikdagi yuklarni olib o‘tish mashqlari bajarildi. Bunda yakkalik va jamoaviy harakat olib borishga alohida e’tibor qaratildi.
Shundan so‘ng harbiy xizmatchilar mushaklar va matonatni toblaydigan, o‘ziga bo‘lgan ishonchni orttirishga xizmat qiladigan, bir-biridan murakkab jismoniy mashqlarni bajardi. Albatta, bunda komandirlar tajribasi va ko‘rsatmalari muhim ahamiyat kasb etadi. Shu bois, bajarilayotgan har bir vazifa ular tomonidan muntazam kuzatib borildi.
Mashg‘ulot davomida yurt o‘g‘lonlariga yuklatilgan vazifa a’lo darajada ado etildi, to‘siqlar ortda qoldi. Lekin u bergan navbatdagi ko‘nikma va tajriba yigitlar bilan birga.

Islomjon QO‘CHQOROV,
«Vatanparvar»