Gap aholi orasida ommalashgan yurak-qon tomir, qandli diabet, insulьt, saraton va boshqa kasalliklar ustida bormoqda. Ba’zilar bunday ahvolga hozirgi turmushning tashvishlari, muhitning tobora kuchayib borayotgan hissiyotli ta’siri sabab, desa, ayrimlar hammasi noto‘g‘ri ovqatlanish tufayli, deb isbotlashga urinadi. Ko‘pchilik tadqiqotchilar xastalikning haqiqiy sababi kam harakat hayot tarzi, degan xulosaga kelmoqdalar.
Yuz yil muqaddam inson kerakli ishning 95 foizini o‘z kuchi bilan bajargan bo‘lsa, hozir ana shu hajmdagi ishni mashinalar uddalayapti. Odam organizmining 35-40 foizi muskuldan tashkil topganini va deyarli hamma boshqa sistemalar muskullarni harakatga keltirish uchun xizmat qilishini nazarda tutsak, ahvol ravshanlashadi.
Buyuk vatandoshimiz Abu Ali ibn Sino «Birinchi jismoniy mashqlar, undan keyin to‘g‘ri ovqatlanish tartibi va uyqu», deb belgilagan. U shunday yozadi: «Me’yorida va o‘z vaqtida jismoniy mashqlar bilan shug‘ullanadigan inson hech qanday davolashga muhtoj emas!» Faylasuf Mirzo Bedil ta’biri bilan aytganda, «Ruh va aql qal’asini egallash uchun jismoniy tarbiya bilan shug‘ullanib turish lozimdir».
Rossiyalik mashhur kardiojarroh, akademik Leo Bokeriya shogirdlarining: «Biz ertalab va kechqurun piyoda ishga borib kelsak, shuning o‘zi jismoniy mashqning o‘rnini qoplaydimi?», degan savoliga «Yo‘q, ishga shoshib borasiz va uyga shoshib qaytasiz, bunda inson ongi ishtirok etmaydi», deb javob bergan. Ongli mashqlar va harakatlar orqali ko‘p kishilar bedavo dardlardan butunlay xalos bo‘lganiga misollar ko‘p.
Birorta dori jismoniy tarbiya o‘rnini bosolmaydi. Aviatsiya dvigatellari sohasida yirik mutaxassis­konstruktor, rossiyalik akademik Aleksandr Mikulin 50 yoshida yurak infarktiga chalinadi. Shunda u hayotining sanoqli kunlari qolganini biladi. Jahonga mashhur «MIG» va «TU» singari zamonaviy samolyotlarni havoga ko‘tara oladigan dvigatellar yasagan va ularning xizmat qilish muddatlarini kashf etgan olim o‘z tanasidagi «dvigatelь» (yurak)ning xizmat qilish muddatini cho‘zish haqida o‘ylamaganidan afsuslanadi. Uzoq umr ko‘rganlar tajribasidan kelib chiqib, yurak 50 yilda o‘z faoliyat muddatini tugatmasligi kerak, degan xulosaga keladi. Hali kasalxonadaligidayoq inson qon aylanish tizimi va yurakning ishlash mexanizmini o‘rganishga qaror qiladi.
Mikulin sog‘lomlashtirish harakatining birinchi tashabbuskorlaridan biri bo‘lgan. U muhim sog‘lomlashtiruvchi tadbir sifatida piyoda yurish va yugurishning evolyutsion mohiyatini ochishga harakat qiladi. Harakatlar ichida piyoda sayr qilish, sakrash, yugurish va otda yurishning sog‘liq uchun foydali ekanini ta’kidlaydi.
Aleksandr Mikulin infarktdan keyin ham 40 yil umr ko‘rib, 90 yoshida olamdan o‘tgan. Inson faol harakat qilib turmasa, yuksak mehnat faoliyatiga ega bo‘lishi mumkin emas. Harakat faolligi kuniga 8-10 kilometrni tashkil qilishi lozim. Kam harakatlilik semirib ketishga, qonda xolesterin miqdorining oshishiga, bo‘g‘imlarda tuz moddalari cho‘kishiga va umrning qisqarishiga olib keladi.
Yuqumli bo‘lmagan kasalliklarning oldini olishda tamakidan voz kechish, spirtli ichimliklarni ichmaslik va bemorning ishtiroki talab qilinadi. Bemorning o‘zi shifokorga yordam berishi kerak. Umrining oxirigacha o‘zidagi bor kuch-quvvat bilan sog‘lom hayot tarziga amal qilib yashagandagina har qanday kasallikni engish mumkin.

O‘ktam NURULLAEV,

Samarqand harbiy gospitali infektsionisti, oliy toifali shifokor